Said Ja'far G'oziy ziyoratgohi. Chinoz shahri markazida joylashgan. Said Ja'far milodiy 835 yilda hozirgi Turkiyaning Muloxiyat shahrida tug'ilgan. U o'z zamonasining mashhur lashkarboshisi hamda etuk oilmi bo'lgan. 870 yilda O'rta osiyoga kelgan va shu erda shahid bo'lgan. Ziyoratgoh mustaqillik yillarida obodonlashtirilgan.
Imom Sulton ziyoratgohi. Niyozboshi qishloq fuqarolar yig'ini Madaniyat mahallasi 4-5 bo'lim hududlarida joylashgan maqbara va masjiddan iborat majmua. Rivoyatlarga ko'ra imom Sulton Muhammad (s.a.v) avlodlaridan bo'lgan. XIV asrda qabr aniqlanib unga Toshkent shahridagi Xonto'raxon eshonnnig tavsiyasi bilan maqbara qurilgan.
“Mulla Bo'ta Qozi” majmuasi ziyoratgohi. Mustaqillik yillarida e'tibor berilgan Mulla Bo'ta qozi nomi bilan yuritib kelinayotgan majmua viloyatning XX asr boshlaridagi ziyo maskanlaridan biri hisoblanadi. Hozirda “Mulla Bo'ta Qozi” majmuasi Piskent tumanining Muratali qishloq fuqarolar yig'ini hududidada joylashgan. U darvozaxona, hujra, darsxona va masjiddan iborat. Majmua 1901-1903 yillarda Eshonqul o'g'li Bo'ta tomonidan qurilganligi aniqlandi. Bu haqda madrasa pasportida quyidagicha yozilgan:
Madrasaning 22 hujrasi bo'lib, unga 1 ta yozlik peshayvon va qishlik xonaqolardan iborat masjid qo'shib qurilgan. Masjid binosining balandligi 5 metr, madrasa hujralarning balandligi 2,80 – 3 metr atrofida. Majmua hududi 0,36 ga bo'lib, shundan masjid binosi 0,03 ga, madrasa binosi 0,10 ga joyni egallagan, bino hozirgacha saqlanib qolgan. Mulla Bo'ta Qozi madrasasi madrasa sifatida 1903 yildan 1927 yilgacha faoliyat ko'rsatgan. Bu orada madrasadan ko'plab ziyolilar etishib chiqqan. Mulla Bo'ta Qozi xalqni ziyoli, ma'rifatli qilib tarbiyalash maqsadida qo'shni viloyatlarga borib etuk mudarrislarni olib kelgan. Masalan, andijonlik Abdurahmon qori “Qur'on tilovati” darsidan saboq bergan. Ayni paytda bu kishining farzand va nabiralari Murotali qishlog'ida istiqomat qilishadi. Chinpo'lat, Xudoyberdi qorilar, shuningdek Otaboy o'g'li Mulla Jo'ra, Mulla Abdurahmon, Mulla Otaboy kabi murattab qorilar madrasa bitiruvchilaridandir. Ular madrasada olgan bilmlari bilan xalq xizmatida bo'lganlar. Tojiddin o'g'li Otaboy Piskent tumanidagi “Piskent” jome' masjidida 30 yildan ortiq vaqt davomida xizmat qilib kelgan. Xudoyberdi qori xalq orasida “Xudoyberdi bulbul” nomi bilan tilga olingan. 1927-1932 yillarda madrasa shifoxonaga aylantirilgan. Shifoxona davrida masjidning yozgi ayvoni devor bilan yopilgan. Shift qismi 2.80 m balandlikda faner bilan yopilgan. Hujralar palata vazifasini bajargan. Shuningdek, 1932-1973 yillarda majmua o'rta maktab, 1973-1988 yillarda yana shifoxonaga aylantirilgan. 1988-1990 yillar orasida Mulla Bo'ta Qozining farzandlari va nabiralari tashabbusi bilan majmua qayta ta'mirlangan. Shu yillardan “Mulla Bo'ta Qozi” masjidi sifatida ish faoliyatini boshlagan. Hozirda ushbu dargoh Piskent tumanidagi rasmiy jome' masjidlarning biri sifatida faoliyat yuritmoqda. “Mulla”, “Qozi” degan sharafli nomga sazovor bo'lgan Eshonqul o'g'li Mulla Bo'ta Qozi 1870 yilda Piskent tumani Murotali qishlog'ida tavallud topgan. Tabiatan aql idrokli, ziyrak, o'tkir zehnli bo'lgan. Bilimga chanqoq, ilm-fanni o'rganishga havasi kuchli bo'lib, diniy bilimlarni juda puxta o'rgangan. Ijtimoiy siyosiy hayotda muhim o'rin tutgan. Uning “Mulla” deb atalishidan bilimli inson bo'lganini “Qozi” unvonidan amaldor bo'lganini bilish mumkin.
Mulla Bo'ta Qozi o'ziga tegishli 300 ga erida paxtachilik, chorvachilik, bog'dorchilik bilan shug'ullangan. Bundan tashqari unga tegishli 2 ta g'isht ishlab chiqarish zavodi bo'lgan. U taxminan 1911-1913 yillarda karvonsaroy qurdirgan. Karvonsaroy Toshkent-Xo'jand savdo yo'li orqali yuruvchi savdogarlar va yo'lovchilarga xizmat qilgan. U erda Mulla Bo'taning ish yuritish idorasi ham bo'lgan. Karvonsaroy 1927 yilgacha faoliyat ko'rsatgan. Keyinchalik ombor, traktor parki vazifalarini bajargan. So'nggi marta kolxoz idorasiga aylantirilgan. 1994 yilda karvonsaroy yonib ketgan, hozirda saqlanib qolmagan. 1927 yilda Farg'ona vodiysiga surgun qilingan, mol mulki musodara qilingan. 1932 yilda Piskentning Qirqqizobod qishlog'iga qaytib kelgan. 1934 yilda vafot etgan, Qirqqizobod qabristonida dafn qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |