Koʻzda tutilayotgan daromadlar va asosiy foizlar darajasi;
Muassislarning zarur hollarda qoʻshimcha kapitallar kirita
olish qobiliyati va boshqalar.
Faoliyat koʻrsatayotgan banklar ustav kapitaliga talablar iqtisodiy ahvol va bankning moliyaviy holatidan kelib chiqib markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Bank ustav kapitali miqdorini oʻzgarishi va oʻzgarishni roʻyxatga olish tartibi Markaziy bank tomonidan tartibga solinadi.
Jalb qilingan mablag’lar. Jalb qilingan mablag’lar aktiv operasiyalarni, avvalo kredit operasiyalarini amalga oshirish uchun pul resurslariga boʻlgan ehtiyojni qoplaydi. Ularning roli juda katta boʻlib, bank resurslarining 70% dan ortig’ini tashkil qiladi. Yuridik va jismoniy shaxslarning vaqtinchalik boʻsh mablag’laridan foydalanish orqali, tijorat banklari ular yordamida xalq xoʻjaligining va aholining qoʻshimcha aylanma mablag’larga boʻlgan ehtiyojini qondiradi, pullarni kapitalga aylanishiga yordam beradi.
Banklarning mablag’larni jalb qilish imkoniyatlari chegaralangan boʻlib, barcha mamlakatlarda bu jarayon Markaziy bank tomonidan tartibga solinib turadi. Jalb qilingan mablag’lar tijorat banklari kredit resurslarining asosiy qismini tashkil qiladi.
Hozirgi kunda banklar amaliyotida mavjud me’yoriy hujjatlariga asosan:
davlat ixtisoslashtirilgan banklar bazasida tashkil topgan tijorat banklari uchun jalb qilinadigan mablag’lar hajmi oʻz kapitalining 25 barobaridan oshmasligi kerak;
yopiq turdagi aksioner banklar uchun 20 barobardan oshmasligi;
ochiq turdagi aksioner banklar uchun 15 barobardan oshmasligi kerak.
Banklar jalb qiladigan mablag’lar tarkibi turlicha boʻladi. Ularning asosiy turlariga quyidagilar kiradi:
bank mijozlar bilan ishlash jarayonida jalb qilgan mablag’lar (depozitlar),
oʻz qarz majburiyatlarini chiqarish yoʻli bilan mablag’larni toʻplash (depozit va jamg’arma sertifikatlarini,
veksellar, obligasiyalar va banklararo kredit vositasida boshqa kredit tashkilotlaridan olinadigan va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan olinadigan ssuda mablag’lari va boshqalar kiradi.
Xalqaro bank amaliyotida jalb qilingan resurslar ularni yig’ish usuliga qarab quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
depozitlar;
nodepozit resurslar.
Jalb qilingan mablag’larni asosiy qismini depozitlar tashkil qiladi.