7. Transport vositalarini shina izlari orqali
identifikatsiya qilish usuli
Trasologik aynanlashtirish ekspertizasining umumiy prinsiplariga
binoan, mazkur tekshiruvda to‘rt bosqich ajratiladi:
1. Dastlabki tadqiqot.
2. Batafsil tadqiqot, u ham uch bosqichni o‘z ichiga oladi:
– alohida tadqiqot;
– eksperimental tajriba;
– taqqoslash tadqiqoti.
3. Tadqiqot natijalarini baholash va xulosalar chiqarish.
4. Tadqiqot materiallarini rasmiylashtirish.
Dastlabki tadqiqot. Ekspertiza tayinlash to‘g‘risida qaror va
tekshirilishi shart bo‘lgan obyektlarni olganidan so‘ng, ekspert, eng
avvalo, berilgan savollarga aniqlik kiritadi, qarorda ko‘rsatilgan obyektlar
bilan olib kelingan obyektlarning birxilligiga ishonch hosil qiladi. Shina
izlarini ekspertiza qilishni muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirish, ekspert
tomonidan hodisa tafsilotlarini qay tarzda bilishga bog‘liq. Birinchi
78
navbatda, iz hosil bo‘lish shartlari va mexanizmlari, izlarni olib qo‘yish va
izlarni qayd qilish shartlarini bilish zarur.
Iz hosil bo‘lish sharoitini o‘rganishda ekspert iz hosil bo‘lgan
yuzaning xususiyatlarini aniqlashi, transport vositasiga yuk ortilgan-
ortilmaganligini, shinalarga bo‘lgan bosim o‘zgarganligini bilishi zarur.
Bunda iz hosil bo‘lgan vaqtdan boshlab, g‘ildirak yoki eksperimental
nusxalarni olishgacha o‘tgan davr hamda mazkur vaqt ichida shina
surunkali ravishda ishlatilganmi, ta’mirlanganmi aniqlanishi zarur.
Shinaning dastlabki tadqiqoti uning asosiy konstruktiv elementlarini
o‘rganishga yo‘naltirilgan (naqshining turi, qadami yoki yugurish
yo‘lagining kengligi, umumiy o‘lchami va hokazo) bo‘lishi, shuningdek
uning turi va rusumi aniqlanishi shart.
Shuningdek, ekspert tadqiqot uchun taqdim etilgan izlarning nusxalari
bilan tanishadi, birkalardagi yozuvlarni o‘qiydi, nusxalarning sifati va
sonini aniqlaydi. Izlarning fotosuratlari taqdim etilganida, ularning
aniqligi, masshtabli suratga tushirish qoidalariga rioya etilganini
tekshirishi zarur.
Ekspertizaning birinchi bosqichi masshtabli fotosuratga tushirish va
reja tuzish bilan tugatiladi.
Batafsil tadqiqot. Mazkur bosqichda alohida tekshirish bosqichi eng
ko‘p mehnat talab qiladigan bosqich hisoblanadi. Mazkur bosqichning
asosiy vazifasi identifikatsion belgilarni aniqlash va o‘rganish hamda
ularni kelgusida tahlil qilish hisoblanadi.
Har qanday identifikatsion tekshiruvdagi kabi avval iz qoldirgan
shinaning guruhiy tegishliligi aniqlanadi. Bu maqsadda shina modelini
aniqlashga imkon beradigan izda aks etgan asosiy belgilar o‘rganiladi
(umumiy o‘lchami, yugurish yo‘lagining kengligi va qadami, protektor
naqshi va undagi alohida elementlarning o‘lchamlari va hokazo).
Identifikatsiya qilinayotgan obyektda aniqlangan umumiy belgilarning
tekshirilayotgan umumiy belgilar bilan mos kelmasligi ekspertga
o‘xshashlik yo‘qligi to‘g‘risida xulosa chiqarishga imkon beradi. Basharti
umumiy belgilarni taqqoslash natijalari tekshirilayotgan shinani hisobdan
chiqarishga imkon bermasa, xususiy belgilarni tekshirishga o‘tiladi. Bu
maqsadda izda aks etgan shinaning individual xususiyatlari ajratiladi (iz
sirtidagi bo‘yalmay qolgan joylar, qolipdagi botiq va bo‘rtiq joylar), ular-
ning shakllari, o‘lchamlari, yugurish yo‘lagi qirralariga nisbatan va o‘zaro
joylashishi. Shundan so‘ng, aniqlangan belgilar alohidaligi va yetarliligi
nuqtai nazaridan baholanadi, bu o‘z navbatida izning kelgusida tahlil qilish
uchun tegishliligi masalasini hal qiladi.
79
Shunday qilib, taqqoslash obyekti sifatida yuborilgan shina yoki
eksperimental izlar tekshiriladi. Mazkur bosqichda aniq ifodalangan
umumiy va eng yaqqol xususiy belgilar taqqoslanadi. Ular orasidagi
o‘xshashlikning yo‘qligi tadqiqotning tugatish uchun asos bo‘ladi.
Ko‘rsatilgan belgilar mos kelganda, iz qoldirilgan yugurish yo‘lagi
maydonining lokalizatsiyasiga kirishiladi. Izlashning eng oddiy usullaridan
biri — shina yuzasini bir nechta qismlarga bo‘lish va ularni ketma-ket
o‘rganishdan iborat.
Kelgusida lokalizatsiya maydonini batafsil tekshirish relyef
xususiyatlari aniqlash bilan birga, ularning kelib chiqishini aniqlashning
imkonini beradi (ishlab chiqarish, ekspluatatsiya va ta’mirlash natijasida).
Mazkur xususiyatlar ularning konfigurasiyasi, o‘lchami, joylashish joyi va
o‘zaro joylashishi nuqtai nazaridan o‘rganish hamda baholash imkonini
beradi. Xulosada tekshirilayotgan shinaning identifikatsion tahlili amalga
oshiriladi va uning kelgusida tekshirish uchun tegishlilik masalasi hal
qilinadi.
Ekspert tajribalari. Mazkur bosqichning asosiy vazifasi iz hosil bo‘lish
mexanizmi, belgilarning aks etish turg‘unligini tekshirish va taqqoslash
uchun namunalar olishdan iborat bo‘ladi. Eksperiment o‘tkazish iz hosil
bo‘lish vaqtiga maksimal yaqinlashtirilgan sharoitlar yaratish va shinadagi
individual xususiyatlarning aks etishini to‘la va aniq o‘rganishga imkon
beruvchi jihatlarini o‘rganishdan iboratdir. Bu maqsadda u loy va kirdan
yaxshilab tozalanishi zarur. Eksperimental yuzaki izlar qalin qog‘oz
to‘shalgan tekis maydonda olinadi. Shinaning yugurish yo‘lagiga avvaldan
tipografiya bo‘yog‘i surtiladi, keyin shinaning butun izining (agar iz hosil
qilgan shina yuzasi aniqlanmagan bo‘lsa), aksincha aniqlangan bo‘lsa,
muayyan yuzasining ikkitagacha ottiskasi (izi) olinadi. Gipsli qolip olish
ehtiyoji yuzaga kelsa, yumshoq namlangan grunt ishlatiladi.
Shu bilan birga, ekspert tomonidan laboratoriya sharoitida olingan
eksperimental izlar hamma vaqt ham nusxalarni taqqoslash uchun
qo‘yiladigan talablarga javob bermaydi, chunki, iz hosil bo‘lish vaqtida
shinadagi havo bosimini hisobga olish imkoniyati bo‘lmaydi. Shu bois,
zarur hollarda ekspert tajriba-sinovi tergov qilinayotgan hodisa yuz bergan
sharoitga o‘xshash sharoitda amalga oshiriladi.
Taqqoslash tadqiqotlari ko‘rib chiqilayotgan bosqichning eng muhim
bosqichlaridan biri hisoblanadi.
Obyekt belgilarini taqqoslash usuli pokrishka protektorining nusxasini
bevosita eksperimental iz bilan solishtirishdan iborat bo‘ladi. Avval bir xil
umumiy izlar, so‘ngra alohida xususiy izlar solishtiriladi. Ular shakli,
80
o‘lchami, joylashishi va o‘zaro joylashishi nuqtai nazaridan tekshiriladi.
Bunda sanab o‘tilgan belgilarning shinaning elastikligi va turli xil iz hosil
bo‘lish sharoitida bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatoliklar hisobga olinishi
kerak. Taqqoslashda geometrik shakllar qurish tamoyilidan ham
foydalanish mumkin bo‘lib, u quyidagilardan iborat: o‘xshash alomatlar
to‘g‘ri chiziq bilan birlashtiriladi, shundan so‘ng olingan geometrik
shakllar solishtiriladi (ularning shakllari, tomonlarining o‘lchamlari, to-
monlari orasidagi burchaklar).
Shuningdek, fotosuratga bevosita chop etiladigan yoki taqqoslash
tahlili vaqtida tasvirning ustiga qoplash uchun koordinata jadvali ham
ishlatiladi.
Tasvirlardagi belgilarni ustma-ust tushirish usuli asosan dinamik
izlarni solishtirish uchun ishlatiladi.
Tasvirlarni ustma-ust tushirish izlar (ularning belgilari) bir xil
kattalikka ega yoki ularni hosil qilgan obyektlarga o‘xshash bo‘lgandagina
samarali bo‘lishi mumkin. Amaliyotda transport dinamik izlarining
mukammal tarzda akslanishini kamdan-kam uchragani bois, ustma-ust
tushirish usullari odatda qo‘llanilmaydi.
Tadqiqot natijalarini baholash va xulosalar chiqarish. Trasologik
ekspertizaning umumiy qoidalardan kelib chiqqan holda izlarni alohida,
eng asosiysi – taqqoslash tadqiqotlari nafaqat obyektlar belgilari, balki iz
hosil bo‘lish mexanizmining xususiyatlarini hisobga olgan holda ham
amalga oshiriladi.
Identifikatsiyalash (aynanlashtirish) tadqiqoti jarayonida ekspert
odatda belgilarning to‘laligicha mos kelishini aniqlashni o‘z oldiga maqsad
qilib qo‘ymaydi. Aksincha, izlar orasidagi o‘xshashlik bilan birga, bir
qator farqlar ham uchrab turadiki, bunda iz belgilarini baholash ketma-
ketligi to‘g‘risidagi masala yuzaga keladi. Amaliyotning ko‘rsatishicha,
tadqiqotni o‘zaro farq qiluvchi belgilarning identifikatsion ahamiyatini
aniqlashdan boshlash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ekspertda ular iz
shaklining o‘zgarishi yoki aynan bir xil belgining turlicha akslanish
sharoiti natijasida yuzaga kelganmi yoki bu umuman turli belgilarning
akslanishimi, degan savol tug‘iladi. Agar farqlar odatiy bo‘lsa va umumiy
belgilar o‘zaro mos kelmasa, aksincha, umumiy belgilar o‘zaro mos kelsa-
da, xususiy belgilar o‘zaro mos kelmasa, o‘xshashlik yo‘qligi to‘g‘risida
xulosa chiqarishga to‘g‘ri keladi. Bunda obyektning deformatsiyalanishi
natijasida yuzaga keladigan va obyekt belgilarining buzilishiga sabab
bo‘ladigan yanglish (soxta) farqlardan o‘zaro ajralib turuvchi belgilarni
farqlash kerak. Buni hisobga olgan holda, ekspert buzilishlarga muayyan
81
barqarorlik bilan tavsiflanuvchi belgilar, masalan, belgi xususiyatlarining
o‘zaro joylashishiga asoslanib, farqlarga baho berishi kerak bo‘ladi.
Belgilar orasidagi farqlarni o‘rgangandan so‘ng, ekspert o‘zaro mos
keladigan belgilarga baho berishga o‘tadi. Ular o‘zaro bir-biriga mos
keladigan belgilar majmuining yetarliligi, barqarorligi, individualligi
nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi.
Belgilar majmuining yetarliligi ularning identifikatsion ahamiyatliligi
(belgilarning uchrashish chastotasi) va miqdori bilan belgilanadi. Bunda
belgilarning alohida va bir-biriga nisbatan joylashishi eng muhim
ahamiyatga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, shinadagi qismlar shakllari va
o‘lchamlari jiddiy o‘zgarishga uchrashi mumkin.
Aks etgan belgilarning barqarorlik darajasini baholash xulosalar
ishonchliligi ortishiga imkon beruvchi muhim omil hisoblanadi. Masalan,
kelib chiqishi bo‘yicha ishlab chiqarishga tegishli belgilar (oxirigacha
zichlamaslik, ulagichlarning yo‘qligi va boshq.) shinalardan foydalanish
jarayonida odatda o‘zining chuqurligini va kamdan-kam hollarda yuzadagi
shakllari va o‘lchamlarini o‘zgartiradi. Boshqacha qilib aytganda, ularning
tashqi tuzilishi shinalarni ekspluatatsiya qilish davomida yuzaga kelgan
shunga o‘xshash belgilar (yoriq, kesik va boshqalar)ga qaraganda barqaror
bo‘lib, oxirgilarining o‘zgarishi birmuncha tezroq yuzaga keladi.
Ekspert xulosasi ekspertiza davri davomida tayyorlanib, izlarni
batafsil tadqiq etish hamda o‘zaro mos keluvchi va farq qiluvchi belgilarni
miqdoriy-sifat nuqtai nazaridan tavsiflashga asoslanadi. Agar o‘xshashlik
borligi haqida xulosa chiqarilsa, ekspert u yoki bu farqlarning yuzaga
kelishi sabablarini tushuntirishi lozim. Farq borligi to‘g‘risida salbiy
xulosa chiqarilganda, qidirilayotgan obyekt to‘g‘risida barcha mavjud
axborot berilishi zarur.
Xulosa qat’iy ijobiy mazmunda quyidagicha ifodalanishi zarur:
«Hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan va gipsli quyma nusxada qayd
etilgan iz ... avtomobilning oldingi chap g‘ildiragida o‘rnatilgan .... turdagi
shina protektori tomonidan qoldirilgan”.
Qat’iy salbiy xulosada ekspert quyidagilarni qayd etadi: «Hodisa sodir
bo‘lgan joydan olingan va gipsli quyma nusxada qayd etilgan iz ....
avtomobilga o‘rnatilgan shina tomonidan hosil bo‘lmagan. Bu iz ... turdagi
shina tomonidan qoldirilgan bo‘lib, bunday shinalar .... rusumli
avtomobillarga o‘rnatiladi».
Tadqiqot materiallarini rasmiylashtirish. Tarkibiy tuzilishi bo‘yicha
ekspert xulosasi uch qismdan iborat bo‘ladi: kirish, tadqiqot va xulosalar.
Ular o‘z navbatida tadqiqotning borishi va natijalarini aks ettiradi.
82
Ish holatlari bayon etiladigan kirish qismi izlar hamda tekshirilayotgan
shina to‘g‘risida barcha mavjud ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi (bosib
o‘tilgan yo‘l uzunligi, jinoyat sodir etish va olib qo‘yish orasidagi davrda
shinani ekspluatatsiya qilishning yo‘l-iqlim sharoiti, ta’mirlash
to‘g‘risidagi ma’lumotlar va h.k.) lozim.
Xulosaning tadqiqot qismida tekshirilayotgan shina yoki uning
eksperimental nusxalari izlarining dastlabki tekshiruvi va tadqiqot
davomiyligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.
Ekspert xulosasiga ilova qilinadigan fotojadval mazmuni tadqiqot
natijalari va xulosa shakliga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar izlarning
o‘xshashligi to‘g‘risida salbiy xulosa chiqarilsa va iz qoldirgan shina
modeli aniqlansa, fotojadvalda aniqlangan shina modeli aks ettirilishi
lozim. Basharti identifikatsiya ekspertizasi davomida ijobiy javob olinsa,
fotojadvalga obyektlarning umumiy ko‘rinishi bilan birgalikda, bir-biriga
mos kelgan eng muhim detallarning kattalashtirilgan tasviri joylashtirilishi,
shina suratida mazkur izga mos keladigan yugurish yo‘lagining qismi
belgilanishi kerak.
Qattiq shinali g‘ildiraklar izlarini ekspertiza qilish pnevmatik shinalar
izlarini o‘rganish metodikasidan tubdan farq qilmaydigan uslub bo‘yicha
amalga oshiriladi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan
joylarda shina izlaridan tashqari boshqa izlar qoladi. Transport
vositasining o‘zida ham muayyan izlar yuzaga keladi.
To‘qnashish izlari buzish qurollaridan qolgan izlarni tadqiq etish
usuliga ko‘ra amalga oshiriladi. Biroq, bunda ekspertiza oldida turgan
masala avtomobilning u yoki bu qismi tomonidan qoldirilgan yagona iz
emas, to‘qnashuv natijasida yuzaga kelgan iz majmuiga ko‘ra hal qilinadi.
Shu bois, transport vositasining u yoki bu detallarini ekspertiza o‘tkazish
uchun ajratish maqsadga muvofiq emas, chunki bunda (balandlik, alohida
va o‘zaro joylashish) ular bilan bog‘liq ko‘pgina belgilar yo‘qolishi
mumkin.
Avtomobildan ajratilgan qismlar qismlarga qarab butunni aniqlash
uslubiga ko‘ra tekshiriladi. Shunga ko‘ra, jabrlanuvchi kiyimining
avtomobilda qolgan parchalari tadqiq etiladi.
Bo‘yoq va boshqa moddalarning zarralari kimyoviy va boshqa turdagi
tadqiqot qilish uchun yuboriladi.
Transport vositalarining barcha izlarini topish, qayd etish va batafsil
tekshirish qisqa muddat ichida hodisa tafsilotlarini aniqlash va jinoyat
sodir etgan shaxslarni izlab topish imkonini beradi.
83
Do'stlaringiz bilan baham: |