3. Odam tishi izlarining turlari, ularni hodisa sodir bo‘lgan joyida
aniqlash va rasmiylashtirish
Inson tishlari ularga tegishli bo‘lgan asosiy maqsad – ovqatni
chaynash uchun ishlatiladi. Bunday hollarda oziq-ovqat mahsulotlari yoki
98
oziq-ovqat bo‘lmagan sanoat mollarida tishlash (nadkus) yoki tishlab uzish
(otkus) ko‘rinishidagi izlar qoldirilishi mumkin. Ba’zida tishlar bilan
simlar tishlab uzilishi, butilka qopqoqlari ochilishi, tamg‘alar siqilishi
mumkin. Shunday holatlar bo‘lganki, tish izlari konserva bankalari,
sovun, mum, sun’iy mevalarda qoldirilgan. Ayrim hollarda tanaga jarohat
yetkazish quroli sifatida (himoyalanishda, kamdan-kam hollarda esa hujum
qilishda) qo‘llaniladi. Bunday harakat natijasida turli buyumlar va odam
tanasida tishlash (nadkus) va tishlab uzish (otkus) hamda tish bosimi va
sirg‘anish izlari qoladi.
Tish izlarining hosil bo‘lish jarayoni jag‘lar tutashganda hosil bo‘lgan
murakkab uyg‘unlashgan ish-harakat natijasida yuzaga keladi. Pastki jag‘
nafaqat vertikal, balki gorizontal yo‘nalishda yoysimon murakkab
harakatni amalga oshiradi. Oqibatda buyum siljishi va tishlar xususiy
belgilarining buzilgan noaniq izlarini o‘zida aks ettirishi mumkin.
Belgilarning aks etishi tish izlari qoldirilgan buyumning turi va sirtining
holati, shuningdek jag‘larning bosim kuchiga bog‘liq bo‘ladi.
Qoidaga ko‘ra, tishlashda ikkala jag‘ izlari, kamdan-kam hollarda bitta
jag‘ tishlarining izi qoladi. Tishlash har qanday turdagi tishlar majmui
bilan hosil qilinishi mumkin. Tishlar unchalik chuqur botmagan hollarda
oldingi tishlar to‘g‘ri chiziq shakliga ega bo‘ladi, alohida tishlar orasidagi
masofa ko‘rinib turadi, bir qator chuqurliklar ko‘rinishida tishlarning
kesish va chaynash sirtlarining individual o‘ziga xos xususiyatlarini o‘zida
aks etadi. Chuqur tishlanganda, izda tishlarning chekkalari va umumiy
kattaligi (hajmi) chaynash yuzalarining chuqurchalari va do‘ngliklari,
ularning shakli va kattaligi, shuningdek o‘zaro joylashishi to‘liqroq o‘z
aksini topadi. Ularda ham dinamik, ham statik elementlarni ko‘rish
mumkin.
Tishlab uzishda jag‘lar to‘liq qisilganda va tishlar koronkasi (shoh
qoplami) kesuvchi qirralari va chaynash yuzasi bilan buyumning bir qismi
to‘liq uzib olinganda hosil bo‘ladi. Bu sirg‘alish (dinamik) izlarni o‘z
ichiga oladi, ammo jag‘larning qisilish chizig‘i bo‘ylab bosim belgilari
(statik izlarni) aniqlash mumkin. Dinamik izlar trassalar (g‘o‘lachalar va
chuqurchalar) kabi ko‘rinishiga ega bo‘ladi. Trassalar (chuqurchalar)
soniga tishlar sirtidagi mikrorelyef, xususan, turli notekisliklar, o‘yiqlar,
yoriqlar, siniqlar va boshqalar alohida ta’sir ko‘rsatadi. Jag‘lar qisilish
chizig‘i bo‘ylab bosilishi vaqtida hosil bo‘lgan statik izlar turli botiq va
o‘yiqlar shaklida, tishlar shoh qavati (koronka) tuzilishining o‘zaro ta’sir
(kontakt) qismini aks ettiradi.
99
Mutaxassis kriminalistning vazifasi hodisa sodir bo‘lgan joyda boshqa
izlar bilan bir vaqtda, tish apparatining izlari bo‘lgan buyumlarni yaxshilab
qidirishdan iborat, ayniqsa, bu oziq-ovqat do‘konlari, savdo bazalari,
xonadonlarda o‘g‘rilik sodir etilganda, odam o‘ldirish va boshqa shu kabi
jinoyatlarda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tish izlari oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, tez eruvchan mahsulotlar
(sariyog‘, margarin, shokolad va boshqalar)da qoldirilishi mumkin.
Bu kabi buyumlardagi izlar muzlatgich, muzli quti yoki sovuq suvga
(uni vaqti-vaqti bilan almashtirib turish kerak) solinganda yaxshiroq
saqlanadi. Tez buziladigan mahsulotlar formalinning 0,5%li eritmasiga
solinadi, bu o‘z navbatida, mahsulot tashqi qatlamining tez so‘lishi va
qurishining oldini oladi.
Murda tanasida topilgan izlar, ko‘zdan kechirish bayonnomasini tuzish
va suratga tushirishdan so‘ng, alohida teri bo‘lakchalari olinib, maxsus
eritmaga solinadi. Mazkur eritma formalin (oshlovchi modda)dan farqli
ravishda izlarning o‘zgarishsiz saqlanishini ta’minlaydi.
Hodisa sodir bo‘lgan joyda izlarni qayd etish masshtabli suratga
tushirish usuli bilan rasmga olinadi, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan
kechirish bayonnomasi tuziladi, elastik polimerlar, gips yordamida
nusxalar olinadi.
Tez eruvchan buyumlardagi tish izlarini suratga tushirish ehtiyotlik
bilan amalga oshirilishi zarur, chunki ularni elektr lampalar nuridan
chiqadigan harorat yo‘q qilib yuborishi xavfi mavjud bo‘ladi. Bunday
hollarda buyum issiqlik manbaiga yaqin joylashtirilmasligi, qizdirish
lampalari kunduzgi yoritish lampalariga almashtirilishi yoki suratga
tushirish apparatini oldindan sozlab issiqlik singdiruvchi yorug‘lik
filtrlarini qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Gipsli nusxalarni yasash umum qabul qilingan usulda amalga
oshiriladi. Tez eruvchan obyektlardagi izlar modellashtirishdan avval
muzlatilishi yoki sovutilishi zarur. Polimer materiallar sifatida turli xil
stomatologik moddalar, masalan, odam tishi qolipini yasash uchun
qo‘llanadigan moddalardan foydalanish mumkin. Qoliplarni yasashda
to‘ldirgich sifatida (qurum, bo‘yovchi modda, sink oksidi)ni qo‘shish
tavsiya etiladi.
Yumshoq obyektlardan nusxa olishda oddiy va ishonarli vosita sifatida
polivinilatsetat yelim (PVA) qo‘llash mumkin. PVA yelimi bo‘yovchi
modda (gaz qurumi, qora siyoh, sink oksidi) solingan holda, yelimning
qurishiga qarab (5–10 daqiqa) qatlam-qatlam qilib surtiladi. Tirik odam
badanidan qolip olish uchun gips qo‘llaniladi.
100
Obyektlarni ekspert tadqiqotiga tayyorlashda tish apparatini
modellashtirish keng qo‘llaniladi. Tekshirilayotgan shaxslar jag‘ qolipini
yasash tergovchining topshirig‘iga ko‘ra stomatolog shifokorlar, tish
yasovchi texniklar tomonidan amalga oshiriladi. Odatda, qoliplar gipsdan
yasaladi. Ko‘pincha, qoliplarni tez eruvchan metalldan yasash maqsadga
muvofiq bo‘lib, bu o‘z navbatida, ekspert tekshiruvlari mobaynida ulardan
ko‘p marotaba foydalanish hamda eksperimental izlarni qoldirish
usullarini tekshirishda qo‘llash imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |