Atsteklar. XIII asrda Meksikaga shimoldan atsteklar ko’chib kelganlar. Ko’l o’rtasidagi orollarda Tenochtitlan shahrini bunyod qilganlar. Orollarni dambalar bilan birlashtirishgan. Shaharni kesib o’tgan to’g’ri ko’chalar va kanallar yoqasida ibodatxonalar hamda qasrlar qurishgan. Vaqt o’tishi bilan atsteklar qo’shni qabilalarni o’zlariga bo’ysundirganlar, ularni og’ir xiroj to’lashga majbur etganlar. Atsteklar barcha zarur narsalarni o’zlariga qaram qishloqlardan olardilar. Urush vaqtlarida 150 mingga yaqin jangchidan iborat qo’shin tuzilardi. Atsteklar hunarmandchilikda katta yutuqlarga erishganlar. O’ymakor-zargarlar oltin, kumushdan bezaklar yasashgan. Javohir toshlarni mohirona tarashlaganlar. Kamalakdek tovlanuvchi tovus patlaridan gazlama va kashtalar to’qishgan. Poytaxtda oddiy atsteklar va zodagonlar uchun alohida-alohida maktablar bor edi. Oddiy maktablarda dehqonchilik, hunarmandchilik va harbiy ishlar o’rgatilardi. Oliynasab bolalarga tarix, din, yozuv, o’qish, hisob, astronomiya fanlari, nazm, notiqlik san’ati o’rgatilardi. Shoirlar qasidalar, dostonlar, tabiat haqida she’rlar yozishardi. Har yili poytaxtda shoir-qo’shiqchilarning aytishuvlari o’tkazilib, g’oliblar mukofotlanardi.
Inklar. Inklar davlati XII asrda tashkil topgan. Inklar qo’shni qabilalarni zabt etganlar. Davlat tepasida cheklanmagan hukmdor Oliy Inka turardi. Oliy Inkaning yaqin qarindoshi bo’lgan erkaklar o’zlarini "Quyosh o’g’illari" deb atashardi. Bunga inklarning quyoshni bosh xudo deb hisoblashlari sabab bo’lgan. "Quyosh o’g’illari" davlatda yuqori lavozimlarni egallaganlar. Bo’ysundirilgan davlatlar xalqlari ularga to’la itoat etib, inklar tilida gaplashishgan va inklarning qonunlari, rasmrusumlari asosida yashashgan. Aholi jamoa bo’lib yashar, har bir jamoa dehqon oilalaridan iborat edi. Hokimiyat ruxsatisiz jamoa a’zosi qishloqdan tashqariga chiqolmasdi. Ular yetishtirgan hosilning bir bo’lagi kohinlarga, ikkinchi qismi Oliy Inkaga, uchinchi qismi jamoa a’zolariga qolgan. Davlat omborlaridan jangchilar va amaldorlarga, qahatchilik yillarida esa zoriqqanlarga ham oziq-ovqat berilgan. Barcha fuqaro buyurilgan joylarda, dalada, qurilishda yoki qo’shinda xizmat qilishi kerak edi. Jangchilar va jamoat ishlariga yuborilgan odamlarning oilalarini jamoa boqardi. Ulkan mamlakatning barcha qismlari o’rtasida pochta aloqasi mavjud edi. Yo’lning ma’lum bir qismida navbatchilik qiladigan, maxsus tayyorgarlikdan o’tgan choparlar joylardan xabarlarni poytaxtga keltirib turishardi. "Quyosh o’g’illari"ning bolalari maxsus maktablarda o’qishardi. Hali yozuv yo’q paytlarda bolalar inklar dini, boshqarish tartiblari, qonunlari va urf-odatlari haqidagi ma’lumotlarni yodlab o’rganishardi. Me’morlar ibodatxonalar, qasrlar, qal’alar qurishardi. Inklarning asosiy qal’asi - Kusko baland qoyalikka qurilgan. Bu qal’a shaharlar bilan yerosti yo’llari orqali birlashtirilgan bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |