Mushoraka (sherikchilik) asosida moliyalashtirish. Islom banki boshqaruvi oʼzining bir mijoziga (savdo korxonasiga)
garov taqdim etish sharti bilan, kompaniyaning aylanma mablagʼlarga boʼlgan talabini qondirish uchun moliyaviy mablagʼ ajratilishini maʼqulladi.
Moliyalashtirish shartlariga koʼra, Bank va Mijoz kamayib boruvchi mushoraka (“Mushoraka mutanaqisa”) shartnomasi imzolaydilar. Bunda korxonaning ulushi uning sof aktivlari (yaʼni, “aktivlar-(ayruv) majburiyatlar”) qiymatiga teng boʼladi, Bank esa Mushorakaning umumiy qiymatidagi ulushiga mos boʼlgan mablagʼ taqdim etadi. Koʼrilgan foyda sheriklar oʼrtasida kelishilgan nisbatga koʼra taqsimlanadi va Bankning Mushorakadagi ulushi moliyalashtirish davomida sekin asta Mijoz tomonidan sotib olinadi (yaʼni Bankning ulushi kamayib boradi). Bankning garov talabini qondirish uchun Mijoz bankka boshqa korxonaning kafolatini taklif qiladi. Аmmo ushbu korxonaning 51% egalik ulushi Mijozga tegishli boʼlganligi sababli bunday kafolatni qabul qilish mumkinligi yuzasidan shariat hukmi bayon etilishi soʼraladi.
Ushbu masala yuzasidan shariat kengashining xulosasi:
Mushoraka shartnomasining asosiy maqsadi sherikchilik mablagʼlaridan foydalanish orqali topilgan foydani tomonlar oʼrtasida boʼlishishdan iborat. Bu tamoyil zarar koʼrilgan holatda ham amal qiladi, yaʼni zarar ham har bir sherikning Mushorakadagi ulushiga mutanosib ravishda taqsimlanishi kerak.
Shundan kelib chiqqan holda, Bank va Mijoz sherik boʼla turib, zarar koʼrilganda faqat bir taraf zararni qoplaydi deb kelishishiga ruxsat etilmaydi. Shunday ekan, Mijoz Bank tomonidan taqdim qilingan mablagʼlarni ehtimoliy zarardan kafolatlashi mumkin emas. Аmmo, zarar biror tarafning foydasiga uchinchi bir taraf tomonidan kafolatlanishiga ruxsat etiladi, ammo bunday kafolat xolisona berilgan boʼlishi, yaʼni moliyaviy yoki nomoliyaviy evazlarsiz boʼlishi va shular bilan birga Mushoraka kelishuvidan butunlay mustaqil boʼlishi kerak.
Yuqorida koʼrsatilgan holatda, kafolat berayotgan uchinchi taraf 51%ga Mushoraka shartnomasi ishtirokchisi boʼlgan Mijozga tegishli boʼlganligi uchun, shariat nuqtai nazaridan bunday kafolat joiz emas. Buning sababi shuki, kafolat taqdim qilinayotgan (bu holatda Mijoz) va kafolat berayotgan (uchinchi taraf) tomonlar oʼrtasida yirik egalik munosabatlari boʼlmasligi kerak. Zamonaviy shariat ulamolari kafolat taqdim qilinayotgan tarafning kafolat berayotgan uchinchi tomonda koʼpi bilan 50% egaligi boʼlsa kafolat qabul qilinishi mumkin deb hisoblaydilar.
Yuqoridagi qoida – kiritilgan sarmoyani yoʼqotilishini kafolatlash yuzasidan. Аmmo, agar kafolat Mushoraka kelishuvi shartlarining qasddan buzilishi, suiisteʼmol yoki loqaydlik qilinishi sababidan yuzaga keladigan zararlarni qoplash maqsadida boʼlsa, u holda mijozning oʼzidan yoki uning toʼliq yoki qisman egaligida boʼlgan tashkilotdan kafolat olishga ruxsat beriladi. Bu kabi kafolat olishga ruxsat etilishining sababi shuki, bu bilan Mushorakadagi har bir sherik Mushoraka kelishuvi shartlari suiisteʼmol qilinganligi, eʼtiborsiz qoldirilganligi yoki buzilishi sababidan yuzaga kelishi mumkin boʼlgan zararlar yuzasidan oʼz zimmasiga masʼuliyat oladi, hatto ushbu zarar uning (yaʼni tomonlardan birining) Mushorakadagi sarmoyasi ulushi miqdoridan oshib ketgan taqdirda ham.
Mushoraka va mudoraba bitimlari muayyan (asosiy) tamoyillarga asoslanadi. Toki ushbu tamoyillarga toʼliq rioya qilinar ekan, ularni qoʼllash davomida ushbu bitimlarning baʼzi jihatlari oʼzgarishining muammosi yoʼq. Keling ushbu jihatlarga oʼtishdan avval ushbu asosiy tamoyillarni koʼrib chiqaylik:
1. mushoraka va mudoraba bitimlari asosida moliyalashtirish, bu pul taqdim qilish degani emas, balki biznesda ishtirok etish, mushorakada esa shuningdek biznesdagi mol-mulk (aktivlar)da ham kiritgan samoyasiga yarasha ulushga ega boʼlish degani;
2. sarmoyador oʼzi kiritgan sarmoyaga mos ravishda biznes faoliyat doirasida koʼrilgan zaralarga ham sherik boʼlishi kerak;
3. sheriklar oʼzaro kelishgan holda foyda nisbatini kelishib olishlari mumkin va bu nisbat ularning kiritgan sarmoyasi nisbatidan farq qilishi ham mumkin. Аmmo biznesda faol ishtirok etmayotgan sherikning foydadagi ulushi uning biznesga kiritgan sarmoyasi ulushidan koʼp boʼlmasligi kerak;
4. koʼrilgan zarar sheriklar oʼrtasida ular kiritgan sarmoyaga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Islom moliyasi sohasida shariat standartlari ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va tartibga solish bilan shugʼullanuvchi yetakchi xalqaro tashkilotning 12 sonli standarti, 3.1. bandiga muvofiq Mushoraka inan (yoki Sharikat al-inan) – ikki hamkor oʼrtasidagi sherikchilik boʼlib, bunda har bir sherik muayyan mablagʼni maʼlum bir ish/loyihaga tikadi va ana shu oʼrtada shakllangan sarmoyani kelishilgan usulda tasarruf qiladi. Faoliyat davomida/natijasida olingan foyda kelishilgan nisbatda, zarar esa har bir tomonning kiritgan ulushiga mos ravishda taqsimlanadi. Koʼpchilik “mushoraka” atamasining maʼnosini tushunishadi, ammo “inan”ning maʼnosi koʼpchilikka maʼlum boʼlmasligi mumkin.
Davrimizning taniqli islom huquqshunos olimlaridan boʼlgan Vahbah Аl-Zuhayli (1932-2015) oʼzining mashhur “Islom huquqshunosligida moliyaviy amaliyotlar” (1 tom) kitobida “inan” atamasini yonma-yon chopayotgan (yoki bir aravaga qoʼshilgan) ikki otga oʼxshatadi. Zuhayliy shunday yozadi: “Ikki sherikning har biri “tizgin”ni ushlab turadi va shu orqali sherigining oʼrtadagi sarmoya/mulk ustidan mustaqil harakat qilishini cheklab turadi”. Mana shu taʼrif “Mushoraka inan”ni “Cheklangan sherikchilik” deb tasniflash toʼgʼriligini bildiradi, nazarimizda.
Sherik boʼlgan tomonlar uchun juda qulay boʼlgan ushbu turdagi sherikchilik islom iqtisodiyoti va moliyasida juda koʼp qoʼllaniladi, chunki bunda tomonlarning umumiy sarmoyadagi ulushi katta kichikligining ahamiyati yoʼq (baribir tomonlarning har biri oʼz ulushi doirasidan oʼtib sherigi ulushini tasarruf qilishi imkoniyati cheklangan). Islomdagi har qanday shartnoma/bitimda boʼlgani kabi “Mushoraka inan” ham hamkorlar oʼrtasida ixtiyoriy taklif va qabul va tegishli shartnoma imzolash orqali kuchga kiradi.
Bunday sherikchilikda muhim eʼtibor qaratilishi kerak boʼlgan yana bir muhim masala, bu oʼrtadagi sarmoya/mulkning hamkorlar tarafidan shakllantirilishidir. Bunda bir taraf mablagʼ yoki mulk kiritib ikkinchi taraf bu masalani keyinroqqa surishi toʼgʼri boʼlmaydi, shuning uchun ikkinchi taraf ham mablagʼ / mulk kiritish imkoniyati paydo boʼlguncha sherikchilik faoliyati boshlanmay turishi lozim boʼladi.
Tomonlarning ulushi pul mablagʼlari koʼrinishida ham, muayyan mulk koʼrinishida ham boʼlishi mumkin (bir guruh huquqshunoslar pul koʼrinishida boʼlgani durust deyishadi). Аgar qaysidir tomon oʼz ulushini mulk koʼrinishida kiritsa, u holda sherikchilik shartnomasi kuchga kiradigan kun ushbu mulkning bozor narxi chiqarilishi/aniqlanishi va qayd qilinishi kerak boʼladi.
Buning sabablari quyidagicha:
1. agar mulkning bozor narxi aniq boʼlmasa, u holda bu mulk bilan kiritilgan sarmoyaning qiymati (demakki tomonlardan birining ulushi) noaniq/mavhum boʼlishiga sabab boʼladi. Maʼlumki islom moliyasining eng asosiy tamoyillaridan biri mavhumlik-gʼararga yoʼl qoʼymaslikdir;
2. chunki agar sarmoya sifatida kiritilgan mulkning oʼzidan (mulk shaklida) sherikchilik maqsadlarida foydalanib boʼlmasa, u holda bu mulk sotilib oʼrtadagi sherikchilik sarmoyasini shakllantirish uchun ishlatilishi mumkin boʼlishi kerak.