Ekologik ta’lim-tarbiya xozirgi zamonning dolzarb muammosi
Ta’lim va tarbiya nazariyasi (Maktabgacha ta’lim) magistr Erjanova. S.
Respublikamizda ekologik ta’lim-tarbiyaga e’tibor kundan kunga ortib bormoqda. Bugungi kunda ma’naviyatning jamiyat hayotida tutgan o’rni, uning ijtimoiy ong, iqtisodiy tafakkurdagi o’zgarishlar, globallashuv jarayoni, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan uzviy bog’liqligi, azaliy qadriyatlarimizga yot bo’lgan buzg’unchi g’oya va mafkuralarga qarshi mustahkam to’siq ekani bilan bog’liq masalalarni o’rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Darhaqiqat, mamlakatimizda istiqlolning birinchi kunlaridan boshlab ko’pgina eng muhim va ustuvor masalalar qatori yoshlar tarbiyasiga, xususan, har tomonlama sog’lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga ham alohida e’tibor berib kelinmoqda. Muhtaram prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev ta’kidlaganlaridek, “biz uchun har doim dolzarb bo’lib kelgan yana bir o’ta muhim masala borki, unga alohida to’xtalib o’tishni zarur deb bilamamiz. U ham bo’lsa, o’sib kelayotgan yosh avlodimiz, farzandlarimiz tarbiyasi bilan bog’liqdir”.
Maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida» 2016-yil 29-dekabrdagi PQ-2707-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qarori asosida “Davlat maktabgacha ta’lim muassasasi to’g’risida Nizom”,”Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi to’g’risida Nizom”,”Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo’lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim muassasasi to’g’risida Nizom” ishlab chiqildi va amaliyotga joriy qilindi.Ushbu qaror va nizomlardan ilhomlanib biz oldimizga maktabgacha ta’lim muassasalarining tarbiyalanuvchilarini har tomonlama rivojlantirishni fiziologik o’sishini o’rganishni maqsad qilib qo’ydik.
Tarbiya va tarbiyalanganlik insonning ma’naviyatini belgilab beradi. Ma’naviyat yoshlarning parvozini ta’minlaydigan, ularning kuchiga kuch, g’ayratiga g’ayrat qo’shadigan qanot ekanini unutmagan holda, maktabgacha ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ish olib borish, ularni Vatanga muhabbat, yurt istiqloliga sadoqat ruhida tarbiyalash lozim deb bilamiz.
Farzandlarimizni yetuk, ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol etib tarbiyalashda ekologik tarbiyaning o‘ziga xos o‘rni bor. Zero, ta’lim jarayoni bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lgan ma’naviy, iqtisodiy, psixologik, texnologik taraqqiyot ta’siriga bo‘y sunadi. Bu jarayon dunyoqarashi keng, iqtidorli, erkin va sog‘lom fikrlovchi shaxslarni voyaga yetkazishning bosh omilidir. Aynan sog‘lom bola Vatani, yurti istiqboli uchun jonkuyar bo‘ladi. Tug‘ilib o‘sayotgan zaminining tabiati, ota-bobolarining azaliy merosi va madaniyatini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga intiladi. Maktabgacha yoshdagi bola ongu-shuurida qadriyatlar kurtaklarini shakllantirish, rivojlantirish, egallagan malakasini mukammallashtirish, bilimini boyitish tarbiyachilardan katta mahorat talab etadi. Ekologik ta’limning ilk vazifalarini bajarishda bolalar faoliyatining turli ko‘rinishlarini qo‘llash mumkin. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar jalb etiladigan faoliyatlar mujassam ravishda izchil tashkil etilsa, maktab ta’limiga puxta zamin tayyorlanadi. Muassasada tashkil etiladigan tasviriy faoliyat, nutq o‘stirish, matematika, badiiy adabiyot bilan tanishtirish bo‘yicha o‘yin-mashg‘ulotlar, sayr va kuzatuvlar, tevarak-atrof bilan tanishtirish, mehnat topshiriqlarini bajarish kabi faoliyatlarning barchasi ekologik ta’lim vazifalarini uyg‘unlashtirishni, bolalar bilim-tushunchalarining bir tizimli bo‘lishini ta’minlaydi. Olingan natijalardan shu narsalar ma’lum bo‘ldiki, ekologik ta’lim bo‘yicha dastur vazifalarini to‘laqonli bajarish uchun faqat tabiat bilan tanishtirish mashg‘ulotlarining o‘zi kifoya qilmaydi. Maktabgacha yoshdagi bolalarda shakllanishi zarur bo‘lgan o‘quv malakalari yetarli darajada bo‘lishi uchun ularning faoliyat turlarini nafaqat almashtirib turish, balki kompleks – uyg‘unlashtirilgan tarzda qo‘llashga e’tibor qaratish zarur. Tajribadan yana shuni xulosa qilish mumkinki, qo‘llaniladigan faoliyat qanchalik rang-barang, bir-biridan farq qiladigan bo‘lsa, bolalarning tafakkuri shunchalik faollashadi, yodlab qolish, esga tushirish, xulosa qilish va o‘z fikrini izchil, dadil bayon etishga sharoit yaratiladi. Bolalarning tabiatga oid bilim, malaka, ko‘nikmalarini ularning har qanday faoliyati davomida hosil qilish, faollashtirish, mustahkamlash mumkin. Jismoniy tarbiya va badantarbiya mashqlari, harakatli o‘yinlar, tasviriy faoliyat, badiiy adabiyot, matematik tasavvurlarni o‘stirish, tevarak-atrof bilan tanishtirish, til o‘rgatish, nutq o‘stirish, tajribalar o‘tkazish mashg‘ulotlaridan tashqari sayr, kuzatuvlar, suhbatlar jarayonida ham bu vazifa hal etilishi mumkin. Bolalarning o‘zlashtirish darajasini aniqlash uchun savol-javoblar, testlar o‘tkazilishi, topshiriq bajartirish maqsadga muvofiq. Maxsus tayyorlanadigan mitti kitobchalar mazmuniga bolalar faoliyatining turli ko‘rinishlarini mujassamlashtirgan savollar, topshiriqlarni kiritish mumkin. Bunday kitobchalar nafaqat bolalar, balki ota-onalar foydalanishi uchun ham qulay. Kitoblar kichkintoy yoshi, ta’lim vazifalari, faoliyat turlarining almashib turishini nazarda tutib tayyorlanadi. Maktabgacha yoshdagi bolalar tabiatga katta qiziqish bildirishmoqda. Ular befarq qolishlari mumkin bo’lgan ob’ekt yoki hodisa yo’q. O’qituvchining vazifasi - bu qiziqishni rivojlantirish va ularni boshqarishga, tabiat hodisalarini diqqat bilan kuzatishga, unga nisbatan faol sevgini rivojlantirishga, o’simliklar va hayvonlarga g’amxo’rlik qilishga o’rganadi
Jonli va jonsiz tabiat hodisalarini doimiy kuzatib borish, bolalar bog’chasida rivojlanayotgan tabiiy muhitni tashkil qilmasdan, maktabgacha yoshdagi bolalarning ekologik ta’limini rivojlantirmasdan maqsadga erishish mumkin emas. Bolalarni ekologik madanyatini rivojlantirishni tashkil qilish shakllari va tanishtirish usullari va uslublari juda xilma-xildir, ularning tanlovi ta’lim va tarbiyaviy vazifalarga, dasturiy materiallarga va bolalarning yoshiga, shuningdek mahalliy sharoitga va tabiiy muhitga bog’liq. Bolalikda olingan tabiat haqidagi to’g’ri fikrlar uning keyingi bilimlari, uni sevish va unga hurmat qilish uchun mustahkam asos yaratadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Nuriddinova M.I. tabiatshunoslikni o‘qitish metodikasi: (o‘quv-uslubiy qo‘llanma) – T.: Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2005. – 240 b.
2. Farberman B.L. Ilg‘or pedagogik texnologiyalar. – T.: “Fan” nashriyoti, 2000 y. – 127 b.
3. Farberman B.L. Yangi pedagogik texnologiyalar. – T.: “Fan”, 2001. –146 b.
4. Shodmonova Sh.S., Mirsagatova N.S., Ibragimova G.N., Mirsolieva M.T. Pedagogik texnologiyalar (metodik qo‘llanma). – T.: “Fan va texnologiya”, 2011 y. – 140 b. 24-33 betlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |