Aktiv va passiv nutq.
Nutq vositasi bilan bog‘lanadigan aloqada hamisha ikki yoki bir necha kishi ishtirok etadi, bulardan bittasi biron narsani yo og‘zaki, yoki yozma bayon qiluvchi kishi bo‘lsa, qolgani, yoki qolganlari shu nutqni idrok qiluvchi – eshituvchi yoki o‘quvchi kishi, yoki kishilar bo‘ladi. Shuning uchun ham nutqni aktiv nutq va passiv nutq deb ajratiladi. Biz biror narsani ifodalab, boshqa kishilarga og‘zaki yoki yozma bayon qilsak, bizning bu nutqimiz aktiv nutq deb ataladi. Aktiv nutq biror narsa gapirayotgan va yozayotgai kishining nutqidir.Shuningdek, kishi biror shaxsga maktub yozayotgan, olim maqola, kitob yozayotgan, yozuvchi o‘zining adabiy asarini yaratayotgan vaqtidagi nutq ham aktiv nutq bo‘ladi. Boshqa birovning aktiv nutqini idrok qilish va tushunish jarayoni passiv nutqdir. Gapirayotgan kishining so‘zini tinglab turgan yoki yozilgan narsani o‘qiyotgan kishi boshqa bir kishining aktiv nutqini o‘zicha takrorlagandek bo‘ladi. Masalan, o‘qituvchi darsni tushuntirib berayotganida, o‘quvchilar esa uning darsini eshitayotganlarida o‘qituvchining nutq aktiv nutq bo‘ladi, o‘quvchilarning shu nutqni idrok qilish, ya’ni tushunish jarayoni esa passiv nutq bo‘ladi. Boshqa birovning nutqini, shu nutq so‘zlanayotgan tilni o‘zimiz bilganimiz taqdirdagina bu nutqni idrok qilishimiz va o‘zlashtirishimiz mumkin. Ammo shunda ham o‘sha nutqni idrok qilishimiz hamisha bayon qilinayotgan nutqqa aynan teng va muvofiq bo‘lavermaydi. Ba’zan boshqa bir kishining nutqini tushunmaslik, bu nutqni bir tomonlama, noto‘g‘ri tushunish, so‘z illyuziyalari va boshqa shu kabilarning hosil bo‘lishiga sabab ham shudir. Passiv nutqning bu hususiyatlari idrok qilayotgan kishining aqli qay darajada yetukligiga bog‘liq bo‘ladi. Gapirayotgan kishi o‘z nutqining mazmunini va formasini shu nutqni tinglovchilarning qay darajada idrok qilishini ko‘zda tutib tuzadi. Chunonchi, o‘qituvchi o‘z nutqining o‘quvchilar qanchalik tushuna olishini nazarda tutib, so‘zlayotgan nutqini shunga qarab tuzadi. Har bir kishi passiv nutqni, aktiv nutqqa qaraganda, birmuncha oldinroq egallaydi. Yosh bola oldin kattalarning gapini tushunadigan bo‘ladi, so‘ngra o‘zi ham tilga kirib, gapira boshlaydi. Xuddi shuningdek, boshqa bir tilni o‘rganish vaqtida o‘rganilayotgan tilda aktiv nutqni egallash passiv nutqni egallashga qaraganda birmuncha keyinda qolib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |