NUTQNING O‘SIShI.
Bolalar, odatda ikki yoshga o‘tganida, o‘rta hisobda o‘n yetti-o‘n sakkiz oylik bo‘lganida aktiv nutq egallay boshlaydilar. Bolaning nutqi egallash vaqtigacha bo‘lgan davrni va shu davrdagi o‘sib borish vaqtini uning tili chiqmagan davri yoki til chiqmagan bosqich deb aytiladi. Bolaning o‘sishidagi bu davr nutqni egallashga tayyorgarlik davri bo‘ladi.
Tayyorgarlik davri.
Bola nutqi o‘sishining tayyorgarlik davrida uchta bosqich: chinqirish bosqichi (ingalash), guvrash bosqichi, til chiqa boshlash bosqichi borligini ko‘rish mumkin. Ma’lumki, chaqaloq tug‘ilgan paytdan boshlab, chinqira boshlaydi: u yig‘laydi. Chaqaloqning chinqirib yig‘lashi uning o‘zini bezovta qilayogan organik va tashqi qo‘zg‘ovchilarning ta’siriga – ochlikka, og‘riqqa, sovuqka, tagi ho‘llikka va shu kabilarga bo‘lgan reaksiyasidir. Chaqaloqlarning chinqirib yig‘lashi ularning o‘sishida ijobiy ahamiyati ham bor: chinqirib yig‘lash tufayli chaqaloqning nafas olish va nutq apparati o‘sadi va mustahkamlanadi. Shu sababli, bolalarning chaqaloqlik vaqtidagi chinqirib yig‘lashlari keyinchalik ular nutqnning o‘sishi uchun zarur shartlarning biridir. Chaqaloq ikki yo uch oylik bo‘lganida, odatdagi chinqirib yig‘lashdan tashqari «a», «u», «guv-guv», «ruv-ruv», «ga», «agu-guv», «bu» va boshqa shu kabi tovush birikmalarini chiqara boshlaydi. Bu tovushlar guvrashning boshlanishidir. Bu xil tovushlarni chaqaloq yayrab yotganida chiqaradi: chaqaloqka go‘yo o‘z nutqi apparati bilan «o‘ynashayotganidan» huzur qilgandek bo‘lib, shunday tovushlarni chiqarayotgandek ko‘rinadi. Bu vaqtda chaqaloq tovushlarga taqlid qilishni hali bilmaydi. Chaqaloqning mana shunday ayrim tovushlar chiqarishi uning nutq apparatini o‘stiradi, mustahkamlaydi, shuningdek unda bir ancha yangi tovushlar hosil bo‘ladi. Bola uch-to‘rt oylik bo‘lganida u til chiqara boshlaydi. Chaqaloqda, masalan, «buv-va», «nan-nan-nan», «gi-gi-gi», «dad-dad-da» va boshqa shu kabi tovush birikmalari paydo bo‘ladi. Bolaning til chiqarishida boshqa odamlar nutqining ta’siri sezila boshlaydi. Go‘dak tevarak-atrofdagi kishilarning nutqini eshitib, shu nutq tovush birikmalariga o‘zi anglamagan holda taqlid qila boshlaydi. Gung (kar-soqov) bolalarda ham qichqirish va guvrash bo‘ladi, lekin faqat normal bolalargina til chiqara boshlaydi. Bolalarning til chiqara boshlashi nutqning o‘sishi jarayonida tayyorgarlik rolini o‘ynaydi: til chiqara boshlash vaqtida tovushlar va bu tovushlar birikmasi hosil bo‘ladi, nutq apparati mustahkamlanadi. Bolalar yetti-sakkiz oylik bo‘lganida ularning boshqalardan eshitgan so‘zlari bilan shu so‘zlarda ifodalangan narsalar o‘rtasidagi dastlabki bog‘lanishlar ham hosil bo‘ladi. Bolalar o‘zlariga aytilgan so‘zga javoban harakat qiladilar. Masalan, «tik-tak» deyilgan vaqtda bolaning ko‘zi soatga buriladi, «aya» degan so‘zni aytganimizda bola boshini onasi tomonga buradi, Bu – passiv nutqni egallashning boshlang‘ichidir. Keyinroq bola to‘qqiz yoki o‘n oylik bo‘lganida, o‘zi og‘zidan chiqarayotgan tovushlar birikmasini ma’lum bir narsa bilan bog‘laydi. Chunonchi: bola soatga qarab «tik-tik» deb ayta boshlaydi. Bola bu tovush birikmasini taqlid yo‘li bilan aytadi, lekin shu tovush birikmalarining o‘zida aktiv nutq boshlang‘ichi borligini ko‘rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |