Zaruriyat va tasodif
falsafiy kategoriyalari narsalar va hodisalarning bir-biri
bilan har xil tipdagi aloqalarini aks ettiradi. Zaruriyat va tasodif tushunchalari
qadim zamonlardan beri faylasuflar e’tiborini o’ziga tortib keladi. Vaqt o’tishi
bilan ularning talqini o’zgargan, ayrim faylasuflar tabiatda tasodifning
mavjudligini istisno etgan bo’lsa, ayrimlar uni mutlaqlashtirgan. Masalan,
sinergetikada tasodif tushunchasi va uning o’ta murakkab tizimlar o’z-o’zini
tashkil etishidagi roli alohida, hatto ancha muhim ahamiyat kasb etadi. Zaruriyat va
tasodif kategoriyalari bir qator ilmiy yo’nalishlar: biologiya, tibbiyot,
huquqshunoslik, tarix va hokazolarda muhim metodologik ahamiyatga egadir.
Odamlar amaliy faoliyatida tasodif omili zaruriyatdan kamroq ahamiyat kasb
etmaydi. Ammo ularning dialektikasini, qarama-qarshilikka asoslangan birligini
tushunish ayniqsa muhimdir.
Zaruriyat-
bu hodisalar o’rtasidagi ularning qonuniy o’zgarishi va
rivojlanishini belgilovchi barqaror, muhim ichki aloqalar
. Zaruriyat qonun
tushunchasiga yaqin turadi, muqarrar tarzda namoyon bo’ladi. Masalan, nosoz
tormoz muqarrar tarzda avtomobil halokatiga, uning yo yaqinroqdagi narsalar, yo
harakatlanayotgan boshqa avtomobillar bilan to’qnashuviga olib keladi yoki u
piyodani urib ketishiga sabab bo’ladi.
Halokat aynan qanday yuz berishi, undan
kim jabrlanishi mumkinligi tasodif bilan bog’liq masaladir, zero yo’lda muayyan
paytda istalgan narsa va istalgan odam duch kelishi mumkin. Bu yerda zaruriyat
avtomobilning ichki holati bilan, tasodif – tashqi sharoit bilan belgilanadi
.
Zaruriyat – yuz berishi mumkin bo’lgan narsa
.
Zaruriyat – ichki xususiyatga ega
hodisa, uning sababi o’zida bo’ladi va hodisalarning ichki o’zaro aloqasidan kelib
chiqadi.
Ammo nafaqat ichki, balki tashqi zaruriyat ham mavjuddir. Masalan,
jismlarning bir-biriga ularning massasiga to’g’ri proporsional va ular o’rtasidagi
masofaga teskari proporsional bo’lgan kuch bilan tortishishi zaruriyat hisoblanadi.
Bu tashqi zaruriyatdir. Tasodif ham ichki va tashqi bo’lishi mumkin. Masalan, tirik
organizmlarning mutasiyalari tasodifiy xususiyat kasb etadi, ammo ular ichki
hodisa hisoblanadi, chunki butun organizmni qayta qurish bilan bog’liq. Xo’sh, bu
holda zaruriyat va tasodifni bir-biridan qanday farqlash mumkin?
Zaruriyat hodisaning, jarayonning mohiyatidan kelib chiqadi va mazkur
sharoitda muqarrar tarzda yuz beradi. Masalan, har qanday tirik organizmning
o’limi muqarrardir, chunki u mazkur organizmning tabiati hamda unda yuz
beruvchi ichki jarayonlar bilan belgilanadi.
Ammo dunyoda hamma narsa zaruriyat sifatida paydo bo’ladimi? Yo’q,
dunyoda tasodifiy voqyealar, hodisalar ham bor.
Tasodif – obyektlarning vujudga kelishi yoki mavjudligining muammoliligini
yoki muqarrar emasligini belgilovchi kategoriya
; soddaroq qilib aytganda
muayyan sharoitda bo’lishi ham, bo’lmasligi ham mumkin bo’lgan narsa tasodifiy
hisoblanadi
. Tasodif voqyelikning asosan tashqi sharoitlar, yuzaki, beqaror
aloqalar va mazkur hodisa uchun ikkinchi darajali omillar ta’sirida paydo
bo’luvchi holatlarini aks ettiradi. Tasodif zamirida narsaning mohiyati emas, balki
unga boshqa narsalar va hodisalarning ta’siri yotadi. Tasodif yuz berishi ham, yuz
bermasligi ham mumkin bo’lgan narsa sifatida ta’riflanadi
.
Narsalar mavjudligining zaruriyligi yoki tasodifiyligi muammosi xususida ikki
nuqtai nazar mavjud. Ularning biri zaruriyatni mutlaqlashtiradi: dunyoda hech
qanday tasodif yo’q, hamma narsa muqarrar tarzda yuz beradi. Bu nuqtai nazar
tasodifni rad etib, fatalizmga yo’l ochadi.
Fatalizm
–
taqdirga, hamma narsa
oldindan belgilanganiga bo’lgan ishonch.
Boshqa bir nuqtai nazar tasodifning
ahamiyatini oshirib ko’rsatadi. Bu yerda, aksincha, voqyelikdan har qanday ichki
bog’lanishlar, narsalarning obyektiv belgilanganligi chiqarib tashlanadi: dunyoda
faqat tasodif hukm suradi.
Ilmiy dunyoqarash birinchi nuqtai nazarni ham, ikkinchi nuqtai nazarni ham
tan olmaydi. Zaruriyat va tasodif alohida-alohida mavjud bo’lmaydi. Ularning
o’zaro aloqasi shundan iboratki, tasodif zaruriyatning namoyon bo’lish shakli
sifatida va uning to’ldiruvchisi sifatida amal qiladi. Masalan, mamlakatda amalga
oshirilayotgan islohotlar zaruriy xususiyat kasb etadi. Ularda bu islohotlarni yo’lga
soluvchi muayyan siyosiy arboblar tasodifiy element hisoblanadi.
Zaruriyat va tasodif dialektikasi ikki muhim jihatni nazarda tutadi. Birinchidan,
tasodif rivojlanish jarayonida zaruriyatga aylanishi mumkin (u yoki bu biologik
turning qonuniy belgilari avval tasodifiy og’ishlar sifatida paydo bo’ladi va
to’planib boradi, so’ngra ularning asosida tirik organizmning zaruriy sifatlari
shakllanadi). Ikkinchidan, zaruriyat son-sanoqsiz tasodiflar orqali o’ziga yo’l
ochadi. Masalan, jamiyatning rivojlanishi turli maqsadlarni ko’zlovchi, fe’l-atvori
har xil bo’lgan kishilar faoliyati bilan belgilanadi. Bu maqsadlar va intilishlarning
bog’lanishi, chatishuvi va to’qnashuvi pirovard natijada rivojlanishning zaruriy,
muqarrar xususiyatga ega bo’lgan muayyan yo’nalishiga olib keladi.
Dialektikaning barcha qonunlari va kategoriyalari kabi, zaruriyat va tasodif
obyektiv voqyelikni bilishning tayanch nuqtalari hisoblanadi. Bu kategoriyalarning
funksiyalari teng qimmatga ega emas. Bilishda tasodif doim boshlang’ich
instansiya sifatida, zaruriyat – maqsad sifatida amal qiladi. Bilish faoliyati
tasodifdan zaruriyat sari yuksalish tarzida yuz beradi. Zaruriyat va tasodif
tushunchalariga ta’rif berishda odatda imkoniyat kategoriyalariga tayanadilar. Shu
sababli u yuz berishi yoki yuz bermasligi mumkin. Zaruriyat va tasodifning
qarama-qarshiligi – ichki va tashqi narsalar qarama-qarshiligidir. Tasodif – tashqi
omillar bilan belgilanadigan aloqa tipidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |