Qisqacha xulosalar.
Joylashtirish xizmatining mazmuni shundan iboratki, birinchidan, mijozlarga maxsus xonalar (mehmonxona nomerlari) foydalanishga beriladi, ikkinchidan, ularga muayyan xizmatlar ko‘rsatiladi, bu vazifa mehmonxona xodimlari tomonidan bevosita amalga oshiriladi.
Mehmonxonalar tarmoqlarining miqdoriy o‘sishi, ularning qo‘shilishi va birlashishi (xizmat ko‘rsatish muayyan darajada standartlashtirilganligi tufayli) turistlarning barcha rang-barang talablarini qanoatlantira olmaydi. Bu, o‘z navbatida, o‘ziga xoslikka va hech kimga o‘xshamaslikka harakat qiluvchi kichik mustaqil mehmonxonalarning rivojlanishiga zamin yaratadi. Mutaxassislarning fikricha, XXI asrda aynan mana shunday, ya’ni shinam, qulay, mo‘tadil narxlarda xizmatlar ko‘rsatadigan, ishlash va dam olish uchun barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan, restoransiz (restoran mehmonxona yonida joylashgan) mehmonxonalar mehmondo‘stlik sanoatida yetakchi o‘rin egallaydi.
Amaliyot kichik mehmonxonalarning aksariyati mustaqil mehmonxonalar, ya’ni bunday mulkdan daromad oluvchi egasining erkin tasarrufida ekanligini ko‘rsatadi. Boshqarish yoki birovning xizmat ko‘rsatish belgisidan foydalanish masalalarida boshqa kompaniyalar bilan shartnoma majburiyatlarining mavjudligi korxonaning bozor munosabatlarining boshqa subyektlariga nisbatan mustaqil korxona sifatidagi maqomi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.
Xodimlar uchun xonalarni joylashtirishda ish vaqtida xodimlarning harakat yo‘nalishlarini qisqartirish zarurligidan kelib chiqish kerak. Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning xonalari ish joyidan uzoq bo‘lsa, bu qo‘shimcha quvvat sarfiga, xodimlar ko‘proq charchashiga olib keladi. Shu sababli, qavatdagi nomerlarga bevosita yaqin joyda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning bir qancha xonalari, chunonchi: xodimalarning xonalari, omborlar (toza choyshab va yostiq jildlari, sarflash materiallari, kir choyshab va yostiq jildlari, tozalash vositalari omborlari), ofitsiantlarning xonalari, axlat yig‘gich va boshqalar joylashtiriladi.
Joylashtirish xizmati nomer fondining ekspluatatsion holati hisobini yuritadi. Har bir nomerni tayyorlash va unga mijozlarni joylashtirishning kundalik tafsilotlariga quyidagilar kiradi: nomer mijozni joylashtirishga tayyorlangan payt; mijozlar kelgan va ketgan paytlar; mijozlarning familiyasi, ismi, otasining ismi; nomer bo‘sh qolgan soatlar; yashash narxi va summasi; qo‘shimcha xizmatlar narxi va ularga haq to‘lash; bronga qo‘yish vaqti, nomer ta’mirlashda, sanitariya ishlovi berishda bo‘lgan vaqt.
Gastronomik tur xizmat sifatida nafaqat sayohat qilish bo‘lib hisoblanadi, balki dunyoning boshqa biror joyida takrorlanmaydigan va betakror ta’mga ega bo‘lgan masalliqlardan tarkib topgan ma’lum bir hududdagina uchrovchi taomlarni tatib ko‘rishga qaratilgan tadbirlar majmuiga kiradi.
Ovqatlanishning turlari bu ertalabki nonushta, yarim pansion, to‘liq pansion doimo turistik xizmatlar ko‘rsatish tarkibida belgilangan bo‘ladi. Yarim pansionda (ikki marta ovqatlanish) ertalabki nonushta va tushlik yoki kechki ovqat nazarda tutilgan bo‘ladi. Pansion – bu uch martalik ovqatlanishdir. Qimmatbaho xizmat ko‘rsatish variantlarida butun kun davomida va hattoki tunda istalgan vaqtda va istalgan miqdorda ovqatlanish hamda ichimliklar (spirtli ichimliklarni ham qo‘shib hisoblaganda) ichish imkoniyati nazarda tutilishi mumkin.
Dunyo bo‘yicha ovqatlanish korxonalarining yagona tasniflari mavjud emas. Lekin, shunga qaramasdan ko‘p mamlakatlarda ommaviy tarqalgan ma’lum bir ko‘rinishdagi (tipdagi) ovqatlanish korxonalari ajratilib ko‘rsatiladi. Milliy oshxonaga ega bo‘lgan restoranlar ham mavjud bo‘lib, ular italyancha, xitoycha, grekcha, turkcha, inglizcha, amerikacha, hindcha, fransuzcha, nemischa kabi restoranlar bilan mashhur. Ularning ayrimlari narxlarining juda arzonligi bilan ajralib tursa, ayrimlari esa qimmatliligi bilan ajralib turadi.
Turizm industriyasi ishlab chiqadigan turistik mahsulot, xizmatlar va tovarlarning tarkibi ancha katta va rang-barang majmuani o‘z ichiga qamrab oladi. Bu mahsulotdan kishilar sayohat qilishda, shuningdek, turizm doirasida dam olish, xordiq chiqarish, davolanish, o‘z bilim va kasbiy darajasini oshirishda foydalanishlari mumkin. Bunda turistik mahsulotning asosiy tarkibiy qismiga kiruvchi transport xizmatlari jami xizmatlarning 27 % ini tashkil qiladi. Yo‘lovchilarni, shu jumladan, turistlarni tashish har xil transport turlarida, chunonchi: havo, yer usti, suv transportida amalga oshiriladi. Turistik tashuvlar uchun transport turlarining ommaviyligi yoki talab etilish darajasi mamlakatning jo‘g‘rofiy o‘rni va iqlim sharoitlariga, iqtisodiy rivojlanish darajasiga, milliy an’analariga, odamlarning ijtimoiy holati va turmush darajasiga hamda boshqa omillarga bog‘liq bo‘ladi.
Transport tizimlarining barcha turlari yagona maqsadni-tashish xizmatlarini ko‘rsatishda sayohatchilarning ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni amalga oshiradi.
Turistlarga transport xizmatlarini ko‘rsatish, turistlarni va ularning yuklarini bir joydan ikkinchi joyga mumkin qadar tez va qulay sharoitlarda tashish uchun mo‘ljallangan xizmatlar majmui, deb ta’riflanadi
Yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash transport xizmatlari ko‘rsatishning eng muhim masalasi bo‘lib, u harakatlanadigan tarkibdan foydalanish qoidalariga rioya qilishni, transport vositalarining harakatini ta’minlovchi turli xizmatlar professional tarzda va uyushqoqlik bilan ishlashini, yo‘lovchilar ham xulq-atvor qoidalariga rioya qilishini, ekologik toza transport turlaridan foydalanishni nazarda tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |