5-MASHG’ULOT.
Tog‘ jinslarining mexanik, fizik, kimyoviy va biologik jarayonlar ta’sirida yemirilishi
Cho‘kindi hosil bo‘lish muhiti ko‘p omilli bo‘lib, unda hududning iqlimi, relefi va geotektonik tartiboti muhim ahamiyatga ega. Ulardan har birining o‘zgarishi cho‘kindi hosil bo‘lish jarayoni xususiyatlariga keskin ta’sir etadi. Demak, turli iqlim, relef va geotektonik tartibotda nurash jarayoni turlicha kechadi.
Yer yuzasida ochilib yotgan birlamchi tog‘ jinslarining havo, suv va muzlik, haroratning o‘zgarishi va boshqa tabiiy-kimyoviy hodisalar hamda organizmlar ta’sirida parchalanishiga nurash deyiladi. U nurash omillariga qarab fizik, kimyoviy va biologik nurashga bo‘linadi.
Fizik nurash haroratning keskin o‘zgarishi, suv va havo oqimlari, muzlarning harakati natijasida tog‘ jinslarining mexanik parchalanishi orqali amalga oshadi.
Tog‘ jinslarini tashkil etuvchi minerallarning issiqlikdan kengayish xususiyatlari turlicha bo‘lganligi tufayli ular haroratning keskin sutkalik o‘zgarishida turli miqdorda kengayadi va torayadi. Bu tog‘ jinslarida dastlab juda mayda darzliklar rivojlanishiga olib keladi. Darzliklarga suv singib, muzlaydi. Natijada darzliklar yanada kengayadi. Yirik kristall donali jinslarda minerallarning dezintegratsiyasi – donalarning bir-biridan ajralib ketishi sodir bo‘ladi.
Tog‘ jinslarining genetik turi, moddiy tarkibi, struktura-teksturaviy xususiyatlariga bog‘liq holda nurash turlicha kechadi. Masalan, intruziv tanalar ustida fizik nurash tufayli yirik harsanglar to‘plami hosil bo‘lishi mumkin.
Suv va havo oqimlari, urinma to‘lqinlar ham katta emirish kuchiga ega bo‘ladi. Suv oqimlarining emiruvchi kuchi relef nishabligiga bevosita bog‘liq bo‘lsa, urinma to‘lqinlarniki esa shamol energiyasi bilan belgilanadi. Quruqlikda shamol qoyali jinslarni emirib, deflatsiya va korraziyaga uchratadi.Fizik nurash natijasida tog‘ jinslari va minerallarning turli o‘lchamdagi mexanik bo‘laklari hosil bo‘ladi.
O‘z navbatida fizik nurash ikkiga: haroratli va mexanik nurashga bo‘linadi.
Haroratli nurash. Tog‘ jinslarining bir xilda isitilmasligi sababidan sodir bo‘ladi. Bunda asosan, haroratning sutkalik tebranishi katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Monomineral tog‘ jinslarining yuza qismi bilan pastki qismi o‘rtasida, polimineral tog‘ jinslarida turli qattiqlik va rangdagi minerallar o‘rtasida harorat amplitudasining ta’siridan siqilish va kengayish kuzatiladi. Natijada tog‘ jinsida darzlar paydo bo‘lib, asta-sekin parchalana boradi.
Haroratli nurash keskin kontinental arid iqlimli o‘lkalarda va arktikada kuchli kechadi.
Mexanik nurash suv va havo oqimlarining kuchi, gravitatsion jarayonlar, tog‘ jinslarining muzlashi va o‘simliklar tomiri ta’sirida emirilishidan namoyon bo‘ladi.
Shamollar ta’sirida yemirilgan tog‘ jinslarida turli-tuman g‘aroyib shakllar vujudga keladi.
Suv oqimlari ta’sirida mexanik nurash tufayli jarliklar tizimi, oqim o‘zanlari, vodiylar rivojlanadi.
Qoyali relefda bu vosita gravitatsiya kuchlari ta’sirida tog‘ jinslarini mexanik parchalab, turli shakllar va burdalangan material hisobiga kollyuviy hosil qiladi.
Suv muzlaganda o‘z hajmini 11% ga oshiradi. Natijada tog‘larning qor chizig‘idan yuqorisida, arktika, subarktika, dengiz qirg‘oqlarida sovuqdan nurash yuz beradi. Tog‘larda qurumlar, baland tog‘larning tekis yuzalarida toshloq sahrolar shu yo‘l bilan hosil bo‘lgan. Elyuviy, delyuviy, kollyuviy nurash mahsulotlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |