Gidrolizda kimyoviy birikmalar suv bilan reaksiyaga kirishib, kuchsiz kislotalar (masalan, H2CO3) yoki kuchsiz asoslar (masalan, NH4OH) hosil qiladi. Silikatli minerallarning nurashi gidroliz reaksiyasining shu turiga bog‘liq bo‘ladi.
Gidroliz reaksiyasi kechishida ajralib chiqqan kremnezyomning bir qismi H4SiO4 mahsulotlari holida emas, balki kolloidlar shaklida eritmaga o‘tadi. Kremnezyomning qolgan qismi nurash qobig‘ida mayda amorf zarrachalar kabi cho‘kmaga o‘tadi. Yuqorida keltirilgan karbonat angidrid qatnashuvi reaksiyasidan ko‘rinib turibdiki, ularning odatdagi mahsuloti bikarbonat-ion (HCO3-) bo‘ladi. Shuning uchun ham chuchuk suvlarda bikarbonat-ion ko‘p bo‘ladi.
Ion almashuv reaksiyalari gil minerallarida qatlamlararo va sirtqi ionlarining (kationlar va anionlar) eritma ionlari bilan faol almashinishida sodir bo‘ladi. Ammo ion almashuv silikatlar nurashining dastlabki bosqichida ham kechishi mumkin. Bunga yuqorida keltirilgan reaksiya tenglamasida kremniy kislota hosil qiluvchi silikatlar strukturasidagi metal kationlarining vodorod ionlari bilan o‘rin almashinishini misol qilib ko‘rsatsa bo‘ladi. Huddi shunday biotitdan gil minerallarining hosil bo‘lishida ham kechadi. Ion almashuv reaksiyasida gil minerallaridan tashqari organik moddalar va kolloidlar ham qatnashishi mumkin.
Oksidlanish - bu kimyoviy reaksiya jarayonida elektron berishdir. Faqatgina birdan ortiq oksidlanish darajasiga ega bo‘lgan besh element yuza sharoitida kechadigan oksidlanish-tiklanish reaksiyalarida faoldir. Ulardan birinchisi – kislorod ko‘plab oksidlanish jarayonlarida qatnashadi. Boshqa element – temir nurash mahsulotlariga rang beruvchi birikmalar hosil qiladi.
Sulfidlarga boy bo‘lgan cho‘kindi jinslarda temir va oltingugurtning oksidlanishi va gidratatsiyasi kuzatiladi. Temir, shuningdek boshqa metallarning suvli va suvsiz sulfatlarga o‘tishi amalga oshadi. Ikki valentli metallarning sulfatlari kislorod, suv va sulfat kislotali muhitda oksidlanadi va uch valentli metal sulfatlariga aylanadi. Bunda bir qator minerallar hosil bo‘ladi.
Sulfatli birikmalar hosil bo‘lish jarayonida sulfat kislota ham paydo bo‘ladi. Uning bir qismi ikki valentli metal sulfatlarining uch valentli sulfatlargacha oksidlanishiga sarf bo‘ladi. Ko‘p hollarda sulfatlar oson eriydigan birikmalar bo‘lib, grunt suvlari bilan eritmalar shaklida olib ketiladi. Faqat sahro va yarimsahrodagi quruq iqlim sharoitidagina metal sulfatlari nurash qobig‘ida saqlanib qoladi va to‘planadi.
Uch valentli temir sulfatlari yuqori eruvchanlikka ega bo‘lishidan tashqari turg‘un bo‘lmagan (beqaror) birikmalardir. Ular asosan gidrolizlanadi va eritmalardan temir gidrooksidlari tarzida cho‘kmaga o‘tadi.
Sulfidlarning oksidlanishidan hosil bo‘lgan sulfat kislota boshqa birikmalar, xususan karbonatlar hamda kaliy, kalsiy, natriy, magniy, alyuminiy va temirli eritmalar bilan reaksiyaga kirishib, kamroq eruvchanlikka ega bo‘lgan sulfatlar: gips, achchiqtoshlar, yarozit, alunit, alyuminit va boshqalar hosil bo‘ladi.
Shunday qilib, sulfidli tog‘ jinslarining nurash jarayonida quyidagi minerallar: temir gidrooksidlari, melanterit, gips, achchiqtoshlar, yarozit, alunit va boshqa og‘ir metallarning sulьfatlari vujudga keladi.
Sulfatlarning hosil bo‘lishi nordon muhitda (pH < 7) kechadi. Bunda karbonatlar va fosfatlar to‘la erish darajasigacha parchalanadi va sulfatlar, ba’zan kremnezyom bilan o‘rin almashinishi kuzatiladi.
Oksidlanish reaksiyasida qatnashuvchi beshinchi element – uglerod organik moddalar hisobiga vujudga keladi va karbonat angidrid hosil qiladi:
C6H12O6 + 6O2 =6CO2 + 6H2O
Ushbu reaksiya natijasida hosil bo‘lgan CO2 keyinchalik erish va gidroliz jarayonlarida qatnashadi.
Organik uglerodning oksidlanishi mikroorganizmlar (bakteriyalar) ta’sirida kechadi va reaksiya natijasida ajralib chiqqan energiyadan foydalanadi. Mikroorganizmlar temir, marganets va oltingugurtning oksidlanishida qatnashadi. Ular nurash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa reaksiyalarning ko‘pchiligida ham bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi. Lishayniklar, suvo‘tlari va moxlar nurashning faol omillari hisoblanadilar. Ular silikatli minerallardan kationlarni o‘zlashtirib olishi mumkin hamda erigan va amorf kremnezyomni siqib chiqaradi. Minerallarning parchalanishi qisman o‘simlik ildizlarida hosil bo‘ladigan organik kislotalar ta’sirida kechadi. Organik kislotalar chiriyotgan organik materiallarda bakteriyalar faoliyati tufayli hosil bo‘ladi.
Nurash muhitining nordon sharoiti dala shpatlari, slyudalar va gidroslyudaning kaolinitlashishiga va ba’zi hollarda erkin kremnezyom gidratlarining hosil bo‘lishiga olib keladi.
Xususiy holda gidratatsiya jarayoni angidridning gipsga aylanishida kuzatiladi. Temir minerallarining (gematit, gyotit, lepidokrokit va b.) gidratatsiyasida temir gidrooksidlari vujudga keladi.
Gipergenez xududida moddalarning erishi va eritma tarzida yuza va erosti suvlari bilan olib chiqib ketilishi ham muhim ahamiyatga ega. Galogenlar, sulfatlar, nitratlar oson eruvchi, karbonatlar va fosfatlar kam eruvchi birikmalar sanaladi. Bunga organik va anorganik kislotali suvlar ayniqsa faol ta’sir ko‘rsatadi.
Kimyoviy nurash bo‘shoq vulkan tuflarida jadal kechadi. Bunda ularning orasiga agresssiv suv kirib borishi uchun yuqori darajadagi g‘ovakligi va kirituvchanligi muhim ahamiyatga ega.
Kimyoviy nurash mahsulotlarini 4 guruhga bo‘lish mumkin: 1) nurash qobig‘idan chiqib ketadigan eruvchi komponentlar (Na+ Ca²+, K+, Mg²+, SO42¯, HCO3¯, Cl¯), 2) reaksiyada qatnashmaydigan birlamchi qoldiq minerallar, 3) reaksiya tufayli hosil bo‘ladigan yangi barqaror minerallar va 4) organik moddalarning parchala-nishidan vujudga keladigan organik birikmalar.
Birlamchi qoldiq minerallar bo‘lib kvars,ssirkon, magnetit, ilьmenit, rutil, granatlar, turmalin va monatsit hisoblanadi.
Nurash jarayonida kaolinit, montmorillonit, illit, xlorit, gematit, gyotit, gibbsit, byomit, diaspor, amorf kremnezyom, pirolyuzit hosil bo‘lishi mumkin.
Organik birikmalar organik kislotalardan, gumus moddalari va kerogendan iborat bo‘ladi.
Kimyoviy nurash ta’sirida nurash qobig‘i rivojlanadi. Uning qalinligi bir necha cm dan 100 m gacha boradi. Tropik va subtropiklarda nurash qobig‘i ancha qalin bo‘ladi (Janubiy Amerika, Afrika, Avstraliya, Osiyo).
Do'stlaringiz bilan baham: |