Bog'liq 5-MASHG’ULOT. mehanik kimyoviy biologik yemirirlish
Kimyoviy nurash. Suv, karbonat angidrid, kislorod, organik va anorganik kislotalar ta’sirida beqaror minerallarning o‘zgarishiga kimyoviy nurash deyiladi. Kimyoviy nurash kislotali-ishqorli va oksidlovchi-tiklovchi muhitlarda amalga oshadi.
Kislotali-ishqorli muhit suvdagi vodorod ionlarining konsentratsiyasi bilan belgilanadi. U muhitning vodorod ko‘rsatkichi (pH) deyiladi.
Kimyoviy toza suv ham oz miqdorda bo‘lsada H+ va OH- ionlariga parchalangan bo‘ladi. 22°S haroratli 1 litr suvda ushbu ionlarning konsentratsiyasi 1x10-7 gramm-ionga teng bo‘ladi. Bunday kichik miqdorni ifodalash qulay bo‘lishi uchun uning o‘nlik logarfmini teskari ishora bilan yozish qabul qilingan. Neytral muhitda pH 7,0 ga teng bo‘ladi. Bu kattalik suvli muhitning muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shuni yodda tutish lozimki, pH o‘nlik logarifmda olinganligi uchun uning 1 birlikka o‘zgarishi vodorod ionlari konsentratsiyasining o‘n martaga o‘zgarganligini bildiradi.
Neytral muhitda vodorod va gidroksil ionlarining konsentratsiyasi o‘zaro teng, ya’ni pH=ON=7,0 bo‘ladi. pH ning qiymati 7 dan kichik bo‘lsa, muhitning nordonligini, 7 dan katta bo‘lsa, aksincha, ishqoriyligini bildiradi.
Eritmaning pH ko‘rsatkichi undagi barcha kislota, tuzlar va asoslarning dissotsiatsiyasi yoki gidrolizi tufayli hosil bo‘lgan vodorod ionlarining umumiy konsentratsiyasini ifodalaydi.
Tabiiy suvlarning pH ko‘rsatkichi unda erigan karbonat angidridning umumiy miqdoriga bog‘liq. Suvda erigan CO2 kuchsiz va beqaror karbonat kislotani (H2CO3) hosil qiladi. Karbonat kislotaning dissotsiatsiyasi (H+ va HCO3-) muhitning nordonligini oshiradi.
Havoda karbonat angidridning miqdori 0,03% ga teng. Suvda u o‘nlab va yuzlab marta ko‘p erigan bo‘ladi. Karbonat kislota muhitning pH ko‘rsatkichini pasaytiradi, ya’ni uning nordonligini oshiradi. Nordon suvlar karbonatli birikmalarni eritadi va silikat asoslarini siqib chiqaradi.
Karbonat angidridning manbai bo‘lib tirik organizmlarning hayot-faoliyati, organik qoldiqlar va karbonatli birikmalarning parchalanishi va vulkanizm jarayonlari hisoblanadi. Karbonat kislotaning miqdori botqoq suvlari va torfyaniklarda yuqori bo‘ladi.
Kimyoviy nurashda sulьfidlarning oksidlanishidan hosil bo‘lgan sulьfat kislota va organik materiallarning chirishi tufayli vujudga kelgan gumin kislotalari ham katta ahamiyatga molikdir.
Oksidlovchi-tiklovchi muhit. Muhitning oksidlash yoki tiklash xususiyatlari oksidlovchi–tiklovchi imkoniyati (Eh) bilan belgilanadi. Oksidlangan moddalar kam elektronlarga ega va shuning uchun ham ular tiklangan moddalarga nisbatan yuqoriroq elektr potensialiga (imkoniyatiga) ega bo‘ladi. Muhitning Eh ko‘rsatkichi millivolьtlarda (mv) o‘lchanadi.
Tabiiy suvlarning Eh ko‘rsatkichi gaz tartiboti bilan tartibga solinadi. Yuza suvlarining Eh ko‘rsatkichi -300 mv dan +500 mv gacha o‘zgaradi. Vodorodsulьfidli il cho‘kindilarida u 0 dan past bo‘lib, - 300 mv gacha kamayadi.
Birikmaning Eh ko‘rsatkichi qancha past bo‘lsa, uning boshqa moddalarni tiklashda faolligi shuncha yuqori bo‘ladi va o‘zi oksidlanish xususiyatiga ega bo‘lgan kuchli tiklovchidir. Aksincha, Eh ko‘rsatkichi qancha yuqori bo‘lsa, u shuncha kuchli oksidlovchidir. Shu o‘rinda tiklangan moddalar oksidlovchilar bo‘lib sanaladi. Binobarin, ular oksidlash jarayonida boshqa moddalardan kislorodni biriktirib olish xususiyatiga egadir.
Neftli suvlarda tiklovchi bo‘lib vodorodsulьfid, ikki valentli temir ionlari va uglevodorodlar (neft, gaz) hisoblanadi. Neftli suvlarda Eh ko‘rsatkichi past, manfiy bo‘ladi.
Kimyoviy nurash kimyoviy jarayonlarning 5 turini: 1) erish, 2) gidroliz, 3) ion almashuv, 4) oksidlanish va 5) organik reaksiyalarni o‘z ichiga oladi.
Erish minerallarning ion yoki kolloid eritmaga o‘tishidan iborat. Ko‘plab minerallarning eruvchanligi juda past. Jins hosil qiluvchi minerallarning katta qismi kam miqdorda eriydi. Keng tarqalgan minerallar galit (NaCl) eng yuqori eruvchanlik darajasiga ega. Gipsning eruvchanligi galitnikiga qaraganda 40 marta kam. Kalьsit toza suvda yomon eriydi. Ammo kalьsitning erishi suvda erigan karbonat angidrid, ya’ni karbonat kislota evaziga amalga oshadi:
CaCO3 + H2CO3 = 2HCO3- +Ca2+.
Karbonat angidrid tabiiy suvlarga atmosferadan va organik moddalarning parchalanishidan o‘tadi. Suvda karbonat angidrid qancha ko‘p bo‘lsa, unda shuncha ko‘p kalsit eriydi. Kalsit, aragonit, magnezit va dolomitning suvda erishi o‘xshash holda kechsada, magnezit va dolomit kalsit va aragonitga nisbatan sekin eriydi.