Фодаланилган адабиётлар:
1. Бабанский Б.К. Оптимизация процесса обучения – Москва 1997 йил
2. Бошланғич таълимда дарс ва уни оптималлаштириш – КДПИ Ил.тўп.Тошкент, 1990 йил
3. Г.И. Горская, В.Г. Чурикова. Мактабда ўқув-тарбия жараёнини ташкил этиш.-Тошкент, 1990 йил
4. Каримов И.А. Юксак малакали мутахасислар-тараққиёт омили.-Тошкент: Ўзбекистон.
5. Каримов И.А. XXI аср бўсағасида: хавфсизликка таҳдид, барқарорлик шартлари ва тараққиёт кафолатлари. -Тошкент: Ўзбекистон, 1997 йил
6. Кадрларнинг тайёрлашнинг илмий дастури. – Тошкент. 1997 йил.
OLIY TA’LIM TIZIMIDA BO‘LAJAK O‘QITUVCHILAR KASBIY TAYYORGARLIGI PSIXOLOGIK MUAMMO SIFATIDA
Maqsadova Mexriniso
QarDU Psixologiya kafedrasi dotsenti +998906079922 windy.14@mail.ru
Ochilova Orasta QarDU talabasi
Annotatsiya: Mazkur maqolada o‘qituvchi kasbiy tayyorgarligining tuzilishi va psixologik tavsifi berilgan. Kasbiy tayyorgarlikning asosiy qismlari, kasbiy faoliyatda yutuqqa erishishning asosiy psixologik shart-sharoitlari o‘rganilgan va tadqiq etilgan.
Kalit so‘zlar: bo‘lajak o‘qituvchi, kasbiy tayyorgarlik, psixologik tayyorlik, professional-psixologik tayyorligi, orientir olish, aqliy bilish komponenti, undaydigan,ehtiyoj-motiv qismi, ijro etuvchilik komponenti.
Hozirgi zamon maktabi o‘qituvchilik shaxsi va kasbiy faoliyati uchun zaruriy sifat va fazilatlarni egallagan, yangicha fikrlaydigan, ijtimoiy faol pedagoglarni talab etmoqda.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida “pedagog kadrlarning kasbiy mahorati sifati va saviyasini uzluksiz yuksaltirish”2 oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish bo‘yicha eng muhim ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangandi.
Endilikda oliy ta’lim muassasalari oldiga faqatgina o‘qimishli insonnigina emas, balki voqealarni oldindan ko‘ra biladigan, to‘g‘ri qaror qabul qila olish uquviga ega, o‘zini o‘zi rivojlantirish zaruriyatini tushunib yetadigan oqil va barkamol shaxsni shakllantirish vazifasi qo‘yilmoqda. Darhaqiqat, o‘qimishli, ruhan tetik, sog‘lom va jismonan baquvvat kishilargina istiqlol va taraqqiyot yo‘lini bosib o‘ta oladi. Yuqoridagi mulohazalarga asoslanib shuni aytish mumkinki, respublikamizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning yaratuvchisi tarzida shakllanayotgan yosh avlodni voyaga yetkazish, ularning zamon talablari darajasida bilim olishi, shaxs sifatida kamol topishi, kasb-hunar sirlarini o‘rganishi va kundalik turmush yumushlarini hal etishga tayyorgarlik masalasi asosiy muammolar tariqasida ta’lim jarayonining kun tartibida turibdi.
Zamonaviy pedagogika va psixologiya fanlarining amaliyotida shu narsa sezilmoqdaki, bo‘lajak pedagog mutaxassislarning kasbiy tayyorgarlik mazmunini, shakllangan shaxs modelini va ixtisoslik faoliyatini ta’riflash me’yorlarini ishlab chiqish, faoliyat sub’ektining kasbiy tasavvuri va tafakkurini hamda o‘zini o‘qituvchi sifatida anglab yetishini tadqiq qilish masalalariga ilmiy jamoatchilikning e’tibori yanada ortmoqda.
Professional-pedagogik faoliyat samaradorligining zarur shartlaridan biri bo‘lajak mutaxassisning kasbiy tayyorgarligidir. Kasbiy tayyorgarlik deganda kishi psixik (ruhiy) xolati va jismoniy sog‘lomligining tegishli darajasi bajariladigan ish-faoliyat talablariga mos kelishi tushuniladi. Taniqli psixolog-olim K.K.Platonov ta’kidlaganidek, mutaxassisning kasbiy tayyorgarligi-shaxsning sub’ektiv holati bo‘lib, u o‘zini tegishli kasbiy faoliyatni bajarishga qobiliyatli va tayyor deb hisoblashini bildiradi.
Bo‘lajak o‘qituvchining kasbiy tayyorgarligi murakkab, ko‘p bosqichli (darajali), ko‘pqirrali (psixik) tizimli tuzilmadir.
M.I.Dyachenko, A.M.Stolyarenkolar mutaxassisning kasbiy tayyorgarligida bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq quyidagi ikki jihatni ko‘rsatish maqsadga muvofiq deb hisoblaydilar:
1. Dastlabki (oldingi) tayyorlik – shu ishni bajarishga imkoniyati (qobiliyati) mavjudligi. Bu kishida barqaror ruhiy tuzilmalarni-kasbiy faoliyatiga doir bilim, ko‘nikma, malakalar, kasb uchun muhim shaxsiy sifatlar mavjudligini o‘z ichiga oladi.
2. Bevosita tayyorlik – u mutaxassisning ruhiyati ma’lum shart-sharoitlarda kasbiy vazifalarni bajarishga tayyorligini taqazo qiladi. Kasbiy tayyorgarlikning bu jihati bo‘lajak o‘qituvchining ruhiy xolati vaziyatga qarab o‘zgaruvchanligi, harakatchanligi, dinamik (jo‘shqin)ligi bilan; mutaxassisning psixik holati va jismoniy sog‘lomligi bilan, jamoadagi ma’naviy-ruhiy vaziyat bilan xarakterlanadi (tavsiflanadi).
Dastlabki psixologik tayyorlik bevosita kasbiy tayyorgarlikka asos bo‘ladi. Shuning uchun ham oliy ta’lim muassasasida bo‘lajak pedagoglarni tayyorlash jarayoni yoshlarda psixologik tayyorlikni kasbiy-pedagogik faoliyat uchun yetarli darajada shakllantirishni talab etadi.
Ma’lumki, o‘qituvchi-mutaxassisning kasbiy tayyorgarligi uning chuqur bilimga, pedagogik mahoratga ega bo‘lishini, shuningdek o‘zini, o‘z kayfiyatini boshqara olishini, o‘zining psixik, axloqiy va jismoniy imkoniyatlarini ta’lim-tarbiya ishiga safarbar eta olishini nazarda tutadi.
Kasbiy tayyorgarlikning yetakchi va murakkab tomonli (jixati) mutaxassisning psixik , professional-psixologik tayyorligi hisoblanadi. Bu, kasbiy vazifalarni bajarishga mutaxassisning ruhiy kuchlari, psixikasi tayyorlanganlik darajasi bilan bog‘liq.
Mutaxassis psixikasi (ruhiyati) kasbiy tayyorgarlikning asosiy qism (komponent)lari quyidagilar:
1. Orientir olish, aqliy bilish komponenti. Bu komponent mutaxassis shaxsining kasbiy bilish sohasi idrok, tafakkur, xayol, xotira, diqqati rivojlanishi ma’lum darajasini o‘z ichiga oladi. Bu, mutaxassis shaxsining aqliy bilish tayyorligini tashkil etadi.
2. Undaydigan,ehtiyoj-motiv qismi u, shaxsning kasbiy yo‘nalishini va ish faoliyatini bajarishga kuch-g‘ayrat sarflashga tayyorlik darajasini belgilaydi. Tanlagan kasbi, ixtisosligining ma’nosi, ahamiyatini anglashga, kasbiga ijobiy munosabatda bo‘lishiga asoslanadi. Oliy ta’lim muassasasida ta’lim olish sharoitida kasbiy faoliyatini egallashga tayyorlik motivi ta’lim jarayonida talaba shaxsining samarali rivojlanishiga undovchi kuch hisoblanadi.
3. Ijro etuvchilik komponenti – professional-pedagogik mahoratni kasbiy qobiliyatlarining zaruriy rivojlanish darajasini, irodasi qat’iyligini, o‘z xulqini, hatti-harakatlarini boshqara olishini o‘z ichiga oladi.
Talaba shaxsining kasbni egallashga yo‘naltirilganligi va professional mahoratini kasbiy tayyorgarlikning negizini tashkil etadi.
Zamonaviy mutaxassisning kasbiy tayyorgarligida uning kommunikativ tayyorligi juda muhim. U bu kommunikativlik professional muhitda odamlar bilan fikr almashishda o‘zaro aloqa qilishga doir ko‘nikma va malakalarni yetarli darajada bo‘lishini, kasbdoshlari va rahbarlar bilan kasbiy muloqot ko‘nikmasi va malakasini, jamoa a’zolari bilan ish yuzasidan va shaxsiy muloqotga tayyorligini, o‘zaro aloqa o‘rnata olish qobiliyati mavjudligini nazarda tutadi.
Shaxsning kommunikativ tayyorligi kishining nutqiy madaniyati, so‘zlarni o‘rnida, to‘g‘ri ishlata olish ko‘nikmasi yetarli daajada bo‘lishiga bog‘liq. Shaxsning nutq madaniyati-tafakkuri o‘sganlik darajasining muhim ko‘rsatkichi; mutaxassisning kasbiy nutqiy madaniyati uning professional tafakkuri rivojlanishining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shuning uchun ham yosh mutaxassisni tayyorlashda unda umumiy va kasbiy nutq madaniyatini (o‘stirish) uni shaxs sifatida va mutaxassis sifatida shakllantirishning ajralmas qismi hisoblanadi.
Mutaxassisning kommunikativ tayyorligi unda yaxshi niyat, xayrixohlik, o‘rtoqlik, muloqotga kirishuvchanlik, jamoaviylik sifatlari mavjudligi; kasbdoshlari bilan o‘zaro aloqa, fikr almashish va munosabatlarda to‘siq, tanglik keltirib chiqarmaslikka tayyorgarligini; paydo bo‘ladigan nizolarni o‘z vaqtida bartaraf eta olish qobiliyatiga ega bo‘lishini nazarda tutadi.
Kasbiy faoliyatda yutuqqa erishishning asosiy psixologik shart-sharoitlari qatorida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
- Yutuq to‘g‘risida ko‘proq o‘ylash (fikrlash);
- O‘z kuchiga ishonish;
- Yutuqqa erishish motivlarini faollashtirish;
- Nimaga erishmoqchi ekanlinini aniq bilish;
- Qanday xarakat qilish kerakligini bilish, yaxshi kayfiyat va g‘alabaga ishonish;
- Uchraydigan har bir to‘siqni maqsadga erishish yo‘lida tramplin (zinapoya)ga aylantira bilish;
- Kichik bir yutuqdan ham xursand bo‘lish, baxtiyorlik hissini tuyish.
Kasbiy faoliyatning samarali bo‘lishida g‘alabaga erishish motivining kuchliligi alohida rol o‘ynaydi.
Zamonaviy mutaxassisning kasbiy faoliyati samaradorligi, uning xayot, ijtimoiy amaliyot kun tartibiga qo‘yayotgan yangi vazifalarni izlash va payqash qobiliyatiga hamda psixologik tayyorligiga ko‘proq bog‘liq. Zamonaviy mutaxassisning yuksak kasbiy mahorati bajaradigan ishiga ijodiy yondasha bilishini, jur’atli bo‘lishini yangi-yangi yo‘l, usul, vositalarni izlab topa bilishini taqazo etadi.
Shu bilan birga yosh mutaxassisning professional va umumiy erudatsiyasi (zakovati), kasbiy dunyoqarashi, sotsial yetukligining zarur darajasi kasbiy tayyorgarlikning tarkibiy qismlari bo‘lib, yosh mutaxassisning turli sotsial – siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, axloqiy, sharoitlarda o‘zi uchun maqbul, to‘g‘ri yo‘lni tanlashida muhimdir.
Ana shunday kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan yosh pedagog-mutaxassis hozirgi sharoitda, zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |