Адабиётлар рўйхати
Буюк Термизийлар: Термиз тазкираси / Мусанниф Мирзо Кенжабек. – Тошкент: “Ўзбекистон миллий энциклопедияси” Давлат илмий нашриёти, 2017. – 528 бет.
Омонтурдиев Ж. Ал-Ҳаким ат-Термизий таълимоти. – Тошкент: Университет, 2000. – 95 б.
Термизий (Муҳаммад ибн Али Ҳаким). Нодир масалалар /араб тилидан таржима/. Муқаддима, таржима ва изоҳлар муаллифи И.С.Усмонов. – Т.: Мовароуннаҳр, 2007. – 88 б.
Термизий алломалар / С.Турсунов ва бошқ. – Тошкент: Yangi nashr, 2015. – 272 б.
Чориев З., Аннаев Т., Муртазаев Б., Аннаев Ж. Ал-Ҳаким ат-Термизий. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2008. – 149 б.
BO’LAJAK O’QITUVCHILARDA SANOGEN TAFAKKURNI RIVOJLANTIRISH ZARURIYATI
Ismailov M. K.
TerDU Pedagogika va ijtimoiy ish kafedrasi katta o’qituvchisi, p.f.b.f.d. (PhD)
XXI asrga kelib ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar rivojida inson aql-zakovati va ma’naviyati asosiy muvofiqlashtiruvchi, rivojlantiruvchi omil va vosita ekanligi tobora namoyon bo’lmoqda. Bunga faqatgina maqsadli tashkil etilgan ta’lim-tarbiya jarayoni orqaligina erishish mumkin. O’zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, uning sifati va samaradorligini oshirish davlat siyosatining eng ustivor yo’nalishlaridan biridir. Qolaversa, yuqori darajadagi bilimga ega, ma’naviy boy, sog’lom, barkamol avlodni tarbiyalash “Ta’lim to’g’risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da ko’zda tutilgan asosiy maqsadlardan biridir [1]. Ushbu maqsadga erishish uchun nima qilish lozim, degan savolga Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan bildirilgan quyidagi fikrni keltirishimiz munkin: - “Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo’lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo’q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to’g’ri yo’ldan adashish bo’ladi. SHarq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o’zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo’lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak” [2]. Sanogen fikrlash tarziga ega bo’lgan inson doim o’z qarashlarini ijobiy asoslaydi, kerak bo’lsa himoya qilib, to’g’ri xulosa chiqaradi, o’z burchini adolatli baholaydi. Sanogen tafakkurga ega inson ichki nizoni ijobiy bartaraf etadi. SHu jihatdan yurtimizda sog’lom tafakkurga ega shaxslardan iborat barkamol avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, jamiyatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi, avvalo, xalq ma’naviyatining tiklanishi, boy tarixiy merosimizning chuqur o’rganilishi, an’analarimizning saqlanishi, madaniyat, san’at, fan va ta’lim rivoji, albatta zamonaviy fan texnika yutuqlari bilan qurollangan malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash bilan uzviy bog’liqdir. SHu sababli, bo’lajak o’qituvchilarda sanogen tafakkurni rivojlantirish masalasi o’ziga xos dolzarblik kasb etadi. Bu esa mazkur muammo yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni taqozo etadi. Inson tafakkuri muammosi ko’pgina fan sohalarining tadqiqot obyekti hisoblanadi. Jumladan, falsafa fani materiya bilan tafakkurning o’zaro munosabatini, shuningdek, tafakkur yordami bilan olamni bilish (anglash) yo’llari va imkoniyatlarini o’rganadi. Formal logika esa tafakkur formalari (tushuncha, hukm, xulosa chiqarish)ni tekshiradi. Tafakkurning sotsiologik aspektida uning jamiyatning turli formasiyalariga sotsial strukturasiga bog’liq ravishda tarixiy taraqqiyot jarayoni tahlil qilinadi. Fiziologiya fanida tafakkurni yuzaga keltiruvchi miya mexanizmlari tadqiq etiladi. Kibernetika fanida EHMlarda insonlarning fikrlash faoliyati informatsion jarayon tariqasida umumiy va xususiy jihatlari yoritib beriladi. Psixologiyada tafakkur voqelikni umumlashtirish darajasiga, muammoni yechish vositasi xarakteriga, obektning subekt uchun yangiligi, shaxsning faollik ko’rsatish darajasiga ko’ra bir necha turlarga ajratib tadqiq qilinadi. Bunda tafakkur fikrlash faoliyati sifatida qaralganda, inson tomonidan muammoning (topshiriq) yechimini topish nazarda tutiladi. Bu borada topshiriq shartlari va subekt oldiga qo’yiladigan shartlar, qo’yilgan shartlar mohiyatining inson tomonidan anglanilishi, shuningdek, mazkur shart va talablarning inson tomonidan qabul qilinishi va boshqa jihatlar sinchkovlik bilan kuzatiladi hamda o’rganiladi. SHu o’rinda, topshiriqning yechimini topish shaxsning ehtiyoji va motivlari bilan bog’liq holda olib qaraladi, fikr yuritish faoliyatida muammo yechimini qidirishni boshqarishda insonning hissiy kechinmalari alohida rol o’ynaydi. Psixologiya fani tafakkurning filogenetik, ontogenetik, kognitiv, tarixiy, operatsional va funksional jihatlarini ham tadqiq etadi.
Pedagogika fanida esa, ta’lim-tarbiya jarayonida o’quvchi shaxsining shakllanishi, ijtimoiylashuviga, unda bilim, ko’nikma va malakalarning hosil bo’lishi, o’qitish jarayonida bola ongining rivojlanishi masalalariga alohida e’tibor qaratadi. Inson tafakkurini o’rganish muammosi XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib eng keng targ’ib qilinadigan, tadqiqotlar va tortishuvlarga sabab bo’ladigan muammoga aylangan. Chet el va vatanimiz olimlari o’z tadqiqotlarida tafakkur muammosiga har tomonlama yondashishgan. Inson tafakkuri muammosi doirasida ko’plab ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan bo’lsada, o’sib kelayotgan yosh avlodning aqliy, ruhiy va jismoniy salomatligi muammolari pedagog va psixolog olimlar uchun tadqiqot obekti bo’lib qolmoqda. Ilmiy pedagogika hamda salomatlik psixologiyasida sanogen tafakkurni rivojlanishi masalasi alohida yo’nalish sifatida ajratilgan. Ilmiy adabiyotlarda “sanogen tafakkur” tushunchasiga ko’plab ta’riflar keltirilgan bo’lib, quyida ularning ba’zilariga to’xtalib o’tamiz.Sanogen tafakkur (“sano” (lot.) – davolamoq, sog’lomlashtirmoq, tasalli bermoq, ruhlantirmoq, tartibga keltirmoq va “geno” (lot.) – davolaydigan) sog’lomlashtiradigan, tasalli beradigan va ruhlantiradigan tafakkurni keltirib chiqarishdir. Pedagog olima Sh.Abdullayeva muallifligidagi “Umumiy pedagogika” nomli o’quv qo’llanmada “sanogen tafakkur” tushunchasi quyidagicha izohlanadi – (lot: “sanus” – sog’lom va yunon tilida – “genezis” - rivojlanish) his-hayajon, ichki kechinmalar, fikrlarni va emotsiyalarni boshqaruvchi, sog’lomlashtiruvchi tafakkur. [3] Mazkur ta’riflarda “sog’lom” va “tafakkur” tushunchalari ajratib ko’rsatilmoqda. Demak, dastlab ushbu tushunchalarning asl ma’no-mazmunini bilishimiz talab etiladi.
“Sog’lom” so’zi:
- dard-kasaldan holi, sog’;
- sog’liqni saqlash talablariga to’la javob beradigan;
- beg’ubor, toza, sof va pok;
- zararli ta’sirdan, salbiy xislat, illat va shu kabilardan holi;
- ruhiy jihatdan shikast yetmagan, raso;
- g’oyaviy-mafkuraviy, ma’naviy jihatdan toza, pok degan ma’nolarni beradi [8].
“Tafakkur” so’zi arabcha “fikr” so’zidan kelib chiqqan bo’lib, o’ylash, muhokama, mushohada va fikr yuritish degan ma’nolarini bildiradi.
Sanogen tafakkur sog’lomlashtirishning noan’anaviy metod va usullariga taalluqli bo’lib, hozirgi kunda uni shakllantirish muammosi juda dolzarb hisoblanadi. Fanda sanogen tafakkurni shakllantirish va rivojlantirish masalalariga oid tadqiqot ishlari haqida ma’lumotlar mavjud bo’lib, mazkur tadqiqotlarda sanogen tafakkur ko’rinishlarining alohida shakllariga, uning elementlarini shakllantirishning aniq usullariga bag’ishlangan chet el va vatanimiz olimlarining ilmiy-tadqiqot ishlari mavjud [3,4,5,6,7]. N.V.Pil pozitiv (ijobiy) tafakkurni omadsizlikni yengish, ishonchga, muvaffaqiyatga va baxtga erishish usuli sifatida foydalanishni taklif etadi. U o’zining mashhur optimizm (nekbinlik) formulasini taklif etadi-ki, uni o’z hayotining oddiy va samarali falsafasi qilib olgan ko’plab odamlar qo’llashgan [6].
M.Djeymsning tadqiqot ishlarini o’rgangan olim Gelmut o’z qarashlarini umumlashtirib, quyidagi xulosaga keladi: sanogen tafakkurning asosida sodir bo’layotgan voqealarni tushunish qobiliyati sifatidagi anglash yotadi. Qanday yo’l tutishini yoki nimani his qilishini anglay olmaydigan shaxs ko’plab kichik muammolarga o’ralashib qoladi. Ikkilanuvchan, yagona qarorga kelishga qiynaladigan shaxs ichki ixtilofli kuchlar o’rtasida sarson bo’ladi. Osongina qisqa fursatda tushunadigan va anglay oladigan shaxs o’zining hislari, orzu-hayollari dunyosini biladi, undan qo’rqmaydi va uyalmaydi, uning fikri vaziyatga mos ravishda javob beradi [6].
Bir qancha pedagog-psixolog tadqiqotchi-olimlar shaxsning arxetipik xususiyatlari bilan belgilanadigan fikrlash, tushunish usullarini yengish zarurligini ta’kidlaydilar. Ya’ni, inson o’z fikrlashini (tafakkur tarzini) sanogenlik qoidalariga mos ravishda boshqarishi kerak, lekin ular doimo ham mantiqiy fikrlash bilan mos kelmaydi. Tafakkurning patogenligini (salbiy ko’rinishdagi, kasallik qo’zg’atuvchi) yengish uchun ular ruhiy zo’riqishdan saqlanish, qanday qilib jahl qilmaslik va asabiylashmaslikni oldini olish haqida tavsiyalar berishadi [3,4,6].
Sog’lom tafakkurning nazariyasi va amaliyotini ishlab chiqqan Yuriy Orlov sanogen tafakkurning asosiy ahamiyati o’z-o’zini kamolga yetkazish maqsadlariga erishish uchun sharoit yaratish, ya’ni fe’l-atvor hamohangligi, o’z-o’zi va atrofdagilar bilan kelishish, shuningdek yomon odatlarni bartaraf etish, o’z his-tuyg’ularini boshqarish, o’z ehtiyojlarini nazorat qilish deb hisoblaydi [4].
Shaxsda sanogen tafakkurni shakllantirish va rivojlantirish jarayonining muhim omillaridan biri uning yoshiga bog’liq bo’lgan o’ziga xos xususiyatlaridir. Chunki taraqqiyotning har bir yosh bosqichi o’zining rivojlanish omillari, qonuniyatlari, yangiliklari va o’zgarishlariga ega bo’lib, ular shaxsning xarakteri, temperamenti, qobiliyatlari, bilish jarayonlariga bevosita ta’sirini o’tkazadi. Psixolog olim E.G’.G’oziyev o’zining “Psixologiya” nomli darsligida “Axloq tarbiyasidagi qo’pol xatolar bolaning ruhiy dunyosiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. SHu sababli insonning dunyosini tubdan qayta qurish, tarbiyani insonparvarlashtirish masalasiga alohida e’tibor berish zarur”, - deb hisoblaydi [5].
S.Ataxanova o’zining ilmiy-tadqiqotchilik faoliyati davomida tafakkur tushunchasining psixologik, pedagogik va falsafiy mazmunini ochib bergan hamda sog’lom tafakkur insonning ichki va hissiy faoliyati bilan bog’liqligini, u sog’lom fikrga yo’naltirilsa sog’lom tafakkur shakllanishini ta’kidlagan. Aqliy faoliyat mavjud bilim va malakalarni egallash vazifasidir. Hissiy faoliyat esa sog’lom turmushga bo’lgan hissiy munosabatni anglatadi.Tadqiqotchining fikricha, sog’lom tafakkur ilmiy-pedagogik ta’rifga ko’ra, quyidagi bir necha muhim bo’g’inlardan tashkil topadi:
Birinchi bo’g’in – sog’lom tafakkur tushunchasi;
Ikkinchi muhim bo’g’in – zarur ijtimoiy muhit tushunchasi;
Uchinchi muhim bo’g’in – pedagogik maqsad va natija tushunchasi;
To’rtinchi muhim bo’g’in – sog’lom turmush va turmush tarzi tushunchasi hisoblanadi [7].
Tadqiqotchi olimlar bildirgan fikrlarni tahlil etgan holda, “sanogen tafakkur” tushunchasini quyidagicha izohlashimiz mumkin, sanogen tafakkur kishilarning o’z salomatligini asrashga yo’naltirilgan o’ylari, ongi, shuuri, hissiyotlari, axloqi, estetik qarashlari, g’oyalari, sa’y-harakatlari va ularning natijasi hisoblanadi. Inson tafakkurini shakllantirish va rivojlantirish uzoq muddatli va murakkab jarayon hisoblanadi. Shunday ekan, inson tafakkur tarzining alohida shakli sifatida o’rganilayotgan “sanogen tafakkur” ya’ni sog’lom tafakkurni rivojlantirishga oid ilmiy-falsafiy, pedagogik va psixologik manbalarda keltirilgan ma’lumotlarni qiyosiy tahlil etgan holda quyidagi xulosalar ishlab chiqildi:
- “sanogen” tushunchasi ham ruhiy, ham jismoniy “sog’liqni tug’dirish”, ya’ni yuzaga keltirishni anglatadi. Asosan, sanogen tafakkurga muayyan vaziyatlarda inson xulq-atvori va hayotini boshqara oladigan aqliy hatti-harakatning alohida bir shakli sifatida qaraladi.
- pozitiv (ijobiy) va salbiy holat, noxush vaziyat, jismoniy sog’lomlik va kasallik biz qanday o’ylashimizga va fikrlash tarzimizga bog’liq.
- sanogen tafakkur yuritish ko’nikmasini egallagan inson o’z fikrlarini nazorat qilishni, o’z his-hayajonlarini boshqarishni, ular ustidan mulohaza qilishni, o’zining ongsiz hatti-harakatini anglashni va baholashni o’rganadi.
Xulosa o’rnida shuni aytishimiz mumkinki, insonning tafakkuri qanchalik sog’lom bo’lsa, uning ruhiyati, jismi shunchalik sog’lom ezgulikka yo’nalgan bo’ladi. Insonning fikrlash tarzi qancha sof, erkin bo’lsa, u shuncha zararsiz fikrlaydi. Bugungi kunda go’zal xulq, to’g’ri aqida asosida tarbiyalangan, ehtiyotkor, sog’lom fikrlay oladigan inson hayotda aql-idrok bilan ish tuta oladi. Iymon e’tiqodda sobit turadi, erkin va mustaqil fikrlay oladi, har xil aldovlarga uchmaydi hamda g’arazli tashviqotlarga berilmaydi. Bunday sifatlarga ega bo’lgan shaxs sog’lom tafakkur egasi hisoblanadi. Shu jihatdan olganda, insonlarda sanogen tafakkurni shakllantirish va rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |