Marketing innovatsiyalari deganda yangi yoki sezilarli yaxshilangan marketing uslublarini joriy etish tushuniladi. Bular o‘z ichiga: mahsulotlarning dizayni va qadoqlanishida jiddiy o‘zgartirishlar; mahsulotlarni sotish va taqdimoti bo‘yicha, shuningdek ularni bozorlarga tanitish va olg‘a siljitish bo‘yicha yangi uslublardan foydalanish; yangi narx strategiyalarini shakllantirishni oladi. Bu o‘zgartirishlar mahsulot iste’molchilarining ehtiyojlarini to‘laroq qondirishga, sotish hajmini ko‘paytirish maqsadida mahsulotlar va xizmatlar iste’molchilarining tarkibini kengaytirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Mahsulot dizaynidagi o‘zgartirishlar yangi marketing konsepsiyasining bir qismi bo‘lib, ular mahsulotning shakli va tashqi ko‘rinishidagi o‘zgartirishlarni o‘z ichiga oladi. Bular mahsulotning funksional va foydalanish xususiyalariga ta’sir ko‘rsatmaydi. Shuningdek, bunday o‘zgartirishlarga qadoqlanishi tashqi ko‘rinishini ta’riflab beruvchi iste’mol mahsulotlari, ichimliklar, yuvish vositalari kabi mahsulotlarning qadog‘idagi o‘zgartirishlar ham kiradi.
Mahsulotlarni sotish va taqdimoti bo‘yicha yangi uslublardan foydalanish sotishni kengaytirish bilan bog‘liqdir. Bunga logistika (xom ashyo, tarkibiy qismlar va tayyor mahsulotlarni tashish va omborxonalarda saqlashni boshqarish) uslublari kirmaydi. Mahsulot (xizmat)larni bozorga tanitish va olib chiqishning yangi uslublaridan foydalanish tashkilotning mahsulot va xizmatlarini olib chiqish uchun yangi konsepsiyalardan foydalanishni anglatadi.
Narxlarni shakllantirishdagi innovatsiyalar - tashkilotning mahsulotlar va xizmatlar bilan savdo qilishi uchun yangi narx strtegiyalaridan foydalanishini bildiradi. Marketing vositalaridagi mavsumiy, doimiy yoki boshqa joriy o‘zgarishlar, agar ular yangilik olib kelmasalar, marketing innovatsiyalari hisoblanmaydi. Mahsulotlar bo‘yicha innovatsiyalar bilan marketing innovatsiyalarini bir-biridan farqlovchi asosiy mezon - bu mahsulotning funksiyalarida yoki undan foydalanish usullarida jiddiy o‘zgarishlar mavjudligidir. Agar mahsulot va xizmatlarning funksional yoki foydalanish xususiyatlari mavjud mahsulot va xizmatlarnikidan ancha yaxshilangan bo‘lsa, bu mahsulotlar bo‘yicha innovatsiyalar hisoblanadi. Mahsulot dizaynidagi o‘zgarishlar esa, agar uning funksional yoki iste’mol xususiyatlari sezilarli darajada o‘zgarmagan bo‘lsa, bu marketing innovatsiyalari hisoblanadi.
Jarayonlar bo‘yicha va marketing innovatsiyalari o‘rtasidagi farq quyidagicha namoyon bo‘ladi. Jarayonlar bo‘yicha innovatsiyalar mahsulot birliklariga xarajatlarni kamaytirish yoki sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish va mahsulotlarni yetkazib berish usullarini takomillashtirish bilan bog‘liqdir. Marketing innovatsiyalari esa sotish hajmini yoki mahsulotlar narxini (yangi narx strategiyalarini qo‘llagan holda) oshirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Marketing innovatsiyalari Sizning tashkilotingiz uchun yangi bo‘lishi kerak va ular Sizning tashkilotingiz yoki boshqa tashkilot tomonidan ishlab chiqilganligining ahamiyati yo‘q. Tashkilot bu marketing innovatsiyalarini birinchi bo‘lib joriy qilgan bo‘lishi muhim emas.