4-MAVZU: QADIMGI TURKIY TILNING O`ZBEK ADABIY TILI TARAQQIYOTIDAGI ROLI.
Qadimgi turkiy tilning o’zbek adabiy tili taraqqiyotidagi roli
Reja:
O‘zbek adabiy tilining lingvistik tarkibidagi jiddiy o‘zgarishlar.
Bu davr adabiy tilining xususiyatlari.
O‘zbek adabiy tili va uning nomlanishlari.
O‘zbek adabiy tili tarixini davrlashtirish bir tomondan o‘zbek xalqining tashkil topishi, etnik tarkibi, uning o‘ziga xos murakkab tarixiy rivojlanishi jarayoni bilan bog‘langan bo‘lsa, 2-tomondan qadimgi umumturkiy adabiy til qurilishida hamda hozirgi turkiy tillar tasnifida o‘zbek adabiy tilining tutgan o‘rni, uning o‘ziga xos xususiyatlari kabi masalalar bilan bog‘langandir.
O‘zbek adabiy tili tarixini davrlashtirish bevosita turkiy tillarni tasnif qilish masalasi bilan bog‘langan. Chunki o‘zining lug‘at boyligi, tovush tarkibi va grammatik xususiyatlari jihatidan ko‘pchilik turkiy tillar bir-biriga juda yaqin turadi. Ammo ular o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan farq ham qiladi. Bu xususiyatlarni aniqlash esa turkiy tillar tasnifi bilan bog‘liqdir.
Turkiy tillarni o‘rganish va tasniflash asosan XIX asrdan boshlanadi. Turkiy tillarni tasniflashda ko‘proq geografik nuqtai nazar asos qilib olinadi. Ma’lumki, geografik tasnifda qardosh tillarning hududiy yaqinligi, yondosh yashash sharoiti nazarda tutiladi.
Turkiy tillarni ilk bor ilmiy nuqtai nazardan tasnif qilgan olim V. V. Radlovdir. U o‘zining birinchi tasnifida turkiy tillarni uch guruhga bo‘ladi: 1)shimoliy guruh; 2) janubiy guruh; 3) qurama tipli guruh. So‘nggi guruhni yana g‘arbiy va sharqiy kichik guruhlarga ajratadi. V. V. Radlov o‘zining keyingi tadqiqotlarida bu tasnifini qayta ishlab chiqadi, yana ham takomillashtiradi va turkiy tillarni to‘rt guruhga bo‘ladi:
1. Sharqiy guruh (bunga oltoy va chulim tillari, xakas, shor, tuva va enasoy turklarining tillari kiradi);
2. G‘arbiy guruh (bunga Sibir tatarlari, boshqird, tatar, qirg‘iz, qozoq va qoraqalpoq tillari kiradi);
3. O‘rta Osiyo guruhi (bunga uyg‘ur va o‘zbek tillari kiradi);
4. Janubiy guruh (bunga turkman, ozarbayjon va turk tillari kiradi).
A. N. Samoylovich esa turkiy tillarni tasnif qilishda fonetik prinsipga asoslanadi. U turkiy tillarni olti guruhga bo‘ladi:
1) R guruhi. Bu tillarda qadimgi turkiy tildagi z va keyincha y ga o‘tgan tovush r tovushi bilan aytiladi: azaq — ayaq (oyoq) — ura kabi. Bu guruhga eski bulg‘or va hozirgi chuvash tillari kiradi.
2) D guruhi. Bu tillarda z tovushi d tovushi bilan aytiladi. Bu guruhga uyg‘ur, tuva, qaragas, salar tillari, qadimgi uyg‘ur va o‘rxun-enasoy turklari, umuman uyg‘ur va shimoli-sharqiy turkiy tillar kiradi.
3) Tau guruhi. Bu tillarda tog‘ so‘zi tau tarzida aytiladi. Bu guruhga oltoy, qirg‘iz, qumiq, qarachay-balqar, tatar, boshqird, qaraim, nug‘ay, qozoq yoki umuman, shimoli-g‘arbiy turkiy tillar kiradi.
4)Tag‘liq guruhi. Bunda so‘z shunday aytiladi. Bu guruhga eski o‘zbek tili, hozirgi uyg‘ur va o‘zbek tillari— janubi-sharqiy turkiy tillar kiradi.
5) Tag‘liq guruhi. Bunda so‘z shunday aytiladi. Bu guruhga Xorazm o‘zbek tili shevasi, qipchoq-turkman tillari kiradi.
6) Ol guruhi. Bunda bo‘l fe’li o‘l tarzida aytiladi. Bu guruhga ozarbayjon, turk, gagauz kabi janubi-g‘arbiy turkiy tillar kiradi.
S. Ye. Malov o‘z asarlarida turkiy tillar tasnifiga doir bir qator qiziqarli fikrlarni bayon qiladi. U mavjud tasniflarga qilingan o‘zining qo‘shimcha va ilovalarida eskirgan xususiyatlarning saqlanishi hamda yangi xususiyatlarning hosil bo‘lishi jihatidan barcha turkiy tillarni to‘rt guruhga bo‘ladi: 1.Eng qadim- gi tillar. 2. Qadimgi tillar. 3. Yangi tillar. 4. Eng yangi tillar. S. Ye. Malov o‘z tasnifi uchun turkiy tillardagi til orqa g, g‘ va bir necha orqa qator unlilarning old qator tovushiga o‘tishi, qadimgi tillarda jarangsiz undoshlarning, yangi tillarda esa jarangli undoshlarning ko‘pligi kabi fonetik hodisalarni o‘z tasnifi uchun asos qilib oladi. Mana shu tasnif asosida S. Ye. Malov turkiy tillarning rivojlanish tarixini uch davrga bo‘ladi:
1.Turkiy tillarning d-lash davri. Bu hodisa qadimgi runiy va uyg‘ur yozuvi yodgorliklari uchun xos xususiyatdir. So‘z o‘rtasi va oxirida y tovushi d tarzida aytiladi: adaq (ayaq), adir (ayir), qod (qo‘y) kabi.
2. O‘tkinchi davr. Bu davrda turkiy tillar d — lash hodisasidan y — lashga o‘ta boshlaydi: kidim>kiyim, kedin>keyin, adir>ayir kabi.
3. Turkiy tillarning y — lash davri. Bu davrda turkiy tillarning tabaqalanishi va ajralib chiqishi kuchayadi, alohida xalq tillarining tashkil topishiga zamin tayyorlanadi.
Turkiy tillarni tasniflash va uning taraqqiyoti tarixini davrlashtirish bilan bog‘liq ravishda o‘zbek adabiy tili tarixi ham olimlar tomonidan turlicha davrlashtiriladi. Jumladan, Malov o‘zbek adabiy tili tarixini 3 davrga bo‘lib o‘rganadi: 1) Uyg‘ur adabiy tili; 2) Chig‘atoy adabiy tili; 3) O‘zbek adabiy tili. Bu davrlashtirishga ko‘ra hozirgi o‘zbek adabiy tili chig‘atoy adabiy tilidan kelib chiqqan. Chig‘atoy (eski o‘zbek) adabiy tili esa o‘z navbatida uyg‘ur adabiy tilidan kelib chiqqan.
Samoylovich o‘zbek adabiy tili tarixini 3 davrga bo‘ladi:
1. Qoraxoniylar davri adabiy tili (X-XI asrlar). Bu davr qoraxoniylar davlatida shakllangan va keng qo‘llangan sharqiy turkiy adabiy til va shu tilda yozilgan asar bilan ajralib turadi.
2. O‘g‘uz-qipchoq adabiy tili (XII-XIV asrlar). Bu davr Xorazmda o‘g‘uz-qipchoq dialekti negizida rivojlangan g‘arbiy turkiy adabiy til hamda bu yerda yaratilgan asarlar bilan bog‘langan.
3. O‘rta Osiyo turkiy adabiy tili (XIV-XX asrlar). Bu davr tili shu asrlar davomida turkiy-eski o‘zbek adabiy tilida yaratilgan asarlar bilan bog‘langan. Hozirgi o‘zbek adabiy tili esa O‘rta Osiyo adabiy tilining davomi deb qaraladi.
O‘zbek adabiy tili tarixini o‘zbek xalqining tarixi hamda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq ravishda quyidagicha davrlashtirish mumkin:
Qadimgi turkiy adabiy til davri (VII asrdan XIII asrgacha).
Eski o‘zbek adabiy tili davri (XIII-XX asrning boshlarigacha).
Hozirgi o‘zbek adabiy tili davri (XIX-XX asrgacha).
Qadimgi turkiy adabiy til. Bu davr tilini VII asrdan, ya’ni turk hoqonligi (tukyu imperiyasi) tashkil topgan davrdan XIII asrgacha juda katta hudud (O‘rta Osiyo, Qozog‘iston, Sharqiy Sibir va Shimoliy Mo‘g‘iliston) da yashagan turkiy urug‘ va qabilalarning tili tashkil qiladi. Qadimgi turkiy adabiy til davri, avvalo, turkiy tillarning to‘liq tabaqalanishi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga bu davrda turkiy tillarning taraqqiyoti o‘sha vaqtlarda tashkil topgan g‘arbiy va sharqiy turkiy qabila ittifoqlari, davlatlarning tarkibiga kirgan qabilalarning tarixi bilan bog‘liq holda davom etadi. Demak, tarixiy rivojlanish, qo‘shilish va markazlashish jarayonida ajralib chiqa boshlagan turkiy tillar jamiyatning muhim aloqa vositasi bo‘lib xizmat qilar edi.
Qadimgi turkiy adabiy til o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Xususan, bir tomondan, runiy va uyg‘ur yozuvlari bilan bitilgan VII-X asrlarda yuzaga kelgan qadimgi yodgorliklarning tili hamda 2-tomondan, X-XIII asrlarda yaratilgan asarlarning tili o‘zining ko‘pgina fonetik va grammatik xususiyatlari bilan bir-biridan farq qilib turadi. Shuning uchun ilmiy adabiyotlarda, turkiy tillar tarixini davrlashtirishga bag‘ishlangan asarlarda bu davr bir-biridan ajratilib, “qadimgi turkiy til” va “eski turkiy til” atamalari bilan yuritiladi.
Shuningdek, keyingi asrlarda yuzaga kelgan yodgorliklarning tili bevosita o‘sha davrdagi ma’lum turkiy tilning, jumladan, qarluq, uyg‘ur, qipchoq kabi tillarning xususiyatiniaks ettiradi. Ayni zamonda mana shu davrlarda turkiy qabilalar negizida elat (xalq) larning tashkil topishi, demak, qabila tillari negizida elat (xalq) tillarining shakllanishi jarayoni boshlangan edi.
Ma’lumki, Х asrga kelib O‘rta Osiyo hududida qoraxoniylar davlati vujudga keldi. Bu davrda o‘zbek elatining siyosiy tuzumi, ijtimoiy munosabatlari va madaniyatidagina emas, balki etnik hamda lingvistik tarkibida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bular quyidagilardan iborat edi:
1.Qoraxoniylar davlati hududidagi turli qabila va elatlar birlashib ketdi. Uning tarkibida uyg‘urlar, qarluqlar, chigillar, yag‘mo, tuxsi, arg‘ular, o‘g‘uzlar va qipchoqlar bor edi.
2.Ko‘chmanchi turkiy qabilalarning o‘troqlashishi tezlashdi. Bu haqda Yakubovskiy shunday yozadi: “Agar qoraxoniylardan avvalgi davrlarda turklarning O‘zbekiston tuprog‘iga kirishlari, asosan, mamlakatdagi ko‘chmanchilar ko‘chib yuradigan maydonlarni to‘ldirish hisobiga borgan bo‘lsa, qoraxoniylar zamonida bu hodisa sodir bo‘libgina qolmasdan, balki dehqonchilik rayonlarida turklarning o‘troq hayot va mehnatga tadrijiy suratda ko‘chganlari ham ko‘rinadi”.
3.Turkiy qabilalarning eron tilida so‘zlashuvchi sug‘diy qabilalar bilan aralashishi va qo‘shilib ketishi ancha kuchaydi.
Yuqoridagi tarixiy sharoit asosida Х-ХI asrlarga kelib, o‘zbek elatining etnik chegarasi aniqlandi, tili va madaniyati barqaror bo‘ldi. Bu haqida professor M. Vahobov shunday yozadi: “O‘zbek elati turkiy tilda so‘zlovchi ko‘chmanchi qabilalarning o‘troqlik holatiga o‘tib, eron tilida so‘zlovchi dehqonlarga aralashib ketishlari natijasida tashkil topgan. Natijada, u o‘z tili bilan tojiklardan, o‘troqligi bilan qozoq, qirg‘iz, turkmanlardan farq qiladi”.
O‘zbek adabiy tilining shakllanishida qadimgi turkiy tilning ta’siri qanday bo‘ldi, degan savol tug‘iladi. O‘zbek tili qoraxoniylar davrida Chu daryosi bilan Sirdaryo oralig‘idagi keng hududda va qisman Movarounnahrda yashagan turkiy qabilalarning birlashuvi natijasida qarluq-chigil qabila dialektlari asosida tarkib topdi. Shunday qilib, turkiy tillarning qarluq tilidastlabki o‘zbek tili uchun asos rolini bajardi.
Ko‘pchilik ilmiy adabiyotlarda X-XIII asrlardagi yozma yodgorliklar uyg‘ur tili yodnomalari deb qaraladi. Shunga ko‘ra o‘zbek tiliga uyg‘ur tili asos bo‘lgan deb talqin etiladi. Holbuki, M. Koshg‘ariy qadimgi uyg‘ur tili bilan koshg‘ariy tili, ya’ni qoraxoniylar davridagi tilning bir-biridan farqini ko‘rsatib o‘tadi. Baskakov o‘zining “Turkiy tillar” kitobida yozganidek, hozirgi o‘zbek va uyg‘ur tillari qadimgi turkiy til bilan, 1-navbatda esa, eski o;zbek tili bilan, so‘ngra qarluq dialektidagi til bilan, undan ham qadimroq genetik jihatdan qadimgi uyg‘urlar va tukyular (o‘g‘uzlar) bilan aloqador bo‘lgan qadimgi yag‘mo turgash dialektlariga borib bog‘lanadi.Demak, qadimgi uyg‘ur tili emas, balki sharqiy qarluq (qarluq-chigil-uyg‘ur) tili o‘zbek tili uchun o‘zak til rolini o‘ynagan.
Til tarixini urganar ekanmiz, milliy til, adabiy til va jonli til atamalarini
tushunib olish kerak. Har bir til avvalo, tarixiy zarurat tufayli vujudga kelgan,
fikrni fon bilan almashtiruvchi tovushli signal sistemasidir. Bu signal sistemasi ma`lum tartibga solingan yoki tabiiy ravishda rivojlanuvchi bo`ladi. Umumiy me`yor darajasiga tushurilmagan, ma`lum xudud uchungina tushunarli bo`lgan lahja va shevalar-jonli til deb ataladi. Jonli til adabiy tildan yozuv shakliga ega emasligi, ma`lum me`yorga tushurilmaganligi, qo`llanish doirasining torligi bilan farqlanadi. Adabiy til umumxalq tilining ya`ni butun sheva va lhjalar yig`indisining yuqori ko`rinishidir. Adabiy til yozma va og`zaki shaklga ega bo`lib, ma`lum me`yorlarga va koidalarga qatiy bo`ysunadi. Shevalarda fonetik variantlilikka ega bo`lgan so`zlar adabiy tilda faqat bir xil shaklda qo`llaniladi. Masalan, tuproq (adabiy tilda) – to`proq-to`rpoq, bo`yin (adabiy tilda)-bo`yыn-mo`yыn (xorazm shevasida). Adabiy tilning qo`llanish doirasi ham juda kengdir. Ilmiy, badiiy, publitsistik hamda ommaviy axborot sohalarining barchasi uchun umumiy tushunarli bo`lgan til ko`rinishidir. Milliy til esa millatning paydo bo`lishi bilan bog`liq. Millatning jonli tili va adabiy tili birgalikda milliy tilni tashkil qiladi. Adabiy til va jonli tilni alohida-alohida ajratish mumkin emas. Ular bir-biri bilan chambarchas bog`liqdir. Bir-birini boyitib boradi. Adabiy tilni xalq shevalari hisobiga boyitishda ayniqsa so`z ustalari-yozuvchi va shoirlarning xizmati kattadir.
Ular dialektizmlardan o`rinli foydalanib shevaga xos so`zlarni adabiy tilga qabul
qilishadi. Bu sohada ayniqsa A.Qahhor, A.Qodiriy, Oybek, Chulpon, Fitrat va
boshqalarning xizmatlari katta. Ma`lumki, ayrim narsa va hodisalarning adabiy til
lug`atlarida uchramaydigan nomlari shevalarda mavjuddir. Bunday so`zlarni hech
ikkilanmasdan adabiy tilga qabul qilish lozim. Har bir til o`zining uzoq tarixiga ega. Til tarixi naqadar chuqur o`rganilar ekan, shu qadar murakkablashib boradi. Tilimizning hozirgi kunidan uzoq o`tmishiga qarab qanchalik uzoqlashsak, ma`lumotlar ham shunchalik xiralashadi. Aniq takitlar o`rnini taxmin va farazlar egallaydi. Keyinchalik esa ana shu taxminlarni faktlarga aylantirish uchun ma`lumotlar to`plana boshlanadi. O`zbek tilining ham uzoq o`tmishi mana shunday taxmin va farazlar bilan belgilanadi. O`zbek tili turkiy tillar guruhiga mansub bo`lib, uning o`tmishi ham bu tillar bilan bog`liqdir. Hozirgi turkologlar butun turkiy tillarni yagona tildan kelib chiqqanligi haqidagi g`oyaga qo`shilmoqda. Bu g`oya etarli dalillar bilan isbotlangan. Turkiy tillarning barchasi uchun umumiy tarixiy manba hisoblangan qadimgi turkiy til Oltoy nazariyasiga ko`ra mo`g`ul, tungus-manchjur, koreys va yapon tillari bilan birgalikda Oltoy tillar oilasiga kiradi. Oltoy tillarini Ural tillari: ugor, fin va samodiy tillari bilan qarindosh deb hisoblovchilar ham bor. Biroq bu taxminlar asoslanmagan. Shunday bo`lsa ham olimlar Oltoy nazariyasi tarafdori. Mazkur nazariyaga ko`ra turkiy tillarning, jumladan, o`zbek tilining tarixi, Oltoy tillarining qadimda bir til bo`lgan Oltoy davridan boshlanadi. Tarixiy hujjatlarning yo`qligi sababli bu davrning vaqt chegarasi noma`lum. Oltoy bobo tili dastlab tungus-manchjur va turk-mo`g`ul tillariga; turk-mo`g`ul tili esa turk va mo`g`ul tillariga ajralgan. Shundan so`ng turkiy tillar tarixida Xun davri (miloddan avvalgi III asrdan milodning IV asrigacha) boshlanib, turkiy tillar ikki tarmoqqa: sharqiy xun tarmog`i va g`arbiy xun tarmog`iga bo`linadi. Turkiy tillar tarixida Xun davrining alohida ko`rsatilishiga o`sha davrda Markaziy Osiyodan Sharqiy Yevropagacha bo`lgan hududni ishg`ol qilgan Xun xonligining vujudga kelib, keyinchalik uning ikkiga ajralishi asos qilib olinadi. X
Xun davridan keyin Qadimgi turkiy til davri boshlanadi. Bu davr turkiy tillar uchun umumiy bo`lgan qadimgi turkiy tilning paydo bo`lishi va rivojlanishi bilan bog`liq. Turkiy tillarga tegishli dastlabki yozma yodgorliklar ham shu davrga oid. Turkiy tillar geneologik jihatdan bir-biriga juda yaqin bo`lgan guruh hisoblanib so`zlashuvchi aholi soni 300 million atrofida. Turkiy tillar fonetik jihatdan singormanizm morfologik jihatdan esa agglyutinatsiya bilan xarakterlanadi. O`zbek adabiy tili tarixini o`rganishning asosiy manbalari quyidagilar: 1.Yozma obidalar, tarixiy, ilmiy asarlarning matnlari; 2. sheva materiallari; 3. joy
nomlari toponimlar, gidronimlar; 4. kishi ismlari; 5. hozirgi o`zbek adabiy tili materiallari; 6. tarixiy-lingvistik lugatlar; 7. turkologiyaga oid o`zbek (yoki boshqa turkiy) rus va xorijiy olimlarning tadqiqotlari. Bu manbalarga suyangan holda til tarixini mukammal o`rganib to`g`ri xulosalar chiqarish mumkin. Demak, o`zbek tilining tarixiy ildizlari bizgacha yozma manbalar orqali ma`lum bo`lgan qadimgi turkiy til davriga, undan ham oldingi ildizlar esa, Oltoynazariyasi taxminlariga asoslanadigan o`lsak Oltoy tiliga borib taqaladi. «Har bir xalq tilining shakllanishi shu tilda so`zlashuvchi xalqning kelib chiqish tarixi bilan bevosita bog`langan» degan edi G`.Abdiraxmanov. Haqiqatdan ham til millatning, xalqning birlamchi belgisidir. Tilini yo`qotgan millatni xalq deyin qiyin.
1.Ikkinchi bir masala ma`lum bir xalq va uning tili turli xil davrlarda turli xil nomlanishi mumkin. Hatto xalq nomi bilan til nomi boshqa-boshqa nomlanishi ham mumkin. O`zbek xalqi va uning tili ham turli xil davrlarda turli xil atamalar bilan nomlanib kelgan. O`zbek xalqining va uning tilining shakllanishi haqida tarixiy va lingvistik adabiyotlarda quyidagicha ma`lumotlar keltiriladi: «Hozirgi kunda o`zbek deb ataluvchi millat aniq hududiy chegara doirasida, iqtisodiy, madaniy til birligida XI-XII asrlarga kelib xalq sifatida shakllandi». A.Aliev va Q.Sodiqov muallifligidagi «O`zbek adabiy tili tarixidan» kitobida ham shunga yaqin fikr ta`kidlanadi: XI asr oxiri va XII asrlarda qarluq qabila dialekti tarkibiga chegil, arg`u, tuxsiy, yag`mo kabi qabila dialektlari qo`shilib, karluq qabilalar uyushmasi va lahchasini tashkil qildi. Ana shu qarluq lahjasi negizida o`zbek elati va tili shakllangan. O`zbek elati tilining shakllanishida o`g`uz va qipchoq lahjalarining izlari ham sezilarli bo`lgan. Lekin bu davrda o`zbek atamasi elat va uning tili manosida ommalashmagan edi». G`.Abdiraxmanov o`zbek xalqining va o`zbek tilining shakllanish jarayonini XI-XIII asrlar oralig`i deb ko`rsatadi. X
G`.Abdiraxmanov «O`TA» jurnali 1989 yil 2-sonidagi «O`zbek xalqining etnonegizi va o`zbek tilining shakllanishi haqida» maqolasida quyidagicha fikrlarni uchratamiz: shunday qilib, hozirgi o`zbek xalqi O`rta Osiyoning qadimgi so`g`d, sak, massaget, kango`y, xorazm va boshqa etnik guruhlarga keyingi davrda qo`shilgan turkiy urug` va qibilalarning birlashmasi asosida shakllandi. Bu xalkning shakllanishi XIII asrga kelib tugallandi. O`zbek tilining shakllanishi boshqa turkiy tillardan ajralib chiqish jarayoni XI-XIII asrlarni o`z ichiga oladi. Shakllangan bul xalq, avvalo turkiy xalq deb, tili turkiy til deb nomlanadi. Ammo boshqa turkiy xalq va tillardan farqlash uchun «O`rta Osiyo turkiysi», o`zbek yoki chag`atoy tili deb nomlanib kelingan. Aslida «o`zbek» etnonimi xalq shakllangandan keyinroq XV asrning I yarmida qo`llana boshladi.
Demak, bu fikrlarga asoslanib o`zbek xalqining va o`zbek tilining shakllanish jarayonini XI-XIII asrlar oralig`i deb belgilay olamiz. Endi bu xalqning va uning tilining nomlanishiga to`xtalsak. Yuqoridagilardan ma`lumki, o`zbek xalqi avvalo turkiy atamasi bilan nomlangan. Biroq bu atama etnonim sifatida o`zbek xalqi shakllanmasdan oldin ham qo`llanilgan. VII-VIII asrlarga oid Urxun-Enasoy yodnomalarini ham «Turk-bodun», «Ko`kturk» kabi birikmalarda xalq nomi sifatida qayd etiladi. Bu etnonim haqida adabiyotlarda quyidagicha ma`lumotlar keltiriladi: G.A.Xidoyatovning «Mening jonajon tarixim» Toshkent-1992, 13-14 bb. Kitobida quyidagi faktlar keltiriladi: turklarning kelib chikishi haqida turli fikrlar bor. Xitoylar turklarni xunlar avlodlari deb hisoblaganlar. Turklar Xun itifoqi shaxobchalaridan birining avlodlari bo`lgan, deb hisoblashga hozir asoslari bor. G`arb tarixchilari turklar skiflarga… qarindosh bo`lganligini taxmin qilishadi. Turk so`zning o`zi «kuch, qudrat» degan ma`nolarni anglatadi va u biron-bir ayrim qabila yoki knyaz` urugi nomi bilan bog`liq emas. Aftidan, «Turk» turk atamasi siyosiy ma`nodan ko`proq etnografik ma`noda ishlatilgan. G`.Abdiraxmanov yuqorida qayd etilgan maqolasida turk etinonimi haqida quyidagilarni bayon qiladi: X
Shunday qilib, O`rta Osiyo va Qozog`iston xududida joylashgan turli turkiy urug`lar yagona xalq sifatida VI asrdayoq shakllangan edilar, bu xalq umumiy nom bilan turkiy xalq, tili turkiy deb nomlandi. Yuqorida nomi tilga olingan «O`zbekiston xalqlari tarixi» kitobining 1-jildi 62-63-betlarida «Turk» etnonimi haqida quyidagi ma`lumotlar keltiriladi: «VI asr o`rtalariga kelib Markaziy Osiyoda yirik ko`chmanchilar davlati-Turk xoqonligi tarkib topdi. … «Turk» atamasi etnik mazmunni anglatmay bir necha qabila xalqlar birlashuvini bildiruvchi siyosiy atama sanalgan S.Tolstoy «Turkiy» so`zi «yosh, o`ylanmagan jangchi» ma`nosini anglatishini isbotladi. So`ng bu so`z «qabila ayonlari» va nihoyat siyosiy jixatdan birlashgan xalqlarning umumiy nomiga aylangan». «O`zbek adabiy tili tarixi» darsligida turk atamasining etimologiyasiga kengroq to`xtab o`tilgan. Tarixchilardan V.V.Bartol`d, S.P.Tolstov,
A.N.Bernshtamlar O`rxun-Enasoy bitiklaridagi turk atamasiga asoslanib, bu so`z
qabilalar uyushmasi ma`nosini anglatgan degan fikrni ilgari surishadi. Xitoy yilnomalarida bu so`z aloxida jangchilar guruhi ma`nosida, qadim eron tilida askarlarning bosh kiyimi ma`nosida, Alisher Navoiy asarlarida «O`zbek xalqi» ma`nosida, «Boburnoma»da va kadimgi uyg`ur yodgorliklarida «kuchli va qudratli» ma`nolarida qo`llanilgan. G.Vanberin fikricha esa turk so`zi sodda ma`nosini bildirgan. Bu fikrlarni umumlashtirib xuosa chikaradigan bo`lsak, turk so`zi VI asrda shakllangan, Markaziy Osiyoda yirik davlat barpo qilgan qabilalar uyushmasiga nisbatan qo`llanilgan va keyinchalik shu xalqning va uning tilining nomini anglatgan. XI-XIII asrlarga kelib bu xalq parchalana boshlangan va uning negizida bir kancha millatlar paydo bo`lgan shundan keyin turk, turkiy atamalari yangi shakllangan eng katta etnik guruh o`zbeklarga nisbatan qo`llanilgan deyish mumkin. XVI asrdan boshlab esa turk atamasi o`rnini o`zbek atamasi ola boshlagan. Hozirgi kunda turk atamasi etnonim sifatida XI asrda O`rta Osiyodan Anatoliyaga ko`chib ketgan saljuqiylarning avlodlari sanalgan hozirgi turk xalkiga nisbatan qo`llaniladi. O‘zbek dabiy tili o‘z tarixini qadimgi turkiy til – ko‘k turk bitiglari hamda uyg‘ur, moniy, brahma, sug‘d yozuvlarida bitilgan eng ko‘hna turkiy obidalar tilidan boshlaydi. X
Turkiy adabiy tilning shakllanishi va uning takomilga erishuvida VI–VIII yuzyilliklarda hukum surgan Birinchi va Ikkinchi ko‘k turk xoqonliqlari davri ayricha o‘rin tutadi. O‘sha kezlar qudratli turk saltanatlarining yuzaga kelishi turkiy xalqlar madaniyati, adabiyoti va adabiy tilining taraqqiyotiga keng yo‘l ochib berdi. Davlat va jamiyat boshqaruvi, davlat ish yuritish va xalqaro diplomatik munosabatlarni tartibga solish, ilm-fan va adabiyot uchun saltanat tuproqlarida yagona adabiy tildan foydalanish ehtiyoji tug‘ildi. Turk xoqonlari va dovrug‘li kishilar sharafiga tiklangan yodnomalar ana shu adabiy tildadir. Bitiglar butun turk uluslariga qarata yozilgan. Ular xoqonning o‘z yaqinlari, urug‘lari, yurt egalari, to‘rt yoqdagi o‘lkalarga, butun turk ulusiga, kelajak o‘g‘il-qizlarga murojaatidir. Jumladan, 732 yili ulug‘ sarkarda Kul tigin sharafiga tiklangan yodgorlik bitigi shunday so‘zlar bilan boshlangan: Sabïmïn tükäti esidgil: ulayu ini yägünüm, oğlanïm, biriki oğušum, bodunum, biryä šadapït bäglär, yïrya tarqat, buyruq bäglär, otuz … toquz oğuz bägläri, bodunï, bu sabïmïn edgüti esid, qatïğdï tiŋlä. – So‘zimni tugal eshitgil ketimdagi ini, jiyanim, o‘g‘lonim, ittifoq, urug‘im, xalqim, o‘ngdagi shadapit beklar, chapdagi tarxonlar, buyruq beklar, o‘ttiz ... to‘qqiz o‘g‘uz beklari, xalqi, bu so‘zlarimni yaxshilab eshit, diqqat bilan tingla (Ka.1–2). Bu jumlalar ko‘k turk bitiglarining butun turk uluslariga tushunarli, ular uchun umumiy bo‘lgan til bilan bitilganligidan dalolat beradi.
Ko‘k turklar zamonida yuzaga kelgan adabiy til an’analari uyg‘ur xoqonliqlari davrida ham davom etdi. Uyg‘ur xoqoni Mo‘yun-cho‘r sharafiga tiklangan yodgorlik bitigida davlat nizomi bilan bog‘liq misol bor. Bitigda 750 yil voqealari hikoya qilinar ekan, shunday bitiladi: Ol yïl …bašï anta aqsïraq ordu örgin anta ititdim, čït anta toqïtdïm, yay anta ayladïm, yaqa anta yaqaladïm, belgümin bitigimin anta yaratïtdïm. – O‘sha yili ... (Kem) boshida oq o‘rda chodirini tiktirdim, mudofaa devorlarini qurdirdim, yozni o‘sha еrda o‘tkazdim, o‘sha еrda tangriga ibodat qildim, tug‘roimni, bitigimni (tuzugimni) o‘sha еrda yarattirdim (MČ.20).
Qadimgi turkiy tilda belgü – “belgi”, forschadagi “nishon” ma’nosini beradi, belgü bitig esa juft holda “davlat tuzugi, nizomi, bosh qonuni” ma’nosini anglatadi. Bitigdan olingan misolda o‘sha chog‘lar Mo‘yun-cho‘r tomonidan uyg‘ur xoqonlig‘ining davlat nizomi (tuzugi) yaratilgani ta’kidlanmoqda. Yoki bitigda tovushqon yil, beshinchi oy voqealari shunday ta’riflanadi: Anta Ïduqbaš kedintä, Yabaš, Toquš beltirintä anta yayladïm, örgin anta yaratïtdïm, čït anta toqïtdïm, bïŋ yïllïq, tümän künlük bitigimin belgümin anta yasï
tašqa yaratïtdïm. – O‘shanda g‘arbda Iduqboshda, Yabash va To‘qush (daryolarining) quyilishida yozni o‘tkazdim. O‘sha yerda saroyimni qurdirdim, mudofaa devorlarini o‘sha еrda tiklatdim, ming yillik, tuman kunlik bitigimni-tuzugimni o‘sha yerda yassi toshga yozdirdim (MČ.21). Ushbu misoldagi “ming yillik, tuman kunlik bitig” uyg‘ur xoqonlig‘i davrida qadimiy til va yozuv, matn tuzish an’analari davom etganligi, ming yillik an’analar asosiga qurilgan davlat nizomining yassi toshga yozdirilganligi qayd etilmoqda.
Uyg‘ur xoqonliqlari davrida eski an’analar davom etishi bilan birga, adabiy til yangi bir bosqichga ko‘tarildi. Bu jarayon sharqiy turklarda buddizm, moniylikning keng yoyiluvi
bilan bog‘liq. Turkiy muhitga buddizmning tarqalishi, avvalo, tarjimachilik sohasida katta burilish yasadi. Ko‘plab budda yodgorliklari qadimgi turkiyga tarjima qilina boshladi. Odatda, ushbu asarlar sanskrit, tohar, sug‘d va xitoy tillaridan o‘girilar edi. O‘sha kezlar sharqda budda asarlarining toharcha, sug‘dcha, xitoycha versiyalari ham keng tarqalgan edi. Budda yodgorliklari faqat sanskritchadan emas, o‘rni bilan, ana shu tillardagi versiyalaridan ham tarjima qilingan. Bunday tarjimalarda boshida toharcha nusxalardan foydalanildi. Keyinchalik, tohar tilining mavqei susayganligi uchun bo‘lsa kerak, xitoychadagi budda asarlari turkiyga o‘girilgan.
Shuningdek, turk ijodkorlari diniy mazmundagi asarlar ijod etdilar. Bu kezda yaratilgan budda no‘m kitoblari, sutra va shastarlar diniy-falsafiy asarlargina emas, ular qadimgi turk yozma adabiyoti va adabiy tilining qimmatli namunalari hamdir. Budda asarlari uzoq davr taraqqiy etib takomilga erishgan klassik yozma adabiy tilda, uning kitobiy uslubida yaratilgan. Diniy asarlarda bu kitobiy ko‘tarinki uslub qat’iylashib me’yorga aylangan. Keyinchalik, asar nusxalari qay zamonda ko‘chirilishidan qat’i nazar, tarixiy o‘lchovlarga amal qilinavergan. X asrda qoraxoniylar davlatida islom dini rasman qabul qilindi. Bu jarayon adabiy til, yozma adabiyot, madaniy hayot va falsafiy qarashlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ayni kezlardan adabiy tilning yangi bir bosqichi boshlanadi.
Mo‘g‘ullar saltanati davrida ham butun saltanatga qaram yerlarda, to‘rt ulusda – Chig‘atoy, Jo‘ji, Xulagu, O‘ktoy (Ugadoy) uluslarida mo‘g‘ul tili emas, qoraxoniylar adabiy tili an’anasini saqlagan turkiy til amalda bo‘ldi.
Adabiy til xususida so‘z ketganda Oltin O‘rda davlatida yoki boshqa qipchoq ellarida o‘sha chog‘lar yuzaga kelgan yozma til an’anasini ham unutmaslik kerak. Bu muhitda yaratilgan yodgorliklar tili ayrim dialektal o‘zgachaliklari bilan o‘zga muhitda yaratilgan asarlar tilidan farqlanib turadi. Ushbu yodgorliklar tilida qipchoq elementlarining ta’siri kuchli. Ayrim asarlarda ularning “qipchoq tili”da ekanligi ham ta’kidlangan (manbalardagi “qipchoq tili” atamasi qipchoq lahjasi ta’sirida bo‘lgan yozma adabiy tilni anglatadi). Oltin
O‘rda zamonidagi yozma-adabiy til “chig‘atoy turkiysi”ning qipchoq ta’siriga berilgan bir ko‘rinishi edi. Keyinchalik bu til hozirgi qipchoq tillarining shakllanuvida asos bo‘lib xizmat
qildi. Ko‘k turk, qadimgi uyg‘ur, qoraxoniylar davri adabiy tili, Oltin O‘rda davlatida yuzaga kelgan yozma yodgorliklar tili an’analari ta’sirida o‘rta asrlarda turk musulmon dunyosida
ikki ulkan yozma-adabiy til shakllandi. Shulardan biri tilshunoslik tarixida “chig‘atoy turkiysi” otini olgan.
“Chig‘atoy turkiysi” tarixda qo‘llangan atama bo‘lib, XIII–XVI asrlardagi eski o‘zbek adabiy tilining boshqa bir otidir. Bu til O‘rta Osiyoda temuriylar davrining adabiy tili sifatida yuzaga keldi. Mavlono Lutfiy, Atoiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari ulug‘ allomalarimiz o‘zlarining o‘lmas asarlari bilan eski o‘zbek tilini yuksak bosqichga ko‘tardilar, uning keyingi takomil yo‘lini belgilab berdilar. “Chig‘atoy ulusi” deyilganda O‘rta va Markaziy Osiyodagi turkiy ulus, “chig‘atoy turkiysi” deganda esa uning
uzoq asrlardan beri rivojlanib, takomil bosqichiga erishgan yozma adabiy tilini anglamog‘imiz kerak.E’tiborga sazovor еri shundaki, o‘rta asrlarda eski o‘zbek tili (“chig‘atoy turkiysi”) O‘rta Osiyodagi barcha turkiy xalqlar uchun umumiy adabiy til sifatida xizmat qildi. Temuriylar davrida takomillashib, yuksak bosqichga erishgan eski o‘zbek adabiy tilining an’analari O‘rta Osiyo turkiy xalqlari orasida uzoq davom etdi. Turli o‘lkalarda – kerak Qashqarda, kerak Hirot, Yazd yoki Samarqandda bo‘lsin yashab ijod etgan adabiyot ahlining asarlari bir-biriga tushunarli tilda ekanligining boisi ham shunda. O‘zbek tili tarixida ushbu an’analar XX asr boshlariga qadar saqlanib qoldi.
Ko‘k turk, qadimgi uyg‘ur, qoraxoniylar davri adabiy tili an’anasi ta’sirida XIII asrda saljuqiylar davrida o‘g‘uz guruhi asosidagi ikkinchi bir adabiy til ham tarmoq ota boshladi. U ilmiy adabiyotlarda “eski anato‘lu turkchasi” otini olgan. Saljuqiylar davlatida ham, undan keyingi chog‘larda ham O‘rta va Markaziy Osiyoda bo‘lgani singari turkiy tilga katta e’tibor
qaratilgan. 1277 yili Anato‘lidagi Karaman bekligining hukumdori Karamano‘g‘lu Mehmetbey davlat ishlarida turkiy tilni joriy etish bo‘yicha farmon chiqargan edi. Farmonda shunday deyiladi: Šimdän girü hič kimesnä qapuda-vu divānda va majālis-u seyranda türki: dilindän ğayrï dil söylämäyä. Eski Anato‘li turkchasi asosida keyinchalik usmoniy turkchasi yuzaga keldi. Usmoniy turkchasi eski o‘zbek adabiy tiliga parallel holda amal qilgan. Mazkur adabiy til usmoniylar saltanatining, Anato‘lida yuzaga kelgan adabiy va madaniy muhitning yozma tili edi. Shu o‘rinda ba’zi usmoniy shoirlarining Navoiy va boshqa o‘zbek klassiklariga ergashib, o‘z adabiy tili bilan bir qatorda, “chig‘atoy turkiysi”da ham ijod qilganliklarini eslash o‘rinlidir.
Hozirgi o‘zbek tili eski o‘zbek adabiy tili (“chig‘atoy turkiysi”) negizida shakllangan bo‘lsa, turk adabiy tili usmoniycha asosida yuzaga kelgan. Turkiy adabiy tilining yuzaga kelishi, yozma uslublar va grammatik me’yorlarning muayyan qolipga tushuvi, ularning
yuksaluvida shoir-yozuvchilar, tarix bituvchilar, olimlar, tarjimonu kotiblarning xizmati kattadir. Qadimgi turk adabiyotining eng keksa namoyandalaridan biri Ikkinchi turk xoqonlig‘i davrida yashab, ijod etgan adib va tarixnavis, yirik davlat arbobi To‘nyuquqdir. U uch xoqon –Eltarish, uning inisi Bo‘gu, Eltarishning o‘g‘li Bilga xoqon taxtda ekanligi chog‘ida maslahatchi va sarkarda edi. Saksondan o‘tib vafot etgan. To‘nyuquqning bir asari ma’lum. Asar adibning o‘z xotirasiga tiklangan qabrtoshga bitilgan. Bitigda adibning oti bilgä Toñuquq deb qayd etilgan. Otiga qo‘shilayotgan bilgä so‘zi uning unvoni bo‘lib, bilimdon, аlloma” degan ma’noni bildiradi. U ulug‘ donishmand, хоqon maslahatchisi bo‘lgani uchun shunday unvonga erishgan. Qadimgi turk adabiyotining yana bir namoyandasi adib va tarixnavis Yo‘llug‘ tigindir. U ham Ikkinchi turk xoqonlig‘I davrida yashagan, o‘zi Bilga xoqonning o‘g‘li edi. Bitigda adibning oti Yol(l)uğ tigin ko‘rinishida yozilgan. Otiga ngit tigin so‘zining qo‘shib aytilishi ham shundan, tigin –qadimgi turkiy tilda “shahzoda” degani.
Turkiy adabiyot va turk tarixnavisligi o‘tmishida Yo‘llug‘ tiginning ikki asari dovrug‘ qozongan. Biri Bilga xoqonning inisi, Yo‘llug‘ning amakisi Kul tigin sharafiga, ikkinchisi Bilga xoqon sharafiga bitilib, ularning qabrtoshiga yozdirilgan. Bitiglar fanda yodgorlik atalgan kishilarning oti bilan yuritiladi. Kul tigin bitigi 732 yili, Bilga xoqonga bag‘ishlangani 735 yili tiklangan. E’tiborlisi shundaki, Kul tigin kichig bitigining 1–11-qatorlari Bilga xoqon bitigi muqaddimasining 1–7- qatorlarida, Kul tigin ulug‘ bitigining 1–30- qatorlari Bilga xoqon ulug‘ bitigining 3–23- qatorlarida qaytalaydi. Mashhur sarkarda Kul tiginga atalgan bitig Bilga xoqonning buyrug‘i bo‘yicha tiklangan, undagi matn ham xoqon tilidan so‘zlanadi. Ehtimol, uni xoqonning o‘zi aytib turib yozdirgan chiqar. Yozuvchi Yo‘llug‘ tigin otasining so‘zlarini matnga tushirgan. Endi oradan uch yil o‘tib, Bilga xoqon vafot etgach, unga bag‘ishlangan bitigni ham Yo‘llug‘ tigin yozdi. Xoqonning burungi yodgorlikka bitilgan murojaatini olib, bunisiga ham kiritdi. Biroq, keyingi bitigdagisi burungi matnning so‘zma-so‘z qaytarig‘i emas, balki yozuvchi tomonidan qayta ko‘rilgan, tahrir etilgan variantidir.
Amaliy mashg‘ulot uchun savol va topshiriqlar
«O‘zbek» atamasining kelib chiqishi bilan bog‘liq bir faraz haqida
O`zbek adabiy tili tarixini o`rganishning asosiy manbalarini ko’rsating
«Siz alima qunchuyuma oqlashma budunima sizima altmыsh yashыmda...» ushbu matnni izohlang
Adabiyotlar:
1.Tursunov U., O`rinboev B., Aliev A. O`zbek adabiy tili tarixi. Toshkent,
1995.
2.Muxtarov A., Sanaqulov U. O`zbek adabiy tili tarixi. Toshkent, 1994.
3. E. Umarov. Uyg’ur yozuvi. Toshkent – 2013.
Do'stlaringiz bilan baham: |