Mustaqillik yillarida ijtimoiy lingvistika
Reja:
1. O’zbek tili-O’zbekiston Respublikasining davlat tili.
2. O’zbek tilining xalqaro maydondagi mavqei
3. O’zbekistonda ijtimoiy tilshunoslik masalasidagi sa‘yi harakatlar.
Mamlakatimizning istiqlolga erishishi o’zbek xalqining madaniy-ma‘naviy hayotida ulkan ijobiy o’zgarishlarning yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Istiqlol tufayli milliy qadriyatlarimiz tiklanmoqda. Xalqimizning ma‘naviyati, madaniyati, axloqiy e‘tiqodlari, milliy ruh va yangi mazmun bilan to’lmoqda.O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov «Xalqning milliy madaniyati va o’ziga xosligini ifoda etuvchi vosita bo’lmish o’zbek tilini rivojlantirish, bu tilning davlat maqomini izchil va to’liq ro’yobga chiqarish» davlat ahamiyatiga molik ekanligini ta‘kidlagan edi. Darhaqiqat, o’zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi hayotimizdagi eng muhim o’zgarishlardan biri bo’ldi. Negaki, asrlar davomida amalga oshmagan xalqimiz orzusi ro’yobga chiqdi. Bir paytlar oila, ko’cha va oddiy so’zlashuvda ishlatilib kelingan o’zbek tili endilikda dunyo miqyosidagi yirik anjumanlarni o’tkazish darajasidagi til sifatida maydonga keldi. Xo’sh, buning tub mohiyati nimada? Albatta, til xalq va millatning ko’zgusi. U har bir xalqning va millatning yashash tarzini, ijtimoiy munosabatlardagi o’rnini, turmushini, urf-odatlarini o’zida namoyon etadi. Shunday ekan, o’zbek tili o’zbek xalqining ijtimoiy hayot tarzini aks ettirishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Xolbuki, O’zbekistonda istiqomat qilayotgan har bir shaxs o’zbek tilining imkoniyatlaridan to’la-to’kis foydalanish huquqiga ega bo’ldilar. Demak, irqidan, millatidan, yoshi va jinsidan qat‘iy nazar o’zbek tili shu ona zaminning barcha kishilari uchun o’z ona tillari sifatida hisoblanib kelingani diqqatga molikdir. Mustaqillik yillarining dastlabki kunlaridan boshlab o’zbek tilining imkoniyat doirasi yanada kengayib bordi. Xususan, uning ijtimoiy til faktori sifatidagi mavqei oshib bormoqda. Keyingi yillarda jahon tilshunosligida (ingliz, nemis, frantsuz, rus) bo’lgani kabi o’zbek tilining barcha sathlari bo’yicha ko’plab ilmiy izlanishlar qilinmoqda, darslik, qo’llanmalar hamda maqolalar yaratilmoqdaki, buning o’zi o’zbek tilining taraqqiyotiga sezilarli ta‘sir qilmoqda. Xususan, ijtimoiy lingvistika sohasida olib borilayotgan ko’pgina tadqiqotlar o’zbek tili taraqqiyotidagi muhim va dolzarb masalalar sirasiga kiradi.
Darhaqiqat, O’zbekiston ko’p millatli mamlakat bo’lib, yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir millat va hatto kichik etnik guruhlar ham uning ravnaqi yo’lida o’z kuch-qudratlarini sarflab kelishmoqda. Xususan, davlatimizning oliy ta‘lim va o’rta maxsus bilim yurtlarida hamda kollej va litseylarda o’zbek tilini o’qitish va o’rgatish ishlari bilan bog’liq masalalar amalga oshirilib kelinmoqdaki, bu ham O’zbekistonda ijtimoiy lingvistika fanining rolini oshib borayotganligidan dalolatdir. Bugungi kunda o’zbek tili mamlakatimizdan tashqari ko’pgina davlatlarda o’qitilib, o’rgatilib kelinmoqda va bu borada hamkorliklar qilinyapti. Xususan, AQSH, Germaniya, Rossiya kabi davlatlarda o’zbek tilini o’rganishga qaratilgan ishlar hamda shu nufuzli mamlakatlarda o’zbek tili markazlarining tashkil etilishi bunga yaqqol misoldir. Shu bilan birga, O’zbekistonda ijtimoiy til, til qurilishi va til siyosatida muhim o’rin egallayotganligini ham alohida uqtirib o’tmoq lozim. Ayniqsa, o’zbek tilining davlatimiz institutlarida o’qitilishi va o’rgatilishi yoshlarga til va tafakkur, til va diniy aqidalar, til va yosh, til va jins haqida to’la-to’kis ma‘lumotlarga ega bo’lishida muhim ko’mak vazifasini o’tab kelmoqda. Kuni kecha, ya‘ni mustaqillikka qadar asrlar davomida bobolarimiz, avlod-ajdodlarimiz tomonidan aytib kelingan milliy urf-odatlarimizga daxldor bo’lgan chiroyli so’zlashlar ta‘qiqlanib kelindi. Masalan: oziq-ovqat iste‘mol qilgandan so’ng omin deyishning o’zini qoralash, yoki «Assalomu-alaykum» degan kishiga nisbatan ham yomon ko’z bilan qarashlar mavjud edi va aksincha, ular o’rnida o’sha Ovro’pocha munosabatlarda bo’lish ma‘qul deb kelindi.
Endilikda bular o’rnida o’sha asriy qo’llanilib kelingan o’zimizning an‘analarimizga asoslanmoqdamizki, bu esa ijtimoiy tilshunoslik fanining mavqeini mustahkamlash yo’lidagi dadil harakatlardir. O’zbekistonda mustaqillik yillarida ijtimoiy tilshunoslik masalasida qilinayotgan sa‘yi harakatlar til va jamiyat o’rtasidagi munosabatlarning umumlashuvida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. O’zbek tilining jamiyat taraqqiyotidagi o’rnini belgilash, uning ijtimoiy vazifani bajarishdagi muhimligini aniqlash ham ijtimoiy tilshunoslikning o’ziga xos xususiyatlaridan biridir. Ayniqsa, insonning lisoniy xulqi, ijtimoiy hayotda uning til materiallaridan, so’z ishlatish jarayonidan foydalanish jihatlari ham ijtimoiy lingvistika aspekti doirasidagi masalalardan biridir. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda ijtimoiy lingvistika fani o’zining predmetiga ega bo’lishi bilan birga yaxlit fan sifatida shakllanmoqda. Shunday bo’lsa-da, mamlakatimizda ijtimoiy lingvistika fanini rivojlanishi uchun ayrim muammolar haligacha o’z yechimini topgani yo’q. Bu fanning yurtimizdagi taraqqiyoti yo’lida anchagina ishlar qilinmog’i lozim. Xususan, O’zbekistonda ijtimoiy lingvistika fanining muhim vazifalari sifatida quyidagilarni bajarish maqsadga muvofiqdir.
1. O’zbek tilining ijtimoiy mavjudligini aniqlash;
2. O’zbekistonda bilingvizm va ko’p tillilikning ijtimoiy xususiyati;
3. O’zbek tilining (nutqiy) vaziyatlari tipologiyasi
4. O’zbek milliy va adabiy tili hamda ularning ijtimoiy vazifasini bajarish kabi masalalarni tadbiq etish lozim.
Zamonaviy sotsiolingvistikaning eng muhim xususiyatlaridan biri shundaki, u tilshunoslik va sotsiologiyaga xos zanjirsimon bog’lanish hosil qilmasdan, ularning yagona nazariya, yagona ob‘ekt tushunchasining birligi hamdir. Tilning jamiyat hayotidagi o’rni, uning jamiyat taraqqiyotiga ko’rsatadigan ta‘siri sotsiologlar, etnograflar kabi soha vakillari uchun tadqiqot manbaidir.
O’zbekistonda ijtimoiy lingvistika fanining taraqqiyotiga muhim ahamiyat kasb etadi deyish mumkin. Xullas, yuqoridagilarga asoslanib, O’zbekistonda ijtimoiy tilshunoslik bilan bog’liq ayrim masalalarni bajarmoq lozimligini ta‘kidlamoqchimiz:
1. O’zbek tilining ijtimoiy munosabatlarda ijtimoiy-tarixiy faktor sifatidagi o’rnini belgilash.
2. O’zbekistonda ijtimoiy tilshunoslikning hududiy dialektlar orqali belgilanishi.
3. Hozirgi paytda o’zbek tilining O’zbekistondagi barcha millat va elatlar uchun markaziy yadro sifatidagi o’rni.
4. Ijtimoiy tilshunoslikning mustaqil mamlakatimiz taraqqiyotidagi o’rnini belgilash.
5. O’zbekistonda ijtimoiy lingvistika masalalaridan kelib chiqqan holatda, uning til siyosatidagi o’rnini aniqlash kabilar hozirgi o’zbek ijtimoiy lingvistikasining asosiy qonuniyatlarini o’rganishimizga asos bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |