3.3.3. Qonni quritish Qon va uning fraksiyalarini quritish, ularni boshqarib bo‘lmaydigan haroratda uzoq muddat saqlash va ularni transportirovkalashni ancha yengillashtirish imkoniyatini beradi. Qon va uning fraksiyalarini quritish sharoiti va rejimi uning tarkibidagi oqsillarning funksional xususiyatlarini maksimal darajada saqlashi kerak.
Hozirgi davrda qonni suvsizlantirish purkab quritish asosida olib boriladi. Qonni yuqori dispersiya holatida quritishda, quritilayotgan mahsulotning ta’sir yuzasi ko‘payishi natijasida namlikning bo‘g‘lanishi tezlashadi. Purkash natijasida zarrachalar o‘lchamining kamayishi, ichki diffuziya ta’siri tezligini minimal darajaga olib keladi.
Qonni purkash natijasida uning yuqori dispersiyaligi sababli suvning asosiy qismi bir necha sekund davomida ajraladi va oqsillarning yuqori haroratga chidamliligini oshiradi. Shu bilan birga quritishning boshlang‘ich bosqichida mahsulotdan namlikni yuqori tezlikda bo‘g‘lanishi, issiqlik manba’i haroratining keskin pasayishiga va quritilayotgan mahsulotning nisbatan past harorat darajasini ta’minlaydi. Quritish agenti harorati 100˚S bo‘lsa ham quritishning oxirgi bosqichida mahsulotning harorati 50-60˚S dan ko‘tarilmaydi.
Qonni suvsizlantirish jarayonida yuqori haroratning qisqa muddatli ta’siri oqsillarning denaturatsiya natijasida o‘zgarishini minimal darajaga keltiradi va natijada quritilgan mahsulotda ularning eruvchanligini yuqori darajasini ta’minlaydi. Purkab quritish asosida olingan kukun (poroshok) birlamchi maydalanmasdan tez eritmaga aylanadi. Purkab quritishning yuqori darajada tezligi, jarayonni uzluksiz qatorda avtomatlashtirish imkonini beradi. Qonni forsunkalar yoki markazdan qochma disklar yordamida purkash mumkin.
Forsunkalar bilan purkash pnevmatik va gidrovlik bo‘lishi mumkin. Ularda suyuqlikning purkash bosimi 2,5-7·10⁵ Pa bo‘lgan qisilgan havo oqimi ta’sirida sodir bo‘ladi. Forsunkaga qon o‘z oqimi bilan keladi. Ishlab chiqarish unumdorligi past bo‘lgan pnevmatik forsunkalar energiya xarajati katta va ishlatilishi murakkab.
Gidravlik (mexanik) purkovchi qurilmalar aylanma harakat qiluvchi yoki harakatsiz forsunkalardan iborat. Forsunkalar teshiklaridan 50x10⁵ Pa bosimda purkaladi. Harakatlanuvchi forsunkali qurilmalar ishlab chiqarish unumdorligiga qarab 4.6 va 9 forsunkali bo‘lib, teshiklari diametri 0.5-1 mm. Harakatsiz forsunkali qurilmalarda 2-3 ta forsunka bo‘lib, teshiklari diametri 1.3-1.7 mm. Forsunkaga kelayotgan qon bosimi qancha katta bo‘lsa, purkash tezligi shuncha yuqori bo‘ladi.
Gidravlik purkovchi usul, energiya harajati tejamkor, lekin ayrim kamchiliklari ham mavjud. Forsunkalar teshigi tez bekilib qoladi, shuning uchun purkashdan oldin qonni filtrlash kerak. Shuningdek, bosim ostida ishqalanish natijasida forsunkalar teshigi tez yeyiladi va quritish ishlari me’yori buziladi. Markazdan qochma kuch asosida qonni purkash to‘rtta va undan ham ko‘proq kanallari bo‘lgan tez aylanadigan diskdan iborat. Qon o‘z oqimi bilan disk voronkasiga keladi, keyin kanalga o‘tadi. Aylanadigan disk tezligi qancha yuqori bo‘lsa, qonni purkash darajasi shuncha kuchli bo‘ladi.
Purkab qurituvchi apparatlar konstruksiyalari turlicha bo‘lsa ham ular quyidagi elementlardan: quritish kamerasi, purkovchi qurilma, havodagi kukunni saqlovchi qurilma, isituvchi, quritilgan mahsulotni tushiruvchi qurilma, ventilyatorlar va havoni tozalovchi filtr, havo oqimi yo‘llari va havoni taqsimlovchilardan iborat.