ABDURAHMON AKBAR
O’rdakchamning ovozi
Jarangdor juda,
Og’zi tinmas «g’a-g’a»lab
Yuvinsa suvda.
Rostini aytsam, unga
Havasim kelar-
Mendan kichik bo’lsa ham
Suzishni bilar!
Ha, bunday jozibali, quvnoq, ta’sirli misralar muallifi Abdurahmon Akbar 1962-yilda Yangi yo’l tumani Niyozbosh qishlog’ida tavallud topgan. U 1987-yilda hozirgi M.Ulug’bek nomidagi Toshkent Milliy universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. A.Akbar “Kichkintoy va paxta oy”, “Ehtiyotkor toshbaqa”, “Uyquchining tushlari” kabi o’ndan ortiq she’riy kitoblar muallifi. Abdurahmon o’zbek bolalar adabiyoti rivojiga qo’shgan katta hissasi uchun Usmon Nosir nomidagi mukofot va O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.
Abdurahmon Akbar ijodi rangba-rang mavzuda, shirali, ta’sirli yozilganligi bilan ajralib turadi. Aksariyat she’rlarining qahramonlari ko’ngillari osmon kabi musaffo, shaloladek quvnoq, orzulari buloqlar suvidek toza, shamoldek tinim bilmaydigan bolakaylar ekanligining guvohi bo’lasiz. Kattalar his qiladigan narsalarni bu bolakaylar ham his qiladilar. Bunday kitobxonlarni o’ylantiradigan, ularning qalbiga zavq bera oladigan she’rlar yozish uchun esa bolalar dunyosini chin dildan bilishi, sevishi, ardoqlashi lozim. Yana bir gap. Ularning yuraklaridagi orzularni qidirib topish, ularni o’rtagan narsalardan o’rtanish, ular hayratlangan narsalardan hayratlanish talab etiladi.
Kichkintoylar dunyoni o’zgacha idrok qiladilar. Kattalar uchun oddiy tuyulgan narsalar ular ko’z o’ngida fojiaviy ko’rinishi, kattalar uchun og’riqli va armonli tuyulgan yechilmas masalalar esa ular nazarida oddiy yechimini topishi qiyin emas. Masalan, mana bu she’riy parchadagi kabi:
Ertakdagi parilar sarvqomat desalar,
Ulardan go’zal derdim Lobaray kennayimni.
Kasal bo’lib qolasiz yig’layversangiz agar,
Desam ham ko’zin yoshlab solib berdi joyimni,
Ona, tog’amning nega bitta ham bolasi yo’q?
Akam, opachalarim xafa bo’lishsa bo’lar
Mening aytganimga ham bir borgina kiringlar
Ko’nmasangiz agarda uydan qochib ketaman,
Meni kichik tog’amga o’g’il qilib beringlar.
Shoirnnig “Iltimos” deb atalgan she’rining adabiy qahramoni tog’asining armoniga ana shu yo’sinda nuqta qo’yishga bel bog’laydi.
“Abdurahmonning o’ziga xosligi – bolalar qalbini so’zlatishda”, - deb yozadi shoira va adabiyotshunos Kavsar Turdiyeva “Yangilanayotgan qadamlar” nomli maqolasida muallif qayd etganidek, shoir she’riy misralarga tushirgan so’zlar bolalar qalbining qa’riga yashiringan tuyg’ularning jilovini tortib, biz kutmagan buloqchalar, ma’danlar, kashfiyotlar ochgandek bo’ladi. Bu xazinalar bolalar qalbida yashiringan his-tuyg’ular, mehr-muhabbat, sog’inch, armon, o’kinch, nafrat va hokazolardir.
A’lochi qiz edi Nigora
Darslaridan sira qolmasdi.
Ahvol so’rab borgan paytimiz –
U o’rnidan tura olmasdi.
Bu A.Akbarning armon haqidagi she’ri. Shoir she’rlarining ikki xususiyati mazkur she’rda yaqqol namoyon bo’ladi. Birinchisi: holat qarama-qarshiliklarini berish (Nigoraning darslardan sira qolmasligi va sal o’tib uning o’rnidan tura olmasligi). Bu qarama-qarshi holat zamirida ilojsizlik, taqdirning achchiq haqiqati yotadi. Va ikkinchi xususiyat – bolalar she’riyatida ham tabiat tasvirini voqealar rivoji bilan uyg’unlikda berish.
Sog’aymadi sinfdoshimiz
Oxirgi kun qorayganda qosh,
... Derazada bizlar keltirgan
Atir – gullar qolgandi so’lib...
Armon, ilojsizlik, ko’z yosh va g’am uning ko’rinishlaridir. Bu ilojsizlikka she’rning so’nggi misralari go’yo so’nggi nuqta qo’ygandek bo’ladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |