So‘zlarda ma’no taraqqiyoti: ma’noning kengayishi, torayishi va ko‘chishi. Til o‘z doirasidagi sub’ektiv va ob’ektiv qonun-qoidalar asosida rivojlanadi, taraqqiy etadi va bu jarayon jamiyatda sodir bo‘layotgan hodisalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, jamiyatning taraqqiyotiga ham, o‘z navbatida, tilning ta’siri katta. Tilning lug‘at tarkibi ham bundan mustasno emas. So‘z ma’nosi rivojlanishi, sifat va miqdor o‘zgarishi, ular ma’nolarining kengayishi va torayishi, hatto so‘zlarning tildan tushib qolishi, ya’ni iste’moldan chiqib ketishi ham mumkin. Bunda jamiyat tarixi va uning taraqqiyoti alohida ahamiyatga ega.
Ijtimoiy hayot va uning asoslaridan biri bo‘lgan tafakkurning intensiv rivojlanib borishi fan va texnikaning taraqqiyotiga olib keladi. Natijada yangidan-yangi tabiiy hodisalar mohiyatini bilish, o‘zlashtirish, hayotga tadbiq qilish, texnika yangiliklarini kashf qilish lozim bo‘ladi va u jamiyat taraqqiyotiga olib keladi. Til bularning barchasiga ham alohida yangi nom yarata olmaydi, ammo ularni mavjud iste’moldagi so‘zlar yordamida yangi ma’nolar bilan ifodalashi mumkin. Masalan: uchmoq so‘zi aslida parrandalar harakati bilan bog‘langan. Ammo hozirgi kunda uning ma’nosi kengayib, varrak, samolyot, erning sun’iy yo‘ldoshi kabi tushunchalar bilan ham ifodalanadigan bo‘ldi. Yoki maydon so‘zi sport maydoni, Mustaqillik maydoni, mardlar maydoni, futbol, voleybol, basketbol maydoni va boshqalar. Rus tilida krыlo so‘zining ma’nosi krыlo ptistы – qushlarga xos predmet, ammo bu so‘zlar hozirgi kunda krыlo samoleta, levoe, pravoe krыlo polya, pravaya, stentrolnoe krыlo zdaniya va boshqa ma’nolarda ham qo‘llanmoqda. So‘z ma’nolarining kengayishi va torayishi hodisalari lug‘at tarkibining doimo yangilanishini ta’minlaydigan vositalardan biridir.
So‘z leksik ma’nosining kengayishi natijasida ko‘p ma’noli (polisemantik) so‘zlar paydo bo‘ladi. Leksik ma’noning torayishi esa so‘z ma’nosi kengayishining aksidir. So‘z ma’nosining torayishi uning qo‘llanish chegarasi, doirasini belgilaydi. Ko‘pchilik tilshunoslarning fikricha, so‘z ma’nosining torayishi deganda umumlashtiruvchi so‘zning ayrim, xususiy ma’noni ifodalashga o‘tishi tushuniladi. Masalan: osh so‘zi ilgari barcha ovqat turlarini bildiradigan bo‘lsa, hozirgi kunda faqat palov ma’nosini bildiradi. Rus tilida xrustal so‘zi xrustaldan ishlangan buyumlarni, idishlarni nazarda bildiradi, aslida esa bu so‘z bilan kristal ma’nosini ifodalar edi.
So‘zlarning kengayishi yoki torayishi to‘g‘risida quyidagi misolni ham keltirish mumkin. Masalan: baxshi so‘zi aslida xitoycha bo‘lib, xitoy tilida “pak-si” (hozirgi xitoy tilida bo-shi) shaklida bo‘lib, turkiy tilga mo‘g‘ul tili vositasida o‘zlashtirilgan. Ushbu xitoycha so‘z yapon tilidagi “hakase/hakusi” so‘zlari uchun ham manba bo‘lib hisoblanadi. “Turk tilining etimologik lug‘ati”da baxshi so‘zi quyidagicha izohlanadi: “Xitoycha pak-si yoki posi shaklida bo‘lib, ustoz, yozuvchi, kotib ma’nolarini anglatadi” va shu shaklga asoslanib baxsi-baksi so‘zlari ishlatiladi. Bu shakl qadimgi turk tilida ishlatilib, “to‘y tantanalarini boshqaruvchi kishiga” nisbatan qo‘llanilgan. Hozirgi Osiyo turklarining tilida “p” tovushi “b” bilan ifodalanadi. Shuning uchun: po-si / bo-si, baksi / baski. Sanskritda bhinsi, mo‘g‘ilcha baksi. “Drevnetyurkskiy slovar”da tabib yoki hokimlarning otasi bakshi deb atalgan. Otasi baxshi turkiy tilda “ot” so‘ziga “amak” qo‘shimchasini qo‘shish natijasida qo‘shish natijasida hosil bo‘lgan “otamak”, “o‘tamoq” – “so‘z aytmoq”dir. Qadimda bu so‘z “o‘t-o‘lanlardan dori-darmon tayyorlab, bemorlarni davolaydigan tabib, hokim ma’nolarini ifodalagan”4.
Hozirgi o‘zbek tilida bu so‘z uchramaydi, ammo hozirgi turk tilida otaki – otamak – dori-darmon bilan bemorni tuzatadigan, hakim, tabib ma’nolarini anglatuvchi so‘z shaklida ishlatiladi. “Devonu lug‘atit turk”da bu atama “otachi” shaklida uchraydi va “tabib” ma’nosini anglatadi. Bu atamani ba’zi sheva va lahjalarda “baxshi”, “tabib”, “shaman”, “qush vahshiysi”, “folbin” shakllarida qo‘llanilishini qayd qilgan.
V.V.Bartoldning fikricha, baxshi leksemasi Sharqiy Turkistonda yashovchi uyg‘ur kotiblar va uyg‘urlar ichida yashagan buddistlar orasida baxshi so‘zi ana shu ma’noda ishlatilgan. Mo‘g‘ullar davlatida baxshi so‘zi “kotib”, “ma’mur” ma’nolarini anglatgan. A.K.Borovkovning ifodalashicha, XII-XIII asrlarda Sharqiy Turkistonda uyg‘ur kotib-baxshilar obro‘li o‘rinda bo‘lishgan. Ular rasmiy devonxonalarda xizmat qilishgan. Alisher Navoiy o‘z asarlarida “baxshi” so‘zini asosan “kotib”, “mirzo” ma’nolarida ishlatgan. “Boburnoma”da ham “baxshi” so‘zi “kotib”, “mirzo”, “yozuvchi” ma’nolarida ishlatilgan.
Hozirgi o‘zbek tilida ham baxshi so‘zi ishlatilib, u quyidagi ma’nolarni anglatadi: 1. xalq dostonlarini kuylovchi shoir, oqin. 2. Duolar o‘qib, dam solib, irim-sirimlar qilib davolovchi tabib. Ko‘rinib turibdiki, hozirgi o‘zbek tilida baxshi so‘zining qo‘llanishi kengaygan, ayniqsa, ma’no anglatish chegarasida.
Tahrir so‘zining arab tilidagi ma’nosi “asar yozish” ma’nosi bilan chegaralangan bo‘lsa, hozirgi o‘zbek tilida uning ma’no chegarasi ancha kengaygan va asarga tuzatishlar kirituvchi yoki chop qilishga, nashr qilishga tayyorlash, bir ishni ilmiy nuqtai nazardan talab darajasiga olib borish kabi ma’nolarni ham bildiradi.
Munshiy, musavvir, hattot, insho kabi so‘zlarining qo‘llanish ma’nolari toraygan. Ba’zi arabcha so‘z va atamalarning ma’nosi ancha kengaygan, masalan, hat so‘zi dastlab uch ma’noda qo‘llanilgan bo‘lsa, bugungi kunda to‘qqiz ma’noni anglatishda qo‘llaniladi. Qalam so‘zi ham ilgari ikki ma’noda qo‘llanilgan bo‘lsa, hozir uning oltita ma’nosi ishlatiladi – bu hodisa ma’noning kengayishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |