QO‘LLANILISH DOIRASI CHEGARALANMAGAN VA CHEGARALANGAN SO‘ZLAR
So‘zlar qo`llanilish doirasiga ko‘ra chegaralanmagan va chegaralangan so‘zlarga bo`linadi.
Umumxalq tilida keng qo‘llaniladigan va shu tilda so‘zlashuvchilarning barchasi uchun tushunarli bo`lgan so‘zlarga qo`llanilish doirasi chegaralanmagan so‘zlar deyiladi.Ular neytral leksika atamasi bilan ham yuritiladi. Masalan, non, un, bug‘doy, daftar, qor, bulut va boshqalar.
Faqat ma’lum sotsial guruh hamda ma’lum bir hudud doirasidagina qo'llanilib, umumxalq tiliga xos bo‘lmagan so‘zlar chegaralangan so‘zlar sanaladi.
Bunday so‘zlarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
1. Hududiy chegaralangan so‘zlar (dialektizmlar).
2. Sotsial chegaralangan so‘zlar.
Faqat ma’lum bir hudud doirasidagina qo‘llanilib, boshqa hududda yashovchi o‘zbek tili vakillari uchun xos bo‘lmagan so‘zlar hududiy chegaralangan (shevaga xos) so‘zlar yoki dialektizmlar deyiladi. Masalan, eshik«hovli», «uy» (Andijon), shoti «narvon» (Andijon, Farg‘ona, Namangan), takya «do‘ppi» (Xorazm) va boshqalar. Yoki sigir – Buxoroda inak, qipchoq elda – uy;gavora – beshik,bibi – buvi;Toshkentda – dovuchcha, Farg`onada – g`o`ra; adabiy tilda – chumoli, Samarqand,Buxoroda – mo`rcha,Xorazmda – qarindja; adabiy tilda – tuxum, qipchoq shevalarida – yumurta va h.k.
Uchakka chiquvdim ayni go`rmakka,Ayning bahanasinda yorni go`rmakka.
Xorazmda: uchak – tom, ay – oy, go`rmak – ko`rmoq; g`o`z – yong`oq,gashir – sabzi,o`jak – buzoq, secha – chumchuq, yop – kanal, huvnon – xonim va h.k.
Ma’lum ijtimoiy guruh doirasidagina ishlatiladigan so‘zlarga sotsial chegaralangan so‘zlar deyiladi. Masalan, «otarchi»lar doirasida qo‘llaniladigan so‘zlar: yakan «pul», danap «qiz bola»; temiryo‘l kuzatuvchilari doirasida qo‘llaniladigan so'zlar: qaychi «taftishchi», kolxoz. «chiptasiz yo‘lovchi». Bunday so‘zlar argolar deb yuritiladi.
Ayrim argolar umumtil leksikasidan olinadi. Bunday vaqtda bu so'zlar umumtildagiga nisbatan boshqa ma’noda qo‘llaniladi. Masalan, kolxoz umumtil leksikasida eskirgan bo‘lib, jamoa xo‘jaligini ifodalagan bo‘lsa, temiryo‘l kuzatuvchilari tilida boshqa ma’noni ifodalaydi.
Shuningdek, ayrim tabaqa vakillari tilida faol ishlatiladigan leksemalar ham uchrab turadi, bular jargonlar deyiladi. Masalan, olampanoh, volidayi muhtarama, padari buzrukvor, manzirat qilmoq va hokazo.
Tilda mavjud bo`lgan so`kish va qarg`ish so`zlar vulgarizmlar deb yuritiladi. Masalan: haromi, qiztaloq, yer yutkur va boshqalar.
Varvarizmlar tilda o`rinsiz ishlatiladigan chet so`zlar: uspet qilolmadim,uje, znachit, tak, yess, mamasha, nastroyeniyam yaxshi,koroche va h.k.
Aytilishi noqulay bo`lgan so`zlar o`rnida qo`llangan so`zlar evfemizmlar deyiladi; o`ldi – vafot etdi, xotin oldi – uylandi, erga tegdi – turmushga chiqdi va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |