Adabiyot va tibbiyot
Musiqa va kitoblar yosh Chexovning ijodga intilishini uygʻotdi. Bu borada Taganrog teatri katta ahamiyat kasb etdi. Anton ilk bor 13 yoshida teatrga borgan, Jak Offenbaxning “Goʻzal Yelena” operettasini koʻrgan va teatrning ashaddiy muxlisiga aylangan edi. Keyinroq Chexov oʻz maktublarida shunday deb yozadi: “Teatr menga qachonlardir koʻp narsa bergan… Eng avvalo, mening teatrda oʻtirishim katta lazzat baxsh etardi”. Uning “Fojiaviy rollar oʻynovchi”, “Komik”, “Benefis”, “Tovuq behuda kuylamadi” nomli dastlabki hikoyalari qahramonlari aktyor va aktrisalar boʻlgani tasodif emas. Anton gimnaziyadagi oʻrtogʻi Andrey Drossining uyidagi spektakllarda ishtirok ham etgan.
Gimnaziyachi Chexov yumoristik jurnallarda asarlarini eʼlon qildi, rasmlarga tagsoʻzi topdi, mutoyiba hikoyalar, sahna chiqishlari haqida oʻyladi. Uning “Otasizlik” nomli birinchi dramasi 18 yoshida gimnaziyada tahsil olayotgan chogʻida yozilgan edi. Aynan tahsil yillari Chexovning ijodiy ishlari uchun boy manba berdi, shaxsiyati, maʼnaviy dunyoqarashi kamolga yetishi va shakllanishini taʼminladi. Uning asarlariida boshqalardan ajralib turadigan, xarakterli obrazlar paydo boʻldi. Shunday qahramonlardan biri matematika oʻqituvchisi, keyinchalik harbiy qoʻmondonga aylangan Edmund Dzerjinskiy boʻlgani ham ehtimoldan xoli emas.
1879 yili Chexov Taganrogdagi gimnaziyani tugatdi. Moskvaga koʻchib oʻtdi va universitetning tibbiyot fakultetiga oʻqishga kirdi. Bu dargohda Nikolay Sklifosovskiy, Grigoriy Zaxarin kabi taniqli taniqli professorlar qoʻlida tahsil oldi. Xuddi shu yili Antonning ukasi Ivan Moskva yaqinidagi Voskrensk shahri maktabiga oʻqituvchi boʻlib ishga joylashdi. Unga butun oila joylashishi mumkin boʻlgan katta kvartira berildi.
Moskvada tiqilib yashaydigan Chexovlar yozda Ivanning ana shu goʻshasiga kelishardi. Voskresenkda Anton doktor P.Arxangelskiy bilan tanishdi, u Voskresensk (Chikinsk) davolash muassasi mudiri boʻlib ishlardi. 1882 yili Chexov talaba sifatida bemorlarni qabul qilishda shifokorlarga yordam berardi.
1884 yili u universitetni tugatdi va Chikinsk davolash muassasasi uyezd vrachi boʻlib ishlay boshladi. Bu haqda P.Arxangelsk xotiralarida shunday deyilgan: “Anton Pavlovich shoshilmay ish yuritar, baʼzida harakatlarida ishonchsizlik bordek tuyulardi. Aslida u hammasini diqqat bilan sidqidildan amalga oshirardi. Ayniqsa, bemorga nisbatan samimiy hurmat-ehtiromi koʻrinib turardi”.
Keyinroq Chexov Zvenigorodda ishladi, maʼlum vaqt shifoxonani boshqardi.
“Ogohlantirish” xati
1879 yilning 24 dekabrida birinchi kurs talabasi boʻlgan Chexov “Strekoza” jurnalida “Olim qoʻshniga maktub” hikoyasi va “Romanlar, qissalar va shunga oʻxshash asarlarda eng koʻp uchraydigan jihatlar” hajviyasini eʼlon qildirdi. Bu uning nashrdagi birinchi chiqishi edi.
Shundan soʻng Chexov hikoyalar, felyetonlar, jajji hajviy asarlar va “Qora taloqsiz odam” hamda boshqa variantlarni Antosha Chexonte taxallusi bilan yoki imzosiz chop ettirdi. Mazkur asarlar Moskvaning “kichik matbuot“ nashrlarida, “Budilnik”, “Zritel” jurnallari va Peterburgning “Oskolki”, “Strekoza” yumoristik haftanomalarida eʼlon qilindi. Yosh adib “Peterburgskaya gazeta”, “Novoye vremya” va “Russkiye vedomosti” bilan hamkorlik qildi.
1882 yili Chexov “Shoʻxlik” nomli birinchi toʻplamini tayyorladi, biroq senzura toʻsqinligi tufayli u chiqmay qoldi. 1884 yili adibning “Melpomenlar hikoyalari” kitobi nashr etildi.
1885 — 1886 yillar Chexovning “belletrist-miniatyurachi” — qisqa va asosan mutoyiba hikoyalar muallifi sifatidagi kamol topish davri hisoblanadi. Oʻzining aytishicha, oʻsha paytlarda u har kuni bir sahifadan hikoya yozgan. Zamondoshlari Chexovni shu janrda qoladi, deb hisoblashardi. 1986 yilning bahorida adib taniqli rus adabiyotchisi Dmitriy Grigorovichdan maktub oladi, u Chexovni isteʼdodini “mayda-chuyda”ga sarflayotganini tanqid qilgan edi. “Biz oʻz davrimizda ochqagandek och qoling, oʻylaganlaringizni mehnat asosida roʻyobga chiqarish uchun taassurotlarni asrang. Bitta shunday mehnat turli vaqtlarda gazetalarga uloqtirilgan yuzlab goʻzal hikoyalardan yuz karra yuqori baholanadi”, — deb yozgandi Grigorovich. Aleksey Suvorin, Viktor Bilibin va Aleksey Plesheyevlar ham bu fikrga qoʻshilishdi.
Chexov Grigorovichning oʻgitiga amal qila boshladi. 1887 yildan eʼtiboran u yumoristik jurnallar bilan hamkorlikni susaytirdi, “Budilnik”ka asar yubormay qoʻydi. Yozuvchining hikoyalari hajmi choʻzildi va jiddiylashdi. Chexov bilan yuz bergan yana bir oʻzgarish shu ediki, adib sayohat qilishni xohlab qoldi. Oʻsha yili janubga, qadrdon maskani, soʻng “Gogol zamini”, Kavkazning Qrimiga yoʻl oldi. Janubga sayohat u yerda oʻtkazgan yoshlik xotiralarini jonlantirdi va “Choʻllar” uchun manba hadya qildi. U birinchi qalin asarini “Severnыy vostok” jurnalida chop ettirdi. Bu esa tanqidchilarning avvalgiga nisbatan “Choʻllar”ga koʻproq eʼtibor qaratishlariga sabab boʻldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |