29 YANVAR — ANTON PAVLOVICH CHEXOV TUGʻILGAN KUN
Chexov hikmatlari: • Agar xotining senga xiyonat qilgan boʻlsa, xursand boʻl. Vatanga emas, senga xiyonat qilibdi. • Universitet barcha qobiliyatlarni oʻstiradi, jumladan — ahmoqlikni ham. • Aytishlaricha, alal oqibat haqiqat qaror topar ekan, ammo bu haqiqat emas. • Faqat poda boʻlib yashaydigan, oʻrtamiyona kishilargina sogʻlom va aqli rasodirlar. • Barmogʻingga tikan kirsa, shukr qil: “Xayriyat koʻzga kirmabdi!” • Agar sen vaqting kam boʻlishini xohlasang — hech nima qilma.
Anvar Namozov
SOVUQ OʻLKALARDA QOLGAN ARMONLAR
Anton Chexov — rus yozuvchisi, jahon adabiyotining umum tan olgan klassik adibi. Mutaxassisligi boʻyicha shifokor. Imperator akademiyasining ogʻzaki va yozma nafis adabiyot boʻyicha faxriy akademigi. Dunyo miqyosida mashhur dramaturglardan biri. Chexov asarlari jahonning yuzdan ziyod tillariga tarjima qilingan. Uning pyesalari, jumladan, “Chayka”, “Uch opa-singillar” va “Olchali bogʻ” yuz yildan buyon dunyo teatr sahnalarida qoʻyib kelinmoqda. 25 yillik ijodi mobaynida Anton Chexov 900 ga yaqin turli-tuman asarlar (qisqa yumoristik hikoyalar, jiddiy qissalar, pyesalar) yaratdi. Ularning aksariyati jahon adabiyotining klassikasiga aylangan. Ayniqsa, “Dasht”, “Zerikarli tarix”, “Duel”, “6-palata”, “Gʻilofdagi odam”, “Jarlikdagi kishi” keng ommaning eʼtiborini qozondi…
Bolalikda — qorovullik
1860 yilning 17 (29) yanvarida Rossiyaning Taganrogdagi Politsiya koʻchasida yashovchi Pavel Yegorovich Chexov oilasida uchinchi farzand — Anton dunyoga keldi. Uning otasi gʻalati odam edi. Pavel Yegorovich Taganrogda baqqollik doʻkoniga ega boʻlib, biroq jon kuydirib bilan ishlamasdi. U cherkovda xizmat qilish, ashula aytish va jamoatchilik ishlariga asosiy eʼtibor qaratardi. Oilada erkaklar mavqei ustun edi: bolalar qatiqqoʻllik bilan tarbiyalanar, ularga nisbatan tez-tez jismoniy jazo qoʻllanilar, hech kimning bekorchilik qilishiga yoʻl qoʻyilmasdi. Dam olish kunlarida, maktabdan soʻng, aka-ukalar otasining doʻkoniga qorovullik qilishar, har kuni ertalab soat beshda turib esa cherkov xorida kuylashardi. Chexov oʻzi aytganidek: “Mening bolaligimda bolalik boʻlmagan”. Kechqurunlari xor boʻlib kuylashardi. Ota skripkani qoyilmaqom chalar, Masha fortepianoda joʻr boʻlar, xullas, butun boshli oilaviy tomosha tashkil etilardi.
Oila bekasi Yevgeniya Yakovlevna dehqonning qizi edi. U bolalari va eri uchun yashaydigan gʻamxoʻr va mehribon ayol boʻlgan. Yevgeniya Yakovlevna yuvosh boʻlib, farzandlarini hamisha erining qattiqqoʻlligidan himoya qilardi. U teatrni haddan ziyod yoqtirar, biroq kamdan-kam borardi. Bolaligida Taganrog xususiy pansionida raqs va yaxshi xulq-atvordan saboq olgan Yevgeniya Yakovlevna farzandlariga koʻngilchanlik, ojizlar va mazlumlarga nisbatan hurmat-izzat, tabiat va olamga muhabbat tuygʻularini singdirdi. Anton Chexov keyinchalik shunday degandi: “Mening isteʼdodim otam tufayli, qalbim esa onam bois kamol topdi”.
Boʻlajak adib Taganrogdagi grek maktabida tahsil ola boshladi. 1868 yilning 23 avgustida esa u Taganrog gimnaziyasining tayyorlov sinfiga qabul qilindi. Oʻgʻil bolalar klassik gimnaziyasi Rossiya janubidagi eski oʻquv dargohlaridan biri edi (1806 yili tijoriy maqsadlarda tashkil etilib, 1866 yildan eʼtiboran klassik ilmgohga aylangan). Gimnaziyada Antonning dunyoqarashi, kitobga muhabbati, teatrga qiziqishi shakllandi. Bu yerda u oʻqituvchi Fyodor Platonovich Pokrovskiy tomonidan birinchi adabiy taxallusi — “Chexonte”ga ega boʻldi. Adabiy va sahnaga oid ilk bilimlari ham gimnaziyada shakllandi.
Bu orada 1876 yili Chexovlar oilasi Moskvaga koʻchdi. Taganrogda savdo ishlari yurishmagan Pavel Yegorovich kasodga uchragan va kreditorlardan qochishga majbur boʻlgandi. Moskvada deyarli uch oy mobaynida qashshoqlikda yashashdi. Shunga qaramay, bolalar oʻqishni davom ettirdilar. Anton esa repetitorlik orqasidan pul topib, gimnaziyadagi tahsilini tugatguncha Taganrogda qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |