Sovuq oʻlkada
Sibir boʻylab safar 82 kun davom etdi. Bu vaqt davomida Chexov “Sibirdan” umumiy nomi ostida toʻqqizta ocherk yozdi. U Saxalinga 11 (23) iyulda yetib bordi. Bungacha esa oʻlka odamlarning hayoti, surgun sabablari tarixi haqida bilib oldi. U orol kishilari haqida minglab kartochkalar yigʻib, Saxalin aholisini roʻyxatga olish ishlarini ado etdi (bu qaydlar ilk marta 2005 yili Saxalin nashrlaridan birida eʼlon qilindi. Mazkur roʻyxat Chexovning Saxalinga uyushtirgan sayohati mobaynida yiqqan 10 mingdan ortiq soʻrovnoma kartasidan iborat edi).
Orol maʼmuriyati siyosiy mahbuslar bilan gaplashishni qatʼiyan taqiqladi, biroq Chexov taqiqni buzdi.
U Saxalin safaridan dengiz yoʻli orqali “Peterburg” kemasida qaytdi. Kema besh kun Vladiostokda turib qolganida Chexov Amur oʻlkasini oʻrganish jamiyati kutubxonasida ishlagan va Saxalin haqidagi kitobiga qoʻshimcha manba yiqqan. Safar davom etdi: Gonkong, Singapur, Seylon oroli, Sues kanali, Konstantinopol, Odessa… 1890 yilning 7 (19) dekabrida qarindoshlar uni Tulada kutib oldilar.
Shundan soʻng besh yil davomida Chexov “Saxalin oroli” kitobini yozdi. Oʻzining eʼtirof etishicha, ushbu oʻlka boʻylab sayohati badiiy ijodi, keyingi asarlarini yaratishiga katta taʼsir qilgan.
Saxalin safaridan soʻng Moskvaga qaytgan Chexov Kichik Dmitrovkadagi asosiy uy yoniga qurilgan ikki qavatli binoda yashadi. Bu goʻshada “Saxalin oroli” kitobi, “Ninachi”, “Duel”, “6-palata” ustida ishladi. Shuningdek, yozuvchilar V.Korolenko, D.Grigorovich, V.Gilyarovskiy, D.Merejovskiy, taniqli aktyorlar A.Lenskiy va A.Yujin, rassom I.Levitan bilan uchrashdi (ushbu uy hozirgacha saqlanib qolgan).
1892 yili Chexov Melixovodan mulk sotib oldi. U yerda dehqonlarning bolalari uchun uchta maktab qurdirdi. Keyin esa qoʻngʻiroqxona, oʻt oʻchirish saroyi barpo etdi, pochta va telegraf ochilishiga erishdi. Shuningdek, mingta olcha, tilogʻoch, qayragʻoch, zarang, qaragʻay, eman koʻchatlari ekishni tashkillashtirdi.
Melixovoda yashagan davrida qadrdon Taganrogda jamoat kutubxonasini ochish fikri tugʻildi. Shu maqsadda oʻzining ikki mingta kitobi, jumladan, muzey ahamitiga molik dastxati qoʻyilgan nashrlari hamda ilm-fan va sanʼat namoyandalarining portretlaridan iborat galereyani xayriya sifatida ajratdi.
Keyinroq adib Yevropa boʻylab sayohat qildi. 1898 yilning oxirida esa Yalta boʻyidan tomorqa sotib oldi. Bu yerda bogʻ-rogʻ barpo etildi va meʼmor L.Shapovalov loyihasi boʻyicha uy qurildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |