Sut emizuvchilar sinfi
Sichqonlar avlodiga mansub uy sichqoni bo‘z kul rangida, qorni oq, tanasining kattaligi 7-9 sm, dumi 6-8 sm. Uy sichqoni O‘zbekistonning barcha aholi yashaydigan joylarida, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarda, lalmikor ekin dalalarida hamda daryo vodiylarida yashaydi. Uy sichqoni qishda odam yashaydigan uylarda va xo‘jalik binolarida hayot kechiradi. Ular qishda asalarixonaga, uning pastki uchish tuynukchasidan, tirqishlaridan kiradi. Asalari romlarini kemiradi, tirik va o‘lik asalarilarni, asal va pergani eydi. Uyadagi asalarilarni bezovta qiladi. Sichqonlarning yomon hidi o‘tirib qolgan romlarda, asalarilar qo‘nmaydi. Bunday romlarni buzib, mumga eritish tavsiya etiladi.
Dala sichqonlari orqasida qora chiziqlari borligi bilan, uy sichqonlaridan farq qiladi. Tanasining uzunligi 12 sm gacha, dumining uzunligi 7-9 sm, yon tomoni qo‘ng‘ir jigarrang, qorni esa ochiq rangdadir. Bulardan tashqari, o‘rmon sichqonlari, tog‘ sichqonlari, oddiy oq tishli yerqazar sichqon va kichik tishsiz yerqazar sichqonlar ham asalarichilikka ancha talofat keltiradi.
Sichqonlarga qarshi mexanik, ximik va biologik usullarga asosan kurash olib boriladi. Mexanik usuldagi kurashda qopqonlar, tuzoqlar va boshqalar ishlatiladi, biologik usuldagi kurashda esa sichqonlarga qarshi mushuklar, itlar, tipratikonlardan foydalaniladi, ximiyaviy usuldagi kurashda esa har xil zaharli ximikatlardan foydalaniladi.
118-rasm. Ayiq asalari uyasiga xujumi
Ayiqlar. Qo‘ng‘ir ayiqlar ko‘p uchraydi. O‘rta Osiyoda yashaydigan qo‘ng‘ir ayiqlarning juni uzun va siyrak, mo‘ynasi ochiq tovlanadi. O‘zbekistonda Tyan-SHan, Turkiston va Zarafshon tog‘ tizmalarida hamda Boysun, Ugam, Chotqol, Pskom tog‘ tizmalarida ko‘plab yashaydi.
Ayiqlar oktyabr, noyabr oylarida qishki uyquga ketadi, erta ko‘klamda ildiz poyali o‘simliklar piyozi, g‘alla va ikki pallali o‘simliklarning maysasi, ba’zan qo‘ng‘iz, hasharotlar (asalarilar) va sug‘urlar bilan oziqlanadi. Yoz ohirida tog‘olcha, olma, do‘lana va yong‘oqlarni eydi. Hayvonlarga kamdan-kam hujum qiladi.
Ayiqlar asalga juda o‘ch bo‘ladi. Uning ruscha nomi ham xuddi ana shu ma’nodan kelib chiqqan. “Medved” – ya’ni asalxo‘r ma’nosini anglatadi. Qadim zamonlarda o‘rmonlarda ayiqlar birinchi bo‘lib asalari inlarini topib olgan. Ayiqlarning quloqlari juda sezgir bo‘ladi, shuning uchun ular asalarilarni g‘ing‘illash tovushini shu zaxoti eshitadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |