114-rasm. Asalari bo‘risi (filant).
Boshi, og‘iz apparati ancha katta va qoramtir. Erkak filantlar urg‘ochilaridan kichikroq bo‘lib, faqat gullarga qo‘nadi. Urg‘ochi filantlar quyosh tushadigan qumloq yerga tik inlar qurib, har birida bittadan tuxum qo‘yadi. Ona filant qurtchalarini boqish uchun 8-9 ta asalari olib keladi. U asalarilarni uchib yurganida tutib, ko‘kragiga nayza sanchib o‘ldiradi. Qulay sharoitda juda tez ko‘payadi. Har bitta urg‘ochi filant 25-35 ta gacha in qo‘yadi.
Filantlar MDX davlatlasalari Yevropa qismi xududlarida, shuningdek, Yevropa, Shimoliy Amerika, Eron va Iroq davlatlarida keng tarqalgan. Ularning har xil geografik muhitga moslashgan turlari mavjud. Filantlar respublikamizning hamma zonalarida, cho‘l va sahrodan tortib to voxalargacha uchrab turadi.
Filantlar hayoti va uning biologiyasi O‘rta Osiyo respublikalarida olimlarimiz tomonidan keng o‘rganilgan.
Filantlar hayoti va uning biologiyasi Qirg‘izistonda (Rusanov V.1965), Turkmanistonda (Atdaev G.,1967, Myarseva S.N., 1967, Sedova V.I. 1959), O‘zbekistonda (Kraxotin N.F. 1968, Rogov V.A. 1969) keng va atroflicha o‘rganilgan.
Filantlar O‘zbekistonda har xil sharoitlarda yashashga moslashgan, ular zovur, ariq va ko‘llar atrofidagi qum tepaliklarida in qo‘yib, hayot kechiradigan, asalarichilik ofatidir. Filantlar ko‘p bo‘lgan joylarda asalarilar yaxshi uchmaydi. Filantlar iyundan to sentyabrgacha asalarilarga juda ko‘p hujum qilib turadi. Binobarin, filantlar in qo‘ygan yerlarni buzib tashlash va bu joylarga qalin qilib ekin ekish yoki filantlar in qurgan joylarga suv quyib turish, ularni qirishning muhim tadbirlaridandir. Ularning inlariga har xil zaharli ximikatlar–oltingugurt, 5% xlorofos eritmasi, DDT va GXSG solinishi ham mumkin. Asalarizorda esa filantlarni o‘ziga jalb etadigan narsalar qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Filantlar hujumi faollashganda asalarilarni zudlik bilan 8-10 km, uzoqlikka ko‘chirish ijobiy natijalar beradi.
115-rasm. Qovog‘ari .
Qovog‘ari - asalarilarning ashaddiy dushmani hisoblanadi. Qovog‘arilar katta va kuchli hasharotdir, kattaligi 3 sm, rangi qo‘ng‘ir sariq, chaqqanda og‘riqli bo‘ladi. Jamoa bo‘lib yashaydi. O‘zbekistonda katta qovog‘ari turi keng tarqalgan.
Katta qovog‘arilar uyasini bahorda daraxt kovaklarida, devor yorig‘larida, eski imoratlarda va molxonalarda, yerda va boshqa joylarga quradi. Katta qovog‘arilar asalarilarni uchib yurgan paytida, gullarga qo‘nganda, suv ichgan joylarida va asalarixonalar oldida tutib oladi va eydi, shu hisobdan bolalarini ham boqadi. Shuningdek, asalari uyasiga kirib, asal va pergani ham o‘g‘irlab oladi.
Qovog‘arilar galasi kichik asalarizorlarga hujum qilsa, ko‘p miqdordagi ishchi asalarilarni nobud qilib qirib tashlaydi va xo‘jalikka ancha iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin. Qovog‘arilar xususan avgust va sentyabr oylarida ko‘payadi.
Sharq qovog‘ari va oddiy qovog‘ari turlari, asalarichilikka ancha miqdorda ziyon keltiradi. Bu qovog‘arilar O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalarida keng tarqalgan. Shuni ham aytish kerakki, bular bir qator zararli hasharotlar va pashshalarni yo‘qotib, foyda ham keltiradi.
Qovog‘arilarga qarshi kurashish, ularning uyalarini buzib tashlash, xususan, bahorda urg‘ochi qovog‘arilarni yo‘qotish tadbirlari samaralidir. Asalarizorda esa qovog‘arilarni aldash uchun og‘zi kengroq butilkalarga asal solib, har joy har joyda osib qo‘yish mumkin. Eng samarali usullaridan biri qovog‘arilar uyalariga kechqurunlari oltingugurt tutuni va DDT changi purkashdir. Ayrim hollarda parij yashili eritmasidan ham foydalanish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |