21.2.Qurilishda transportni tashkil qilish.
Umumiy qoidalar. Maxsus avtotransport vositalarining sistеmasi. Avtotransport vositalari sonini hisoblash. Qurilishda avtotransportni tashkil etish.
Umumiy qoidalar
Avtomobil transportining ikki turi mavjud. Birinchisida – dvigatel yukni ko‘chirish bunkeri – kuzov bilan qo‘shilgan, ikkinchisida – dvigatel kuzovdan ajratilgan, natijada shatakchi (tyagachlar)lar tirkamali va yarim tirkamalilar hosil bo‘ladi. Traktor transporti ham ikkinchi prinsipga asosan yaratilgan.
Qurilish yuklarini tashish uchun foydalaniladigan avtomobil transportini (4.1-rasm), quyidagi tarzda tasniflash mumkin:
4.1-rasm.Qurilish yuklarini eltib (etkazib) beruvchi avtotransport vositalari:
a – avtosamosval; b – samosval tirkamali avtopoezd; v – kuzovining sig‘imi oshirilgan avtomobil; g – avtoqorishmatashigich; d – avtobetontashgich; ye – bitum tashigich; j – g‘isht tashuvchi bortli avtomobil; z – plitatashigich; i – to‘sintashigich; k – paneltashuvchi; l – ferma tashuvchi; m – santexkabina tashuvchi.
Bortli yoki umumiy vazifani bajaruvchi avtomobillar turli xil qurilish yuklarini – g‘isht, yig‘ma temir-beton konstruksiyalar, paketlangan materiallar, yog‘ochga ishlov beruvchi korxonalarning mahsulotlarini tashish uchun qo‘llaniladi. Dvigatelning tortish quvvatidan yanada to‘laroq foydalanish uchun qo‘shimcha ravishda egarli tirkama va unga ixtisoslashgan yarim tirkamalarning egarli-ulama konstruksiyasi osiladigan bir o‘qli, ikki o‘qli, yarim tirkamalar va avtopoezdlar keng qo‘llaniladi. Ikki yoki uchta yetaklovchi o‘qlari bo‘lgan yuqori o‘tuvchanlikka ega bortli avtomobillar ham keng qo‘llanilayapti.
Avtomobil – samosvallardan sochiluvchan qurilish yuklari, gruntlar, qurilish chiqindilarini tashish uchun foydalaniladi. Samosvallarning afzalligi tashilayotgan yuklarni mexanik tushirishidir. Kuzovning turiga ko‘ra samosvallar universal va yukning faqat bir turini tashish uchun mo‘ljallangan maxsus turlarga ajratiladi. Yuk tushirish yo‘nalishiga ko‘ra samosvallar uch turda bo‘ladi – orqaga, bir yonga yoki ikkala yonga, uch tomonga yuk tushiruvchi. Samosvalli tirkamali avtopoezdlar va grunt tashuvchilar keng qo‘llanilayapti. Keramzitga o‘xshash zichligi kam bo‘lgan materiallar, yuk ko‘tara olish qobiliyatidan foydalanish maqsadida kuzovining sig‘imi 40 m3 gacha oshirilgan maxsus avtomobillarda tashiladi. Faqat maxsus holatlardagina qorishma va beton aralashmasi avtosamosvallarda tashiladi, bu esa aralashmaning qatlamlarga ajralish mumkinligi, tashilayotgan yukka tashqi atmosfera muhitining ta’siri va orqa bort tirqishlaridan suyuq sementning (ohakli) suti oqib tushishi natijasidagi yo‘qotishlar tufayli samarali emas.
Keyingi yillar mobaynida MDH davlatlarida samosvallar parki to‘liq yangilandi.
Bugungi kunda mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatida «O‘zavtosanoat» aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradigan qirqdan ortiq zamonaviy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
«GM Uzbekistan», «SamAvto», «JV MAN Auto-Uzbekistan», «General Motors Powertrain Uzbekistan» va boshqa korxonalarda yengil hamda yuk avtomobillari, avtobuslar, maxsus mashinalar, keng turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarilayotir. Ushbu korxonalar kuchli raqobat sharoitida avtomobil modellarini muntazam takomillashtirib borish, sifatini yanada oshirish ustida doimiy izlanmoqda.
Kremenchuk avtozavodi yuk ko‘tarish qobiliyati 13,5 t bo‘lgan, orqa tomonidan 8 m3 li tushiruvchi kuzovga ega KrAZ-6510 rusumli uch o‘qli samosvallarni, 16 t yuk ko‘taruvchi 10 m3 sig‘imdagi kuzovli KrAZ-65055 rusumli, 15 t yuk ko‘taruvchi to‘liq uzatuvchi modifikatsiyadagi KrAZ-65032 rusumli samosvallarni ishlab chiqarmoqda. Minsk avtozavodi ham uch o‘qli samosvallarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirib oldi. MAZ-5516 modeli hajmi 10,5 m3 bo‘lgan kovsh turidagi kuzovida 16 t gacha yukni tashiydi. To‘liq uzatmali MAZ-55165 samosval 15 t li yukni, MAZ-5552 rusumli samosval avtopoezdi tirkamasi bilan birga 31,6 t yukni tashiydi va uch tomonidan yuk tushirish imkoniyatiga ega. Belorusiyada MZKT-6525 Volat samosvalini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan, bu o‘z sinfida barcha g‘ildiraklari bir shinaga kiydirilgan to‘liq uzatmali samosval bo‘lib, 21 t yukni tashishga qodir.
KamAZ keyingi vaqtlargacha ham yuk ko‘tarish qobiliyati 13 t bo‘lgan KamAZ-55111 qurilish samosvallarini ishlab chiqarar edi. Hozirgi vaqtda 20 t yuk tashuvchi KamAZ-65115–04 va to‘liq uzatmali uch o‘qli 14 t yuk tashuvchi KamAZ-65111 samosvalini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Moskvadagi ZIL zavodi uch o‘qli avtomobillar oilasi shassisida 10 tonnali ZIL-4514 samosvalini ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. IVYeKO-UralAZ Rossiya-Italiya qo‘shma korxonasi oldindan og‘ir yo‘l va iqlim sharoitlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan 20 tonnali Ural– IVYeKO-6329 samosvalini ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi.
Chexiyaning Tatrasi Tatra 815-24 rusumli “Yamal” nomli samosval ishlab chiqardi, uning 13 m3 hajmdagi kovsh turdagi kuzovida yo‘lsiz sharoitlarda 22 t gacha yuk tashish mumkin. Daymler firmasi yangi Urengoy uchun maxsus yuk ko‘tarish qobiliyati 20 t gacha kuzovining hajmi 12,5m3 bo‘lgan Mersedes-Bents samosvalini ishlab chiqarmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |