Maxsus vazifani bajaruvchi avtomobillar bir turdagi yuklar guruhini asrangan holatda tashishga mo‘ljallanganlarga – panel tashuvchi, yog‘och tashuvchi yoki bir turdagi sement tashish uchun tsisternalar kiradi. Ko‘pincha yig‘ma temirbeton konstruksiyalarni – fermalar, to‘sinlar, panellar yoki og‘ir ajralmas yuklarni shatakka ulangan holdagi ixtisoslashtirilgan tirkama va yarim tirkamalardan foydalaniladi. Maxsus yarim tirkamalar – sement tashuvchilar, ohak tashuvchilar, qorishma tashuvchilar keng qo‘llanilmoqda. Yuklarni tashish bilan bir vaqtda ularga texnologik ishlov beruvchi avtomobillar – avtobetonaralashtirgichlar, avtogudronatorlar, avtoqorishma tashuvchilar borgan sari keng qo‘llanilmoqda.
Turli xil qurilish yuklarini yetkazib berishni bir qancha asosiy sxemalar bo‘yicha amalga oshirish mumkin.
Mayatnikli sxemada avtotransport vositalari – samosval, bortli avtomashina, tirkamasi ajralmaydigan shatakchi yukni ortish va tushirishda ma’lum vaqt bekor turib qoladi. Avtotransport tashuvchilarining mayatnikli sxemasi ob’yekt oldi omborlari bo‘lganda yoki bir xil turdagi konstruktiv elementlardan iborat bir yerda to‘plangan inshootlarni qurishda samara beradi. Bu holda transport tsiklida ixtisoslashtirilgan avtopoezdlar ishga jalb qilinib, bunda alohida avtopoezd yoki avtopoezdlar guruhi ma’lum nomenklaturadagi buyumlarni tashib, bir xil tipdagi qurilayotgan ob’yektlar yonida ularni qismlar bilan tushirib o‘tishadi.
Mayatnikli-mokisimon sxemasidagi transport vositalarining to‘xtab turib qolishi ancha kam bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Shatakchi yordamida qurilish maydoniga yuk ortilgan tirkama olib kelinadi, u tirkamadan ajratiladi va bo‘shagan tirkama ulanib, yuk ortiladigan joyga ya’ni zavodga qaytib keladi, tirkama ajratilib yuk ortish uchun qoldiriladi, oldindan yuklab qo‘yilgan tirkama ulanadi va u belgilangan joyga olib boriladi. Transport vositasiga aslida uchta tirkama biriktirilgan bo‘ladi – biridan yuk tushiriladi, ikkinchisiga – yuk ortiladi, bu vaqtda uchinchisida yuk tashilayotgan bo‘ladi.
Uchinchi, mokili-xalqali sxema ham mavjud bo‘lib, bunda yuklar panel tashuvchi va bir nechta tirkama yordamida yetkazib beriladi. Ob’yektga yetib kelib, tirkamani ajratib, panel tashuvchi ikkinchi ob’yektga jo‘naydi, u yerda ikkinchi tirkamani ajratib qoldiradi yoki yukini tushiradi. Uchinchi ob’yektda yukini tushirib, panel tashuvchi bo‘sh tirkamalar bilan zavodga navbatdagi yuklarni ortishga borishi mumkin. Sxemaning afzalligi – transport vositasining yuk ko‘tarish qobiliyatidan to‘laroq foydalanish va to‘xtab qolishlarni qisqartirishdir. Shu bilan birga manevr qilish davomiyligi ortadi, tirkamani yuk ortishga qo‘yish davomiyligi ortadi, chunki bir-ikki tirkamali avtomashinaning harakatchanligi (manevrchanligi) ayniqsa o‘tish yo‘llari va qurilish maydonlari tor bo‘lgan sharoitda keskin qiyinlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |