Marg‘uba Mirqosimova adabiy tahlil borasida uzluksiz izlanishlarni amalga oshirmoqda. U shu sohaga alohida qiziqish bildirib kelayotgan metodist olimadir. O‘quvchilarda adabiy tahlil malakasini shakllantirish va takomillashtirish asoslari» kitobi olimaning bu yo‘nalishdagi eng so‘nggi yutuqlaridan biri sifatida baholanishi mumkin. Unda muallif o‘quvchilarni adabiy tahlilga o‘rgatish bir bos-qichdagina amalga oshirib bo‘ladigan ish bo‘lmasdan, unga uzviylik va uzluksizlik tamoyili asosida yondashilganidagina tegishli samara berishi mumkinligini ishonchli dalillar yordamida ko‘rsatib beradi. Buning asosi sifatida esa u badiiy tahlilning elementar namunalarini boshlang‘ich sinflardanoq boshlash kerakligini ko‘rsatadi.
Qozoqboy Yo‘ldoshev Adabiyot o‘qitish nazariyasi va metodikasi fanining mustaqillik davridagi rivojiga sezilarli ta’sir o‘tkazib va munosib hissa qo‘shib kelayotgan olimlardan biridir. U Adabiyot o‘qitish nazariyasi va metodikasi fanining nazariy muammolarini ham, uning amaliy jihatlarini ham jiddiy tarzda tadqiq etib kelmoqda. Uning «Adabiyot o‘qitishning ilmiy-nazariy asoslari» kitobi Adabiyot o‘qitish nazariyasi va metodikasi fanining eng so‘nggi yutuqlaridan biri sifatida qayd etilishi mumkin. Olim bu tadqiqotida adabiyot o‘qitishdagi yangicha tamoyillar haqida bahs yuritadi. An’anaviy adabiy ta’limdagi nuqson va kamchiliklar to‘g‘risida mulohazalar bildiradi. Eng muhimi, u yangicha, adabiy-estetik tahlil namunalarini tavsiya ham etadi.
Safo Matchonov Adabiyot o‘qitish nazariyasi va metodikasi fanining ravnaqi uchun jonkuyarlik qilib kelayotgan olimlarimizdan biridir. U o‘quvchilarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, bunda adabiy ta’limning o‘rni, ahamiyatini ko‘rsatib berishga katta kuch va mehnat sarflab kelmoqda. Bolalar kitobxonligi, o‘quvchilar nutqini o‘stirish usullari, o‘quvchilarni badiiyat olamga olib kirishning eng maqbul usul va shakllari borasida olim tinimsiz izlanib kelmoqda. Olim «o‘qigan odam» hamda «o‘qimishli odam» tushunchalarining keskin farq qilishi haqida to‘xtarkan, «kitobxonlik tor ma’noda kitob o‘qishni bildirsa, keng ma’noda tanlab o‘qish, his etish, anglash va fikr bildirish tushunchalarini o‘z ichiga qamrab oladi. U badiiy adabiyotdan oziqlanadi, adabiy tanqid va pedagogika ko‘magida yuksala boradi», - deb yozadi.
O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini bir guruh yosh metodist olimlar davom ettirishmoqda. Ular qatorida Q. Husanboyeva, R. Niyozmetova, V. Qodirov singari iqtidorli olimlar bor. Ularning tadqiqotlarida metodika ilmining ham nazariy, ham amaliy muammolarini atroflicha hal qilishga urinish seziladi.
Shu o‘rinda «O‘zbek tili va adabiyoti», «Til va adabiyot ta’limi», «Uzluksiz ta’lim» singari jurnallar, «Ma’rifat», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» kabi gazetalar sahifalarida ham adabiy ta’limga oid ko‘plab muammolarning yoritilib borayotganini qayd etish joiz
Do'stlaringiz bilan baham: |