O‘quvchilarni noqulay vaziyatga qo`ymaslik uchun savollarni qanday berish zarur:
1.Savolni avval butun auditoriyaga bering;
2.O‘quvchilarga savolni o`ylab olish uchun fursat bering;
3.Agar kimdir javob berish istagini bildirsa, uni rag`batlantiring, davom ettirish yoki qo`shimcha qilishni so`rang;
4.Agar yetarlicha vaqt o`tsada, auditoriya jim o`tirsa, o‘quvchilarning sizga uzatayotgan noverbal belgilari (nigoh yo`nalishi, tananing oldinga engashishi)ga e’tibor bering va biror kishiga shaxsan murojaat qiling;
5.Agar hech qanday belgilar sezilmasa, savolni sharhlashingizga ehtiyoj bor – yo`qligini auditoriyadan so`rang;
6.Yaxshi savol berilgani uchun maqtashni oshirib yubormang.
Kommunikatsiya samarali bo`lishi, turli to`siqlar mazmunga zarar yetkazmasligi uchun qayta bog`lanishdan foydalanishni unutmang.
Qayta bog`lanish nima?
Inson hayoti davomida doim o`zgalar bilan muloqotga kirishib, atrofdagilarning o`ziga nisbatan munosabatiga tayanib yashaydi.
O`z navbatida, o`zi ham atrofdagilar haqida fikr yuritadi, ularning hatti- harakatlarini baholaydi. Ko`pchilik o`zgalarning fikrini o`ta muhim hisoblaydi, bu fikrlarni inobatga olish zarur deb biladi.
Munosabat ifodalashning o`z tartib- qoidalari mavjud bo`lib, bu jarayon qayta bog`lanish deb yuritiladi.Qayta bog`lanish – bizning xulqimiz va harakatlarimizning boshqa kishilarga o`zimiz sezmagan holda ta’sir ko`rsatishi haqida ma’lumotdir. Bir kishi yoki butun bir guruh o`zining boshqa kishilarning harakatlariga nisbatan reaksiyasini ularga kamchiliklarini tuzatishda yordam berish maqsadida ifoda etish qayta bog`lanishga olib keladi.
Qayta bog`lanish hamda harakatni talqin qilishni o`zaro farqlash lozim.Xususiy talqinda, masalan, quyidagicha fikr bildiriladi: “Sen, menimcha, …. ni qilyapsan”; qayta bog`lanishda esa ‘’Sen …ni qilganingda, men …ni his qilyapman”. Talqin harakatni talqin qiluvchining qabul qilish xususiyatlariga bog`liq bo`lishi mumkin. Qayta bog`lanish esa bir kishining boshqa bir kishi harakatlariga nisbatan reaksiyasini ifoda etadi.
Darsni baholash maqsadida qo`llanadigan qayta bog`lanish usullari
Ko`pincha dars oxirida o`qituvchi xulosa chiqarish, uyga vazifa berish bilan kifoyalanadi. Ayrim hollarda “Dars sizga yoqdimi?” deb so`rashi mumkin.Quyida qayta bo`glanishning ba’zi bir usullarini namuna sifatida keltiramiz.
Debrifing- ingliz askarlarining asirlardan barcha axborotni siqib so`rab olguncha bo`lgan jarayon, savol- javob orqali kerakli axborotni olish usuli. Aynan debrifing jarayonida bajarilgan ishlarning mohiyati aniqlashtiriladi, maqsadga erishganlik darajasi tahlil qilinadi, xulosa qilinadi, o‘quvchilar bilib olganlari va yana o`rganishlari lozim bo`lgan material orasidagi munosabat o`rnatiladi, keyingi harakatlar rejasi belgilanadi.
Debrifing bosqichlari:
1.bosqich:faktlarni aniqlash(Nima sodir bo`ldi?)
2.bosqich :sabablar tahlili (Nega shunday bo`ldi?)
3.bosqich: harakatlarni rejalashtirish (Endi nima qilamiz?)
Birinchi bosqichda sodir bo`lgan voqealar qayd etiladi, hosil bo`lgan his – tuyg`ular oshkor etiladi, nima sodir bo`lishi mumkinligi to`g`risida emas, haqiqatdan amalga oshgan voqea haqida fikr yuritiladi.
Ikkinchi bosqichda voqeani keltirib chiqargan sabablar tahlil qilinadi, muqobil nazariyalar muhokama etiladi, misollar keltiriladi.
Uchinchi bosqichda keyingi qadamlar aniqlashtiriladi.
Gamburger
Qayta bog`lanishning samarali usullaridan biri. Dars yakunida talaba uchun foydali ma’lumot olishga yordam beradi. Eslatib o`tamiz: gamburger (inglizcha so`z, o`zbek tilida muqobili yo`q, hozir turkcha kabobga o`xshaydi)- ichiga cho`g`da pishgan, qovurilgan go`sht qo`yilgan non.Mazali bo`lishi uchun salat bargi, sabzi salati, mayonez, ketchup solinadi. “Gamburger” usulini qo`llaganda o`qituvchi so`zini quyidagicha boshlashi mumkin:
-Hurmatli o`quvchilar , ko`pchiligimiz gamburger nima ekanligini bilamiz, uni sevib iste’mol qilamiz.Ayting-chi, uning kaloriya jihatidan qimmatli qismini nima tashkil etadi?( go`sht).Siz uchun dars davomida nima qimmatli bo`ldi?
Barcha o‘quvchilar o`z fikrlarini bildiradilar.Keyin o`qituvchi davom etadi:
-Gamburgerning mazasini nima buzdi?
-Gamburgeringizga nimalar yetishmayapti?
Fikrlar umumlashtiriladi, oqituvchi ham hamma qatori o`z fikrini bildiradi.
"Qiyofalar"
Har bir ishtirokchi uchta (xursand, neytral, xafa) qiyofa chizilgan kartochka oladi va unda o`zining, guruhning ishtirokini hamda dars mazmunini baholaydi. Doskaga konvert ilib qo`yiladi. Ishtirokchilar baholash varaqalarini shu konvert ichiga soladilar.
" Oltita shlyapa "
Amalda undan har qanday ijodiy jarayonni tartibga solish, mantiqni emotsiyadan ajratib, yangi betakror g`oyalar yaratish uchun foydalanish mumkin.
Bunda o`qituvchi 6 xil rangdagi kichik qog`ozlardan ishtirokchilar soniga mos ravishda shlyapalar yasaydi.Bu shlyapalar dars boshlanishida kichik guruhlarga bo`lish uchun qo`llanishi mumkin.Mashg`ulot yakunida har bir guruhga o`z rangidagi boshga kiyish mumkin bo`lgan qog`oz shlyapalar taqdim etiladi va muhokama olib boriladi.
Oq shlyapa: raqam va faktlar. Axborot. Savollar. Sodir bo`lgan voqea – hodisalar, guruh ishini xolis qayd (bayon ) etish.Qanday axborotga egamiz? Yana qanday axborot zarur?
Qizil shlyapa: emotsiyalar ,kuchi intuitsiya, his- tuyg`ular. Hislarni asoslash talab etilmaydi.Ta’lim jarayonida o`quvchilarda qanday hislar tug`ildi?
Qora shlyapa: ehtiyotkorlik. Jarayondagi salbiy holatlat. Kamchiliklar nimalardan iborat? Qanday xatolarga yo`l qo`yildi?
Sariq shlyapa: afzalliklar. Jarayonda qanday yutuqlarga erishildi. Ijobiy xuloslar chiqarish.Nima uchun bunday qilish ma’qul? Afzalliklari qanday? Nima uchun bu amalga oshadi?
Zangori shlyapa: ijodkorlik.Turli g`oyalar. Yangi g`oyalar. Takliflar. Yechimning turli variantlari.Qanday muqobillari mavjud?Jarayonni takomillashtirish yo`llari.
Ko`k shlyapa: tahlil, mulohaza. Mulohaza haqida mulohaza. Qaror qabul qilish.Nimaga erishdik? Keyin nima qilish kerak?
" Zakovat o`yini "
Bu o`yinni o`tkazishda dastlab auditoriyani o`yinga moslashtirish lozim bo`ladi. O`yin ishtirokchilari test yordamida saralab olinadi. Yuqori ball olgan o`quvchilar o`yinda ishtirok etish huquqiga ega bo`ladi. O`yin qatnashchilari 6-8 kishidan iborat bo`ladi. Qolgan o`quvchilar esa o`yinni tamoshabin sifatida kuzatib turishadi. O`yin uchun mo`ljallangan savollar konvertga joylashtirib qo`yiladi. Guruh sardori savolni olib o`qituvchiga beradi. O`qituvchi savolni o`qib eshittiradi. Javobni aniqlash uchun bir daqiqa vaqt ajratiladi. Bu vaqt orasida o`yin ishtirokchilari javobni maslahatlashib topishga harakat qilishadi.
Zakavot o`yinlarida asosan, o`rtaga muammoli savollar tashlanib, shu muammoni hal etishga diqqat qaratiladi.
" 6X6X6 "
Mazkur metodlarning adabiy ta`lim jarayonida foydalanish mumkin bo`lganlaridan yana biri 6X6x6 metodidir. Bu metoddan adabiy asarlar ustida ishlashda foydalanishda adabiyot o`qituvchisidan pedagogik mahorat va ziyraklik, guruhlarni oqilona shakllantira bilish talab qilinadi. Bu metodda sinfdagi o`quvchilar oltita-oltitadan guruhlarga bo`linadi. Guruhlarga muayyan nomlar beriladi. Dars mavzusi e`lon qilinadi, o`qituvchi guruhning a`zolarini almashtiradi. Yangi guruhda avvalgi guruhdan bitta vakil qoladi va o`z guruhining mavzu yuzasidan chiqargan xulosalarini yangi guruhga bayon etadi. Yangi guruh a`zolari avvalgi guruhning fikr va xulosalarini o`rganadilar, unga o`z munosabatini bildiradilar. Shu tariqa qisqa vaqt ichida o`quvchilar tomonidan ham mavzu yuzasidan fikr bildiriladi, ham bu fikrlar ularning o`zlari tomonidan tahlil qilinadi va baholanadi.
"Ijodkorni top"
Mashg‘ulotning borishi:
O'quvchilar “Adabiyot olami”ga sayohatga chiqadi. Sayohatga avtobusda borish, uning uchun chipta sotib olishni bolalarga tushuntiradi. Likopchadagi chiptalardan olishni taklif qiladi.
Stullardan avtobus hosil qilinadi. Ularga xuddi chiptalardagi kabi raqamlar yozilgan, yozuvchi yoki shoirlarning ismlari yopishtirilgan bo’ladi. O'quvchlar qo‘lidagi chiptasiga qarab stulni topib o‘tirishadi. Ular o'qituvchining “o‘ngga”, “chapga”, “to‘g‘riga” kabi undoviga boshini burish harakatlarini bajaradilar. “Mumtoz adabiyot” bekatiga kelganda, chiptasiga mumtoz davr ijodkorlari ismi tushirilgan o'quvchilar avtobusdan tushadilar va olma daraxtidagi olmalardan chiptasi ichida qaysi raqam yozilgan bo‘lsa, shuncha ijodkorlarga tegishli nasriy asarlarni terib olishadi. Avtobus yo‘lida davom etadi. Keyingi "Jadid davr adabiyoti" bekatida chiptasiga bugungi kun jodkorlari ismi tushirilgan o'quvchilar tushadi va o'z ijodkorlariga tegishli asarlarni yig'ib olishadi. Guruh a’zolari birgalikda chiptasida yozilgan ijodkorlarni, unga xos xususiyatlarni ifodalovchi kartochkalarni topib, bir qatorga terib chiqishadi. Masalan:
Cho'lpon
• Andijonda tug'ilgani;
• Cho'lpon-tongi yulduz;
• Erk kuychisi- Cho'lpon;
• "Go'zal", "Binafsha", "Ko'ngil" she'rlari muallifi;
* "Kecha va kunduz" romani muallifi.
Uchinchi bekatda chiptasiga bugungi kun ijodkorlari ismi yozilgan o'quvchilar avtobusdan tushadi. Guruh a’zolari birgalashib, ijodkorlariga xos xususiyatlarni ifodalovchi kartochkalarni bir qatorga terib chiqadi.
Har qaysi guruhdan bitta sardor o‘z bekatida turishadi va qolgan guruh a’zolariga bajargan ishini gapirib beradi. Uchala guruh a’zolari navbati bilan boshqa guruhning ishi bilan tanishib chiqadilar. O'qituvchi o'quvchilarga yordam beradi, ularning ishini nazorat qiladi, ishtirokiga qarab rag‘batlantiradi. Mashg‘ulot oxirida o'quvchilarning rag‘bat kartochkalari sanaladi va o‘rni aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |