26. Qadimgi Xitoyda eramizdan 2000 yil ilgari dehqonchilik, sug‘orish ishlari ancha rivojlanadi. Bu yerda temirdan mehnat qurollari ishlab chiqarish avj oladi. Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, hunarmandchilik, savdo-sotiqning ravnaqi turli bilmlarning rivojlanishi uchun keng yo‘l ochadi. Natijada, astronomiya, biologiya, tibbiyot, san’at va madaniyat sohalari katta yutuqlarga erishadi. Dastlabki falsafiy ta’limotlarda dunyo abadiy, u 5 unsur – olov, suv, yer, daraxt va metalldan tashkil topgan.
Er.av.VII-VI asrlarga kelib, daosizm falsafiy oqimi paydo bo‘ldi (asoschisi Lao-Szi, birinchi Xitoy faylasufi). Uningcha, dunyo moddiy, tabiiy qonunlar asosida to‘xtovsiz harakat va o‘zgarishda bo‘ladi. Lao-Szi shunday yozadi: «Ulug‘ dao hamma yoqqa qarab oqadi. U o‘ngga ham, so‘ngga ham yoyilgan. U tufayli jami mavjudod tug‘iladi, ular hamisha o‘zgarishda bo‘lib, bir joyda to‘xtab qolmaydi».
Daosizm ta’limotiga ko‘ra, dunyodagi hamma narsalar qarama-qarshiliklar birligi asosida, bir-biriga zid holda aylanib, o‘tib turadi. Tabiatdagi go‘zallik va xunuklik, balandlik va pastlik, yaxshilik va yomonlik, borliq va yo‘qlik, uzunlik va qisqalik bir-biriga o‘tadi, bir-birini tug‘diradi, bir-biriga bog‘liq. «In» va «Yan» qarama-qarshi kuchlar va tabiatning «5 unsuri» haqidagi ta’limotni szou Yan ishlab chiqadi.
Qadimgi Xitoy falsafiy qarashlarida muhim o‘rin tutgan Konfutsiyning (er.av.551-479 y.) axloqiy ta’limoti kishilarni tarbiyalash masalasiga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, odamlar o‘z tabiyatiga ko‘ra bir-biriga o‘xshashdirlar, faqat ular o‘z tarbiyalariga ko‘ra bir-birlaridan farq qiladilar.
27. Konfutsiyning ta’limotida «Tartib», «Marom» degan ma’nolarni anglatuvchi Li degan tushuncha alohida ahamiyatga ega. «Li» bo‘lmasa, jamiyatda tartib bo‘lmaydi, demak, jamiyat ravnaq topmaydi. Shuning uchun jamiyatda doimo tartib bo‘lishi zarur», – deydi u. Xullas, bu yerda ham materialistik va idealistik tendensiyadagi falsafiy oqimlarning guvohi bo‘lamiz. Masalan, ko‘pchilik qadimgi Xitoy faylasuflari tushuncha yoki predmetning nomi bilan reallikdagi predmetning o‘zaro munosabati to‘g‘risidagi muammoni hal qilishga qiziqqanlar. Mo Di (Mo-Szi), Syun-szi va boshqalar tushunchalar ob’ektiv hodisalar va narsalarning inson ongidagi in’ikoslari, desalar, Gunsun Lui tushunchalarni mutlaq mohiyat, deb, ularni borliqdan uzib qo‘yadilar. Konfutsiy va Myan-Szining axloqiy siyosiy nazariyalari, Xan Fey-szi va «qonunchilar» maktablari vakillarining davlat va huquqqa oid fikrlari to‘g‘risida muayyan mulohazalar mavjud. Bular Qadimgi Xitoy falsafasining «oltin davri»ni tashkil qiladi.
28. Kosmotsentrizm nuqtai nazaridan inson avvalo kosmosning bir qismi sifatida, «kichkina dunyo» sifatida (Demokrit), ba’zan jonli organizm sifatida tasavvur qilinadigan makrokosm bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan mikrokosm sifatida idrok etiladi. Qadimgi Sharq, xususan Xitoy falsafiy tizimlari asosan sotsiotsentrik konsepsiyalardan iborat bo‘lib, ularda inson, odatda, jamiyat, sotsium bilan uzviy bog‘liq deb qaraladi. «Ideal munosabatlar qonuni»ga odamlar o‘rtasida, oila, jamiyat, davlatda rioya qilish inson hayotining muhim ma’nosi hisoblanadi; bunga jamiyatda qabul qilingan me’yorlar, qoidalar, rasm-rusumlar va shu kabilarga izzat-ikrom bilan yondashish imkoniyat yaratadi. Boshqacha aytganda, inson o‘z shaxsiy hayotini doim jamiyat ravnaqi, kamoloti bilan o‘lchashi lozim, xususan, u keyinchalik oila va davlatni takomillashtirishga harakat qilish uchun o‘zini kamol toptirishi lozim. Shu ma’noda mashhur qadimgi xitoy faylasufi Konfutsiy (mil. av. 551-479 yillar)ning fikrlari diqqatga sazovor bo‘lib, u shunday deb saboq beradi: «qilmishlarning asoslari va tamoyillarini o‘rgansang, yaxshilik va yomonlik haqidagi fikrlaring (axloqiy bilimlar) barkamollikning eng so‘nggi darajasiga yetadi. Niyatlar sof va xolis bo‘lsa, qalb rostgo‘y va samimiy bo‘ladi. qalb rostgo‘y va samimiy bo‘lsa, inson to‘g‘ri yo‘lga kiradi, kamol topadi. Inson to‘g‘ri yo‘lga kirsa va kamol topsa, oilada tartib o‘rnatiladi. Oilada tartib hukm sursa, xalqlarni boshqarish osonlashadi. Xalqlarni boshqarish osonlashsa, butun dunyo tinch-totuv yashaydi»
Do'stlaringiz bilan baham: |