Makon va vaqt - borliqning umumiy yashash shakllari bo‘lib, makon dunyoni tashkil etuvchi ob’ektlar va ularning tarkibiy nuqtalarining o‘zaro joylashish tartibi, ko‘lami va miqyosini ifoda etadi, vaqt esa dunyoda sodir bo‘luvchi hodisa va jarayonlarning ro‘y berish ketma-ketligi tartibi va davomiyligini ifodalaydi. Makon va vaqtning tabiati va mohiyati haqida qadimdan faylasuflar xilma-xil nuqtai nazarlarni ilgari surib kelishadi. Ularni umumlashtirib, ikki yirik konsepsiyaga ajratish mumkin. Bu konsepsiyalar substansial va relyatsion konsepsiyalar deb ataladi.
Substansial konsepsiyada makon va vaqtning absolyut jihatlari, relyatsion konsepsiyada esa ularning nisbiy jihatlari absolyutlashtiriladi. Substansial konsepsiya tarafdorlari (Demokrit, Aflotun, Eronshahri, Zakariyo ar Roziy, Beruniy, Patritsiy, Kampanella, Gassendi, Nyuton, Eyler, Mopertyui va boshqalar) fikricha, makon - materiya va moddiy aloqadorliklardan tashqarida, ularga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan mustaqil substansiyadir; makon - moddiy ob’ektlar uchun joylashish makoni, u absolyutdir. Vaqt esa borliqqa, makon va harakatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi; vaqt munosabatlari absolyutdir, ya’ni vaqt hamma hisob sistemalarida bir xilda o‘tadi. Makon va vaqtni ular mustaqil substansiya deb hisoblaganliklari tufayli bunday yondashuv substansial konsepsiya deb fanga kirgan.
Relyatsion konsepsiya vakillari(Arastu, Avgustin, al-Kindiy, Ibn Sino, Nosiri Xisrov, Faxriddin Roziy, Nasriddin Tusiy, Dekart, Leybnis, Toland, Boshkovich, Yum, Fixte, Kant, Xegel)ning fikricha, makon - moddiy dunyoning tarkibiy tuzilishi tartibining namoyon bo‘lishi, jismlarning o‘zaro joylashish o‘rinlari va moddiy narsalarning mavjudligi tartibini ifodalaydi. Makon - juz’iy holda ham, umumiy holda ham moddiy dunyoning holatiga bog‘liqdir; materiya makonning mavjudligi uchun asosiy vositadir; makon - nisbiydir. Vaqt esa materiyaning atributi (ajralmas xususiyati), u materiyadan tashqarida mavjud bo‘lishi mumkin emas, vaqt munosabatlari nisbiydir, vaqtning davomiyligi moddiy ob’ektlarning o‘zaro aloqadorligiga, hisob sistemasiga bog‘liqdir.
Olam haqidagi ilmiy bilimlarning rivojlanishi bilan real fazo va vaqt haqidagi tasavvurlar ham, konseptual modellar ham rivojlanib, takomillashib boradi.
Makon va vaqtning barcha hisob sistemalarda va materiyaning barcha struktura darajalarida bir xilda namoyon bo‘luvchi xususiyatlari eng umumiy xususiyatlar deyiladi. Bunday xususiyatlarga makon va vaqtning ob’ektivligi, moddiyligi, cheksizligi, materiyaning atributi sifatidagi absolyutligi, harakat va materiyaga nisbatan namoyon bo‘luvchi nisbiyligi, ya’ni turli hisob sistemalarida turlicha qiymatlarga egaligi kiradi.
Bulardan tashqari, makon va vaqtning turli hisob sistemalarda turlicha namoyon bo‘ladigan, miqdoriy kattaliklar bilan, ya’ni muayyan o‘lchash asboblari, soat yoki lineykalar yordamida o‘lchash mumkin bo‘lgan, tashqi aloqadorliklarda ko‘zga tashlanadigan, o‘zgaruvchan va nisbiy xarakterdagi xususiyatlari borki, ularni miqdoriy yoki metrik xususiyatlar, deb atashadi. Bunga makonning gomogenlik (birjinslik), izotropik (va anizotropik) xususiyatlari kiradi. Vaqtning metrik xususiyatlari: davomiylik, birjinslik, anizotropik. Bu xususiyatlar materiyaning turli tashkiliy-struktura va miqyosli-struktura darajalarida turlicha namoyon bo‘ladi. Ular makon va vaqt bilan bog‘liq bo‘lgan moddiy aloqadorliklarning miqdoriy belgilarini ifodalaydi. Metrik xususiyatlarning o‘zgarishi materiya sifatining o‘zgarishiga jiddiy ta’sir qilmaydi.
Makon va vaqtning yana shunday xususiyatlari ham borki, ular barcha hisob sistemalarida, materiyaning barcha struktura darajalarida, mikrodunyoda ham jamiyatda ham bir xilda saqlanadi. Ular makon va vaqtning tub sifatiy jihatlarini ifodalovchi fundamental xususiyatlar hisoblanadi. Bunday xususiyatlarni topologik xususiyatlar deyishadi. Topologik xususiyatlar moddiy aloqadorliklarning ichki, tub sifatiy jihatlarini ifodalaydi. Topologik xususiyatlarning o‘zgarishi bilan moddiy ob’ektlarning tuzilishida tub sifatiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Quyidagi xususiyatlar makonning topologik xususiyatlari hisoblanadi: uzluksizlik va uzluklilik, o‘lchamlilik, bog‘langanlik, kompaktlik, tartiblanganlik, chegarasizlik. Vaqtning topologik xususiyatlariga esa uzluksizlik, orqaga kaytmaslik, bir o‘lchovlik, chiziqli tartiblanganlik va bog‘langanlik kiradi.
Makon va vaqt materiya strukturasidagi o‘zaro aloqadorliklar majmuasini aks ettirar ekan, bu aloqadorliklarning turli xil shakllari, turli xil shakldagi harakat va unga bog‘liq bo‘lgan makon-vaqt shakllarining vujudga kelishiga sababchi bo‘ladi. Biz yuqorida faqat fizik makon va fizik vaqt haqida to‘xtaldik. Hozirgi zamonda borliqning turli tashkiliy struktura darajalariga aloqador bo‘lgan fizik, ximiyaviy, geologik, biologik, fiziologik, ijtimoiy (sotsiologik), psixologik makon va vaqt haqidagi konsepsiyalar ham yaratilmoqda. Bunday konsepsiyalarda olamning tuzilishi jihatdan xilma-xilligi va birligi, ko‘p qirraliligi va cheksizligi, murakkabligi va nihoyasizligi asoslanmoqda. XIX asr oxiri va XX asrning boshlarida nazariy fizika, topologiya, chiziqli algebra, kvant fizikasi, qora tuynuklar fizikasi, relyativistik kosmologiya fanlarining rivojlanishi makon va vaqt haqidagi tasavvurlarni jiddiy o‘zgartirdi. Ayniqsa, konseptual makon (vaqt)ni informatsion texnologiya vositalarida modellashtirish yo‘llari osonlashgach, makon va vaqtning turli-tuman modellarini tadqiq etish imkoniyatiga keng yo‘l ochildi. Bu tadqiqotlar olamdagi yagona, eng umumiy, universal va fundamental aloqadorlik - bu makon-vaqt aloqadorligidir, deb xulosa chiqarishga to‘liq asos berdi.
Materialistik yondashuv makon va vaqtni ongdan tashqarida va undan qat’iy nazar mavjud deb hisoblaydi, ya’ni ular mavjudligining ob’ektiv xususiyatini qayd etadi. Mazkur yondashuv asosan tabiatshunoslikning I.Nyuton (1643-1727) va A.Eynshteyn (1879-1955) kabi atoqli namoyandalari ilgari surgan g‘oyalarga tayanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |