II - bosqich XVI-XVII asrlar metafizik materializmida materiya muayyan o‘zgarmas xossalar yig‘indisi sifatida tahlil qilingan. O‘sha davrda materiya tushunchasi fizikada qabul qilingan muayyan o‘zgarmas xossalar yig‘indisi sifatidagi «modda» tushunchasi bilan ayniylashtirilgan. Masalan, ingliz materialistlari F.Bekon va T.Gobbs bunday xossalar qatoriga ko‘lamlilik, shakl, og‘irlik va hokazolarni kiritgan. Ba’zan materiya tushunchasi bitta muayyan «birlamchi» xossa, masalan ko‘lamlilik yoki massa bilan ayniylashtirilgan (R.Dekart, I.Nyuton ).
III - bosqich XVIII-XIX asrlarda materiya inson sezgi a’zolari orqali idrok etishga qodir bo‘lgan ob’ektiv borliq sifatida talqin qilingan. Bu davrda «materiya» tushunchasi tabiiy fanlarning rivojlanish jarayonida olimlar tamonidan aniqlagan belgilar bilan boyib bordi. Masalan, mexanikada makrojismlarning alohida xossasi – massa aniqlandi va u materiyaning eng muhim belgisiga aylandi, materiya massa bilan bir xil, deb hisoblana boshlandi.
IV - bosqich Hozirgi zamon falsafasida materiya ob’ektiv borliqni ifodalash uchun mo‘ljallangan falsafiy kategoriya bo‘lib, uni inson o‘z sezgi a’zolari orqali idrok etadi, uni tushunishi mumkin va tushunishga harakat qiladi, lekin bunda u inson sezgilaridan qat’iy nazar mavjud. Bu davrda materiyani tushunishda tabiiy ilmiy jihat emas, balki falsafiy jihat birinchi o‘ringa qo‘yildi. Bunda materiyaga narsalar va hodisalar rang-barangligining ichki yagonaligi zamirida yotuvchi mohiyat – substansiya sifatida e’tirof qilinadi. Bu esa materiyaga ob’ektiv borliq sifatida yondoshuv ifodasidir. XIX va XX asrlar chegarasida falsafa va tabiatshunoslik sohasidagi vaziyatni tahlil qilgan faylasuflar (ularni faqat sobiq marksizm vakillaridan iborat, deb tushunmaslik lozim), xususan, «materiya» tushunchasidan voz kechish yo‘lidan emas, balki unga tabiatshunoslikdagi ixtirolarni umumlashtirish orqali chiqarilgan yangi xulosalarni kiritish yo‘lidan borishni taklif qildilar. «Materiya» falsafiy kategoriyasining vazifasi amalda mavjud materiya turlarining butun cheksiz rang-barangligini qamrab olish va uni ong bilan bog‘lash mumkin emasligiga urg‘u berishdan iborat. Muammoga falsafiy munosabatni uning tabiiy-ilmiy talqinidan farqlash imkonini beruvchi mazkur yondashuv juda muhim ahamiyat kasb etadi, aks holda mazkur sohadagi tadqiqotlar va bilish imkoniyatlari doirasi asossiz ravishda torayadi. Bunga, masalan, neopozitivizm yo‘nalishlaridan biri – lingvistik falsafada duch kelishimiz mumkin. Uning taniqli namoyandalari J.Mur, L.Vitgenshteyn va boshqalar hamonki «materiya» va «ong» kabi tushunchalarga ilmiy nuqtai nazardan aniq ta’rif berish mumkin emas ekan, ulardan voz kechish lozim, deb hisoblaydi. Materiyaning modda ko‘rinishidagi ob’ektlarni tuzilishi jihatidan turlarga ajratsak, uning quyidagicha tuzilish darajalarini farqlaymiz:
1). Materiyaning miqyosli-struktura, ya’ni miqyos jihatidan tuzilish darajalari. Ular:- mikrodunyo, makrodunyo va megadunyolardir.
Masshtab o‘lchovi, miqyosi jihatidan mikrodunyo atom masshtabidan kichik dunyo hisoblanib, unga atom strukturasidan tortib elementar zarrachalar, atom yadrosi, kvarklar, kernlar va boshqa kichik strukturalar kiradi. Bu dunyoning yaxlitligini va turg‘unligini kuchli va kuchsiz yadroviy o‘zaro ta’sirlar saqlab turadi.
Molekulyar tuzilishdan tortib to Yer sharining yaxlitligini ta’minlashgacha bo‘lgan miqyosli tuzilish makrodunyo bo‘lib, bu yaxlitlikni elektromagnit o‘zaro ta’sirlar ta’minlaydi.
Quyosh va uning atrofida harakatlanuvchi Yer, Oy, Mars va boshqa sayyoralar Koinotning bir butun yaxlitligidan iborat megadunyo bo‘lib, bu yaxlitlikni gravatatsion o‘zaro ta’sirlar saqlab turadi.
2). Materiyaning tashkiliy-struktura, ya’ni tashkiliy jihatidan tuzilish darajalari. Ular:- anorganik materiya, organik materiya va ijtimoiy materiya kabilardir.
Tashkiliy- struktura jihatidan materiyaning har bir darajasi o‘ziga xos tuzilish pog‘onalariga ega. Fanda anorganik materiya, ya’ni notirik tabiatning quyidagi tuzilish pog‘onalari ma’lum:
-elementar zarrachalar pog‘onasi;
- atom yadrolari pog‘onasi;
- atomlar pog‘onasi;
- molekulalar pog‘onasi;
- makrojismlar pog‘onasi;
- geologik sistemalar pog‘onasi;
- planetalar (sayyoralar) pog‘onasi;
- yulduzlar pog‘onasi;
- Galaktika pog‘onasi;
- galaktikalar sistemasi pog‘onasi;
- Metagalaktika pog‘onasi.
Organik materiya, ya’ni tirik tabiatning esa quyidagi tuzilish-strukturaviy pog‘onalari fanda o‘rganilmoqda:
-Hayotning molekulyar tuzilish pog‘onasi;
-Hayotning xo‘jayraviy tuzilish pog‘onasi;
-Hayotning tur, biogeotsenoz tuzilishi pog‘onasi;
-Hayotning biosfera tuzilishi pog‘onasi.
Ijtimoiy materiya, ya’ni jamiyat hayotiga xos quyidagi tuzilish pog‘onalarini esa ijtimoiy fanlar tadqiq qiladi:
-inson, shaxs (individium);
- oila;
- mahalla, turli jamoalar;
- ijtimoiy-demografik guruhlar;
- etnik guruhlar, millat va elatlar;
- sinflar;
- davlatlar;
- davlatlar sistemasi yoki ijtimoiy tuzumlar;
- jamiyatning bir butun tuzilishi, ya’ni xalqaro hamjamiyat.
Har qanday individ hayoti davomida o‘zi yashayotgan sotsial muhit ta’sirida va shaxsiy tajribasi asosida muayyan dunyoqarashga ega bo‘lib, olamdagi narsa va hodisalarga shu dunyoqarashiga muvofiq munosabatda bo‘ladi. Materiya haqidagi tasavvurlarning kengayib, chuqurlashib borishi natijasida insoniyat olamning ichki sirlarini ochishga muvaffaq bo‘lmoqda. Endilikda fan olamning moddiy jihatdan bir butunligini isbotladi. Masalan;
a) Yer va kosmik jismlar bir xil kimyoviy elementlardan tashkil topgan;
b) hamma kimyoviy elementlarning atom tuzilishi bir tipdagi zarrachalardan iborat;
v) barcha jismlarga markazga intilish va markazdan qochish xosdir;
g) Yer va koinotdagi jismlar vujudga kelish va yo‘q bo‘lish (boshqa shakllarga o‘tish) xususiyatiga ega; ularga harakat xosdir.
d) materiyaning hamma ko‘rinishlariga in’ikos xosdir.
ye) tirik organizmlarning hammasi xo‘jayralardan tashkil topgan, ularning barchasida genlar irsiyatni saqlashga harakat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |