Potensial va aktual cheksizlik. Cheksizlik tushunchasi potensial va aktual cheksizlikni o‘z ichiga oladi. Potensial cheksizlik miqdor va sifat o‘zgarishlarining nihoyasiz jarayonini qayd etadi. Potensial cheksizlik to‘xtatish, bekor qilish yoki mavjud emas deb e’lon qilish mumkin bo‘lmagan shakllanish, o‘zgarish va rivojlanish jarayoniga ishora qiladi. Aktual cheksizlik mazkur sharoitda to‘liq mavjud bo‘lgan cheksizlikning mavhumlashtirilgan ko‘rinishidir. Bu o‘xshash ob’ektlarning cheksiz to‘plamidan, masalan, yer yuzidagi odamlarning sochlaridan yoki sayyoramizda o‘suvchi gullardan tashkil topgan o‘ziga xos ob’ekt sifatida oddiy tushunishga asoslanadi. Aktual cheksizlik intiholi narsalarning cheksiz miqdoridan tashkil topgan ob’ektlarning son-sanoqsiz to‘plamlari aktual tarzda mavjudligi to‘g‘risida so‘z yuritish imkonini beradi. Aktual cheksizlik muayyan mavjud borliq sifatida olinadi, ammo u doim eng ko‘p e’tiroz va qarshilikka sabab bo‘ladi. Ko‘plab faylasuflar bu masalani chetlab o‘tishga harakat qilganlar. Bunda Aristotel qarashlari ancha muhim rol o‘ynagan. U ikki ming yil davomida amal qilgan «aktual emas, balki potensial cheksizlikkina mavjuddir», degan qoidani ilgari surdi. Sog‘lom fikr nuqtai nazaridan Aristotelning bu g‘oyasini asoslovchi dalillar bisyor. Potensial cheksizlik, obrazli qilib aytganda, har qanday songa birni qo‘shish imkonini beradi va ancha sodda abstraksiya hisoblanadi. Uni qabul qilish va unga ko‘nikish mumkin. Aktual cheksizlik esa mutlaqo paradoksal xususiyatga ega, chunki u cheksizlikni «shu yerda» va «hozir» yakunlangan, deb hisoblaydi, masalan: agar biron-bir ichkilikboz kishi hozirgacha ko‘p ichkilik ichgani va yana ikki shisha shapman vinosi icha olishini aytsa, bu potensial cheksizlik hisoblanadi. Agar u cheksiz miqdorda shampan vinosi ichganini aytsa, uning bu fikriga absurd gap sifatida qarash kerak bo‘ladi. Ayni vaqtda, bu aktual cheksizlikni o‘zining barcha elementlariga ega bo‘lgan real ob’ekt ko‘rinishida mavjud cheksizlik sifatida ifodalashga urinish hisoblanadi. Muttasil rivojlanuvchi olam shakllangan aktual cheksizlik sifatida tavsiflanishi mumkin emas. Ammo aktual cheksizlik g‘oyasining o‘zi ijod manbai va evristik izlanishlar uchun zamin sifatida ancha samarali xulosa bo‘ladi
Borliqni shakllarga ajratishda uning asosida, mohiyatida nimalar yotishiga e’tibor qaratish lozim. Shu tariqa falsafada substansiya kategoriyasi shakllangan. Substansiya (lotin. substantia - mohiyat, asosida yotuvchi nimadir) muayyan narsalar, voqealar, hodisalar va jarayonlar xilma-xilligining ichki birligida namoyon bo‘luvchi mohiyat.
Substansiya deyilganda falsafada dastlabki paytlarda borliq, tabiat, jamiyat, inson va dunyodagi barcha narsa va hodisalarning asosida yotuvchi moddiy yoki ruhiy mohiyat anglangan. O‘rta asr Sharq falsafasi namoyandalari al-Kindiy, Zakariyo Roziy, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd asarlarida substansiya deb hamma narsaning moddiy yoki ma’naviy asosi, mohiyati tushunilgan. Substansiyaga qarama-qarshi tushuncha «aksidensiya» deb atalgan. Aksidensiya (lot. accidentia - o‘tkinchi, tasodifiy) narsa va hodisalarning o‘tkinchi sifatlarini ifodalaydi. Forobiyning yozishicha, «olamda substansiya va aksidensiya hamda ularni yaratuvchi marhamatli ijodkordan boshqa hech narsa yo‘qdir»4; «Aksidensiyani sezgilar oqrali his etish mumkin, substansiyani esa faqat aql anglab yetadi»5; «Masalan, olma - substansiya bo‘lsa, uning qizilligi esa aksidensiyadir»6. Substansiyani talqin etishda falsafada ikki xil - ontologik va gnoseologik yo‘nalish bor. Ontologik yo‘nalish bo‘yicha F.Bekon substansiya borliqning eng tub asosida yotadi deb hisoblagan va substansiyani muayyan narsalarning shakli bilan aynanlashtirgan. R.Dekart borliqning asosida ikki xil mustaqil substansiya: moddiy va ma’naviy substansiya yotadi deydi. Moddiy substansiya borliqning ko‘lami bilan, ma’naviy substansiya esa tafakkur bilan belgilanadi. B.Spinoza esa tafakkur va ko‘lam - ikki xil mustaqil substansiya emas, balki yagona substansiyaning ikki xil atributidir (atribut - ajralmas xususiyati degani). G.Leybnisning fikricha, olamning asosida ko‘plab mustaqil substansiyalar (monadalar) yotadi.
Monizm (yunon. monos – bitta, yagona) dunyoning narsalar va hodisalar rang-barangligi bir substansiyadan iborat degan ta’limot. Dunyoning kelib chiqishi va mohiyati haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar, shuningdek birinchi asos muammosiga nisbatan falsafa tarixidagi eng salmoqli yondashuvlar kurashi nuqtai nazaridan substansiya tabiatini tushunishga nisbatan ancha keng tarqalgan ikki yondashuv – materialistik va idealistik monizmni qayd etish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |