Yusuf Xos Hojib Bolasag‘un (hozirgi Qirg‘izistonga qarashli To‘qmoq) shahrida tug‘ilib o‘sdi, bir necha tilni o‘rganib, zamonasining madaniyatli, dono olimlaridan biri sifatida tanildi. Yusuf Xos Hojibning asari qadimgi o‘zbek tili va adabiyoti tarixida katta rol o‘ynagani kabi, tarjima tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Qoraxoniylar davrida Narshahiyning Buxoro tarixiga oid asarini 1128 yilda Abu Nosir al Quvayi tarjima qildi.
Saljuqiylar davrida yozilgan “Nasihatul-muluk” (Podshohlarga nasihat) asari fors tilidan arabchaga tarjima qilindi (inv. № 533). Bu asar saljuqiy sulton Muhammad bin Malikshohga atab yozilgan bo‘lib, kitob muallifi 505/1111 yilda vafot etgan Abu Homid Muhammad bin Muhammad al G‘azzoliy edi. G‘azzoliy nasihatlar yozib, ularni badiiy yo‘sinda, turli latifalar, hikoyalar orqali o‘quvchiga yetkazib berdi. Keyinchalik “Nasihatul-muluk” asari o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan (inv. № 7099, 8393).
XII asrning boshlarida Sharqdan qoraxitoylar degan istilochilar kelib, saljuqiy va qoraxoniylarga qarshi hujum boshladilar. Ular 1138 yilda Samarqanddan Mahmudni haydab, 1141 yilda saljuqiylarning so‘nggi sultoni Sanjarni tormor qildilar. 1172 yilda qoraxitoylar Xorazmni egalladilar. Lekin bu uzoqqa bormadi. Xorazmshohlar sulolasi kuchayib ketdi. Otsizning nabirasi Tekish davrida Xorazm hududi ikki baravarga kengaydi. Sharqiy Eron, Iroq ham Xorazmshohga qarar edi. Muhammad Xorazmshoh 1210 yilda qoraxitoylarni tor-mor qildi. Movarounnahr ham unga vassal bo‘ldi. Muhammad Xorazmshoh o‘zini “Ikkinchi Iskandar” laqabi bilan atadi. Bu davrda tarjima qilingan kitoblar haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Chingizxon O‘rta Osiyoga hujumni 1219 yilda boshlagan. Og‘ir janglardan keyin u O‘trorni zabt etdi. 1220 yilda Buxoroga hujum qilib, bosib oldi. Eron tarixchisi, o‘sha davrning jonli guvohi Juzjoniyning so‘ziga qaraganda, Chingizxon Buxoroni talagach, odamlarni o‘ldirib, uylar, masjidlarni yoqqan, kitoblarni gulxanga tashlagan. 1221 yilga borib Chingizxon Urganchni31 qamal qilgan32. Xalq yovga qarshi qahramonlarcha kurashdi, ammo olti oy qamalda yotgan shahar xalqi kuchli istilochilarga bardosh bera olmadi. Shahar butkul kuyib kul bo‘ldi. Odamlar qirg‘in qilinib, yosh bolalar mo‘g‘ullarga qul qilib berildi. Shunday fojiali yong‘in, ur-yiqit paytida biror kitob qolishining o‘zi mo‘’jiza edi. O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston xalqlari chet el bosqinchilari zulmida ingradi. Xalq bosqinchilarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarsa ham (1238 yildagi Torobiy qo‘zg‘oloni), tezda, ayovsiz ravishda bostirilar edi. Butun bir yuz yil mobaynida biror adabiy asarlar, jumladan tarjima asarlar ham vujudga kelmadi.
Qutb Xorazmiy. Xorazmlik shoir Qutb 1340 yilda Nizomiy Ganjaviyning “Xisrav va Shirin” asarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Qutbning bu tarjima asari X asrdan XI asrgacha bo‘lgan badiiy tarjima asarlari ichida eng fundamental va eng yuksak badiiy mahorat bilan tarjima qilingan birdan-bir asardir. Bu badiiy tarjima davrida juda katta ijobiy rol o‘ynadi va o‘zbek xalqining badiiy tarjima sohasidagi durdona asari sifatida mashhur bo‘ldi. Tarjima tarixi yozilar ekan, Qutb Xorazmiy nomi alohida tilga olinib, zo‘r faxr bilan eslanadi. U ulug‘ shoir Nizomiy Ganjaviyning asarini o‘zbek tiliga tarjima qilar ekan, o‘zbek tilining qudratini ko‘rsata oldi.
“Xisrav va Shirin” tarjimasining qo‘lyozmasi Parijda Milliy kutubxonada saqlanadi. Bu asarning fotokopiyasi Navoiy qo‘mitasi tashabbusi bilan Parijdan keltirilgan. 1940 yilda uni Navoiy qo‘mitasining xodimi, taniqli adabiyotshunos olim Hodi Zarifov nashrga tayyorlagan va tahrir qilgan, ammo asar urush boshlanishi bilan nashrga chiqmasdan qolgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |