5.7. XIX asrning birinchi yarmida tarjima qilingan asarlar
XIX asrda yaratilgan tarjimalar haqida yozar ekanmiz, bu asrning birinchi yarmida qilingan tarjimalar haqida alohida to‘xtashga va ikkinchi yarmida tarjima qilingan asarlarni mustaqil o‘rganishga to‘g‘ri keladi, chunki bu asrda Turkistonda, shu jumladan hozirgi O‘zbekiston hududida juda ko‘p muhim tarixiy voqealar ro‘y bergan va tarjima asarlarining soni va salmog‘i ham ancha oshgan.
XIX asrning birinchi yarmida Xorazmda bir qancha badiiy-tarixiy asarlar tarjima qilindi. Bu faxrli ishni shoir Munis boshlab berdi.
Munis. Shoir Munisning asli ismi Shermuhammad bo‘lib, Avazbey mirobning o‘g‘li edi. Munis 1878 yilda Xivadan 8 kilometr, masofada joylashgan Qiyot qishlog‘ida tug‘ilgan. Yoshlik chog‘laridayoq u tarix va adabiyotga qiziqib, tez orada o‘z iste’dodini namoyon qildi. Shoir, tarixchi, tarjimon bo‘lib yetishdi. Muhammad Rahimxon I ning (1806-1825) topshirig‘i bilan u Xorazm tarixini yoza boshladi. Intihosiga yetkazilgan bu kitobga “Firdavsul iqbol” degan nom berilib, unda 1812-yilgacha Xorazmda bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar qamrab olingan. Bu asar katta tarixiy kitoblar majmuasining qaldirg‘ochi edi. Munis bundan tashqari, ulug‘ bir ishni – Mirxondning bir necha tomli tarixiy kitobi – “Ravzatus-safo”ni fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilish ishini boshlab yubordi. Muhammad Rahimxon I hayot vaqtidayoq (1825-yilgacha) Munis bu kitobning birinchi jildini o‘zbekchaga o‘girib bo‘lgan edi. Ikkinchi jild esa Olloqulixon vaqtida (1825-1842) tarjima qilish ishiga kirishildi43.
XIX asrning birinchi yarmida qilingan tarjimalardan biri “Chor darvesh” asaridir. Bu haqda “O‘zbek adabiyoti” kitobida qisqagina ma’lumot berilgan: “Farg‘onalik Siddiq degan kishi XIX asrning birinchi yarmilarida qilingan forscha “Chor darvesh” kitobini o‘zbekchaga tarjima qildi”44.
XIX asrning birinchi yarmida tarjima qilingan asarlar tubandagilardir:
“Nasihatnoma”, Farididdin Attorning “Pandnoma” asarining tarjimasi bo‘lib, 1255 hijriyda ko‘chirilgan.
“Do‘rrul-majolisi” asarini mulla Rahmonquli qori tarjima qilgan. 1238-yilda ko‘chirilgan; 251 varaq.
“Maqomati xo‘ja Zayniddin”. Tarjimoni Abulxalil, 1260 hijriyda ko‘chirilgan.
“Bahori donish”. Muallifi Shayx Inoyatulla, buni Muhammad Qosim bin mulla Nurmuhammad Buxoriy tarjima qilgan. 1263-yili ko‘chirilgan. Bu asar Xorazmda hijriy 1309-yilda ham tarjima qilingan, 245 bet. (inv. №1790-1, 8188).
“Tarixi Amir Temur tarjimasi”. “Zafarnoma”dan tarjima bo‘lib, tarjimoni Xudoyberdi bin Qo‘shmuhammad so‘fi Xivaqiydir. 1238-yilda ko‘chirilgan. 212 bet. Shu kitobning 64-varag‘ida tarjima Munis topshirig‘i bilan bo‘lganligi aytilgan.
“Jahonnamo tarjimasi”. Muallifi mulla Kotib Chalabiy bo‘lib, mutarjimi Mir Abulqosim xo‘ja bin Mirbadal Boysuniydir. 1259 hijriyda turk tilidan fors-tojik tiliga tarjima qilingan.
“Hikoyatus-solihin tarjimasi”, tarjimon Tolibxo‘ja, Said Abdullo Xorazmiy ko‘chirgan. Tarjima qilingan yili aniq emas.
“Qissasul-anbiyo”. Xorazmlik mashhur yozuvchi Rabg‘uziyning o‘zbek tilida yozilgan “Qissasul-anbiyo” kitobi (1309-1310) fors-tojik tiliga ham o‘girilgan bo‘lib, tarjimoni ma’lum emas.
“Qissai mirza Hamdam”. Bu asar har ikki tilda (tojikcha va o‘zbekcha) hijriy 1469-yilda ko‘chirilgan.
* * *
O‘zbekistonda XX asrning 20-yillariga qadar eng ko‘p tarjima qilingan davr XIX asrning ikkinchi yarmi hisoblanadi. Bu vaqtda Xorazmda ham ilmiy, ham badiiy, ham tarixiy kitoblar tom-tomlab tarjima qilinadiki, o‘tgan asrlardagiga qaraganda ham son jihatdan, ham tarjima turlari jihatidan ko‘p va ulardan tamom ajralib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |