Xorazmda tarjima qilingan asarlar. Xorazmda tarjima asarlari juda ko‘p va ular fundamental kitoblarni tashkil qilardi. Bu masalaga shoir Feruz (Xiva xoni Muhammad Rahim Soniyning taxallusi) umumdavlat ishi deb qaradi va tarjima qilinishi kerak bo‘lgan asarlarning ro‘yxatini tuzdirib, har qaysi tarjimonning qobiliyatiga qarab asarlar bo‘lib berdi. Atoqli shoir, ulug‘ tarjimon Ogahiy Munis boshlab bergan, lekin intihosiga yetkaza olmagan badiiy va tarixiy asarlarning tarjimasini davom ettirdi. Xorazmda tarjima qilingan tarixiy-badiiy, falsafiy asarlardan ba’zilarini ko‘rsatib o‘tamiz:
“Mir’otul-koinoti turki” (Koinot oynasi). Tarjimon Xo‘janiyoz hoji Xonqohiy Xorazmiy. “Tarixi Tabariy”, tarjimoni Bayoniy.
“Ravzatus-safo” tarjimasi (Safo bog‘i). Tarjimonlari: Munis, Ogahiy, Rojiy va boshqalar.
“Zafarnomai Temuriy” tarjimasi Sharafiddin Ali Yazdiyning asari bo‘lib, Xudoyberdi Qo‘shmuhammad so‘fi Xivaqiy Munisning topshirig‘i bilan tarjima qilgan.
“Ravzatul-manozir” degan tarixiy asarni mulla Xudoynazir Otajonxo‘ja ibn domullo Qalandar-xo‘jalar Muhammad Rahimxon I ning buyrug‘i bilan tarjima qilishgan.
Eng katta asarlardan biri “Tarixi komil”ning o‘n ikki tomi ham Xorazmda tarjima qilingan. Nurullo Isa oxun Muhammad Sharif oxun, domla Xo‘ja oxun, Muhammad Rafi’ bin Nurullo mahzum va boshqalar mazkur asar tarjimasida ishtirok etdilar. Umumiy tarixga oid bo‘lgan Ibrohim Haqqiyning “Tarixi umumiy” asarini domullo Ro‘zimuhammad Xorazmiy tarjima qilgan.
Ogahiy. Mashhur shoir, atoqli olim, ulug‘ tarjimon Ogahiy go‘zal original badiiy asarlar va tarixiy kitoblar yaratish bilan birga, o‘zidan keyin buyuk tarjima xazinasini meros qilib qoldirdi. U tarjima sohasida katta bir maktab yaratgan siymolardan biridir.
Ulug‘ shoir-tarjimon Ogahiy 1809-yilda Qiyot qishlog‘ida Munis tug‘ilgan joyda dunyoga keldi. Munis Ogahiyning tog‘asi edi, har ikkovining ota kasbi miroblik bo‘lib, bu og‘ir, murakkab hunar edi. Munis o‘z jiyani Muhammad Rizoga (Ogahiyga) yosh vaqtidanoq ilm o‘rgatdi, uning she’r yozish borasidagi noyob qobiliyatini o‘z vaqtida payqab, uning kamol topishiga yaqindan yordam berdi.
Munis vafot etgach, Ogahiy uning tugallanmagan “Firdavsul iqbol’ nomli asarini intihosiga yetkazdi. Klassik adabiy merosni mufassal bilgan Ogahiy Alisher Navoiyning an’analarini ijodiy ravishda davom ettirdi va unga o‘zi ham ko‘p yangiliklar qo‘sha bildi.
Shoirning “Ta’vizul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) degan Devoni klassik adabiyotimizda katta o‘rin egallaydi. Klassik shoir, tarixchi, olim Ogahiy yigirmaga yaqin asarni tarjima qilganligi haqida o‘zi quyidagicha ma’lumot berib o‘tadi. “Faqirning turkiy tili bilan tarjima qilgan kitoblari: “Ravzatus-safo”ning ikkinchi daftaridan chahor yor izomning voqeasi, uchlanchi daftari, “Nodirnoma”, “Zafarnoma”, “Zub-datul-hikoyot”, “Miftohud-tolibin”, “Nasihatnomai Kaykovus”45, “Salamoni Ibsoliy” Jomiy, “Gulistoni” Sa’diy, “Bahoristoni” Jomiy, “Ravzatus-safoi” Nasiriyning birinchi daftari, “Daloilul-hayrat” sharhikim, rum turkidan chig‘otoy tiliga o‘tkarildi: “Tazkirai Muqimxoniy”, “Tabaqoti Akbarshohiy”, “Haft paykari” Nizomiy, “Hasht bihishti” Xisraviy, “Yusuf va Zulayxo” Jomiykim, manzum bo‘ldi va “Shoh va gadoi” Hiloliykim, manzum bo‘ldi” 46. Bulardan o‘n sakkiztasi mavjud, ikkitasi hali topilgani yo‘q. Ulug‘ tarjimonning bizga qoldirgan yodgorliklari shulardir:
O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutidagi tarjimalar:
“Guliston” (Shayx Sa’diy asari); inv. № 899.
“Haft paykar” (Nizomiy asari); inv. № 7695.
“Yusuf va Zulayxo” (Jomiy asari); inv. № 6728.
“Shoh va gado” (Hiloliy asari); inv. № 809.
“Qobusnoma”; inv. № 7577-11.
“Axloqi Muhsiniy”; inv. № 1597-1.
“Zubdatul-hikoyat”; inv. № 1274-1.
“Tarixi jahonkushoyi Nodiriy”(“Nodirnoma”); inv.№1227.
“Ravzatus-safo” (II jildning yarmi); inv. №7307.
“Ravzatus-safo” (III jild); inv. № 1812.
“Ravzatus-safo” (VII jild); inv. № 6787 va 7108.
“Miftohut-tolibin”; inv. № 8473.
Leningrad, ToshDU va boshqa joylarda mavjud tarjimalar:
“Zafarnoma” (Sharafiddin Ali Yazdiy asari).
“Salomon va Ibsol” (Jomiy asari).
“Bahoriston” (Jomiy asari).
“Hasht bihisht” (Amir Xisrav Dehlaviy asari).
‘Daloilul-xayrot”.
“Tabaqoti Akbarshohiy”.
Ogahiy o‘zbek tiliga o‘girgan asarlar nihoyatda qiyin bo‘lgan monumental asarlar edi. Tarjimon o‘z umrining eng ko‘p qismini va eng jo‘shqin hayotini tarjimaga – buyuk san’atga bag‘ishladi. U tarjima qilar ekan, mas’uliyat naqadar zo‘r ekanini sezib, butun talant, kuchini shunga sarf etdi va natijada yaxshi va o‘lmas tarjimalarni asrlarga yodgor qilib qoldirdi. “Shoh va gado” asarini tarjima qilish sababini Ogahiy she’riy tilda shunday bayon qiladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |