5.5. XVI asrda tarjima qilingan asarlar
XV asr oxiri va XVI asr boshlarida shayboniylar sulolasi davri boshlanadi. Shayboniylar Shaybon ulusidan bo‘lib, ba’zan ularni “dashti qipchoqliklar” deb ham ataydi. Yoyiq (Ural) daryosidan Sharqda Sirdaryo bo‘ylarigacha cho‘zilgan yerlarda barpo bo‘lgan ulus “shaybon” deb atalardi. Bu ulus ko‘chmanchi o‘zbeklar edi.
Shayboniyning maqsadi faqat qozoq xonligiga zarba berishgina bo‘lmay, butun O‘rta Osiyoni o‘z qo‘li ostiga olish edi. Shu maqsadda Shayboniy o‘zining sharqiy qo‘shnisi – Mo‘g‘uliston bilan harbiy ittifoq tuzadi va 1480 yilda qozoq xonligi tepasiga chiqqan Burunduqqa zarba bera boshlaydi. XV asrning 90-yillarida Shayboniyxon Dashti Qipchoqning Janubiy qismlarini, Quyi Sirdaryo havzasidagi O‘tror, Sayram, Yassi (Turkiston) va boshqa shaharlarni bosib oladi. Shayboniyxon 1499 yilda Movarounnahrga otlanadi. Mayda-mayda temuriy davlatlariga bo‘linib ketgan Movarounnahr kuchli Shayboniy lashkarlari oldida qarshilik ko‘rsata olmaydi. Shayboniyxon 1500 yilda Samarqandni oladi. Bobur Shayboniyga qarshi yurish qilib, Samarqandni qayta qo‘lga kiritadi, lekin Shayboniy 1501 yilda yana hujum boshlab, Bobur qo‘shinlarini shahardan siqib chiqaradi. Shayboniy lashkarlari 1504 yilda Xorazmni, 1507 yilda Hirotni ishg‘ol qiladi, Xuroson, Ozarboyjon, Bag‘dodgacha bo‘lgan yerlar qo‘liga o‘tadi.
Bobur 1511 yilda shoh Ismoildan ko‘mak olib, Movarounnahrga hujum boshlaydi, ammo u ma’lum muvaffaqiyatlarga erishsa ham, shayboniylardan Ubaydulla (Shayboniyning jiyani) 1513 yilda unga va eron askarlariga qattiq zarba beradi. Oqibatda Bobur Kobulga qochib borib, u yerda katta askar to‘playdi va Hindistonga hujum qiladi. Bobur 1525 yillardan boshlab Shimoliy Hindistonni o‘ziga qaratib oladi. Bobur tuzgan davlat “Buyuk mo‘g‘ullar” imperiyasi nomi bilan atalib, to XIX asrgacha yashab kelgan.
Ubaydullaxon ham shoir va tarjimon edi, u arab va fors tillarini o‘zining ona tiliday bilardi. U uch tilda: o‘zbek, fors va arab tillarida she’rlar yozgan (“Ubaydiy” – uning adabiy taxallusidir). 1530 yilda otasi Ko‘chkinchixon (Shayboniyxonning amakisi) o‘lgach, Ubaydullaxon uning o‘rniga xon bo‘ldi va 1539 yilda Buxoroda vafot etdi. Ubaydiyning kulliyoti (asarlar to‘plami) bizgacha yetib kelgan. Uning nomi “Kitobi kulliyoti zarb Ubaydullaxon” (Ubaydullaxon asarlarining to‘plami) bo‘lib, o‘z ichiga tojikcha yozilgan she’rlarning devoni, arabcha yozilgan she’rlar (maqolot), o‘zbekcha she’rlari (hikmat), g‘azal va boshqa asarlari kirgan. Arab tilidan hadisni o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimon shoir Ubaydiy edi. Uning otasi Ko‘chkinchixon (1510-1530 yillarda xonlik qilgan) davrida bir qancha tarix kitoblari tarjima qilindi. Rashididdinning “Jomeut-tavorix” asarini va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sini buxorolik Muhammad Ali bin Darvesh Ali tarjima qilgan. Quyida o‘sha asarning tarjimoni Darvesh Alining kitobga yozgan bosh so‘zini keltiramiz:
Abdullaxon (1557-1598) shayboniylar sulolasining so‘nggi xonlaridin biri edi. Uning vafotidan so‘ng Xorazmda mustaqil xonlik barpo bo‘ldi. 1599 yilda qariyb bir asrga yaqin hukm surgan shayboniylar sulolasi o‘rnini Movarounnahrda ashtarxoniylar sulolasi egalladi. XVII asr boshlarida ikki xonlik (Buxoro, Xorazm xonligi) barpo bo‘ldi. Abdullaxon zamonida qanday badiiy asarlar tarjima qilingan va qanday tarjimonlar yashab ijod qilganligi ma’lum emas. 1585 yilda “Hadoyiqul-islom” (Islom bog‘lari) nomli asar (1445 yilda yozilgan) tojik tiliga ag‘darilgan. Tarjimoni ma’lum emas. Uni Xalil bin Muhammad kotib ko‘chirgan. 1585 yil tarjima qilingan asarlardan biri “Tafsiri Ya’qub Charxiy” (inv.№7180) bo‘lib, Sanjar Maxmud Sulton farmoyishi bilan hoji Hamadoniy o‘zbek tiliga o‘girgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |