Munozarai Xisrav bo Farhod
Naxustin bor guftash: k-az kuchoi?
Biguft: az dori mulki oshnoi.
Biguft: oncho ba san’at dar chi ko‘shand?
Biguft: anduh xarandu chon furo‘shand.
Biguft: chon furo‘shi dar adab nest,
Biguft: az ishqbozon in achab nest.
Biguft: az dil shudi oshiq bad inson?
Biguft: az dil tu meguy, man az chon.
Qutb Xorazmiy tarjimasi33:
Burun so‘rdi: ne yerliksan tiyu san?
Ayittikim: oshiqlar shahridan man.
Ayitti: anda ne san’at qilurlar?
Ayitti: jon sotib, qazg‘u olurlar.
Ayitti: jonni sotmoqliq xato ul,
Ayitti: ishq yo‘linda ham ravo ul.
Ayitti: kertimu oshiq erursan?
Ayitti: bor ko‘zung oxir, ko‘rursan.
Bu yuksak badiiy ehtiros bilan yozilgan dialog o‘zbek tilida ham fors tilidagi kabi jaranglaydi. Bu yerda ishlatilgan “ayitti”, “ayittikim” so‘zlari ketma-ket takror qilinsa ham kitobxonni va tinglovchini zeriktirmaydi, aksincha, hayajonga soladi. Bular forschadagi “biguft”, “bigufto” so‘zlarining aynan tarjimasi bo‘libgina qolmasdan, she’rga ko‘tarinki ruh berishda muhim stilistik funksiyani bajaradi.
Atoqli tarjimon Sayf Saroyi klassik fors shoiri Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asarini to‘la tarjima qildi. Bu asar 8 bobdan iborat. Birinchi bob – “Podshohlarning xislati” (“Dar sifati podshohon”); ikkinchi bob – “Darveshlarning axloqi” (“Dar axloqi darveshon”); uchinchi bob – “Qanoatning yaxshiligi” (“Dar fazilati qanoat”); to‘rtinchi bob – “Xomushlikning foydasi” (“Dar favoidi xomushi”); beshinchi bob – “Ishq va yoshlik” (“Dar ishq, va chavony”); oltinchi bob – “Notavonlik va qarilik” (“Dar: za’f va piri”); yettinchi bob – “Tarbiyaning ta’siri” (“Dar ta’siri tarbiat”); sakkizinchi bob – “Suhbat Odobi” (“Dar odobi suhbat”). Bu boblar bir necha kichik-kichik hikoyalarga bo‘linadi. Hikoyalar o‘z ichiga she’r yoki hikmatli so‘zlarni oladi. Sa’diy bular orqali tarbiyaviy, didaktik fikrlarni badiiy yo‘sinda beradi. Tarjimon Sayf Saroyi ham hamma boblarni va deyarli barcha hikoyat, she’rlarni ag‘dargan. Lekin u tarjimada boblar nomini ko‘rsatmaydi.
1954 yilda Anqarada “Seyfi Serayi”, “Gülistan tercümesi” asari bosilib, u bosh so‘zdan tashqari 373 betni tashkil qiladi. Bosh so‘zni prof. Feridün Nafiz yozgan, Anqarada chiqqan bu kitobda Sayf Saroyi tarjimasining qo‘lyozmasi haqida bir qancha ma’lumot beriladi, lekin ular yetarli emas. Sayf Saroyi tarjima qilgan “Guliston” dostonining qo‘lyozmasi Gollandiyadagi Layden kutubxonasida saqlanmoqda. O‘sha qo‘lyozmadan olingan foto nusxa Til va adabiyot ilmiy tekshirish, institutida mavjud. Foto nusxaning sifati yaxshi emas, uning ko‘p betlari yoyilib ketgan, o‘qish uchun katta qiyinchilik tug‘diradi.
Biz “Guliston”ning Sayf Saroyi tomonidan bajarilgan tarjimasini Moskvadagi FA Sharqshunoslik instituti tomonidan 1959 yilda nashr qilingan “Gulistoni Sa’diy”ga solishtirib chiqdik.
Do'stlaringiz bilan baham: |