5.4. XV asrda tarjima qiingan asarlar
XV asr adabiyot tarixida ham, shuningdek, badiiy tarjima tarixida ham alohida o‘rinni ishg‘ol qiladi. Bu davrning madaniy hayoti o‘zbek xalqining iftixori Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq bo‘lib, uning yaratgan asarlari o‘zbek adabiyoti xazinasining durdonalari bo‘libgina qolmay, dunyo adabiyotining ham bebaho boyligidir. Navoiy ko‘p original asarlar yaratish bilan birga, bir qancha asarni tarjima qilgan.
Haydar Xorazmiy. XV asrning boshlarida (1409 yilda), ajoyib shoir-tarjimon Haydar Xorazmiy Nizomiyning “Maxzanul-asror” nomli asarini tarjima qila boshlagan va uni 1414 yillar o‘rtasida tamomlagan. Bu she’riy, falsafiy asarning har tomonlama murakkabligi tarjima qilish uchun juda katta qiyinchiliklar tug‘dirgan. Shunga qaramay, qiyinchiliklarni yenga olgan Haydar Xorazmiy o‘zbek xalqi uchun katta va ajoyib madaniy yodgorlik qoldirdi. Uning qachon tug‘ilgani va vafot etgani haqida ma’lumot yo‘q. Xorazmiyning ijodi to‘g‘risida yozilgan biron ilmiy asarni uchratmadik. Uning nomi bilan bog‘liq bo‘lgan, bizgacha yetib kelgan birdan-bir asar “Maxzanul-asror”ning tarjimasidir. Bu asarning asl qo‘lyozma nusxasi Britaniyada saqlanadi; qo‘lyozma 1508-1509 yilda ko‘chirilgan; Britaniyada saqlanayotgan qo‘lyozmaning foto nusxasi hozir Til va adabiyot ilmiy tekshirish instituti fondida mavjud.
“Maxzanul-asror”ning o‘zbekcha tarjimasi nodir asar bo‘lib qoldiki, uning tanqidiy matnini nashr qilish maqsadga muvofiqdir.
Haydar Xorazmiy haqidag‘i ilk ma’lumotni Navoiy o‘zining “Majolisun-nafois” asarida bergan. U shunday deb yozadi: “Mavlono Haydar turkigo‘y, aning (Sulton Iskandar Sheroziyning – J.Sh.) maddohi ekandurkim, bu aning masnaviysidindurkim:
“Himmat elidur Yadi bayzo degan,
Er nafasidur dami Iso degan”34
Alisher Navoiy Haydar Xorazmiyni Atoiy, Sakkokiy kabi zabardast shoirlar bilan tenglashtiradi va u haqda “Muhokamatul-lug‘atayn”da shunday yozadi: “To mulk, arab va sart salotinidin turk xonlarig‘a intiqol topti, Hulokuxon zamonidan sultoni sohibqiron Temur Ko‘ragon zamonidin farzandi xalafi Shohruh sultonning zamonining oxirig‘acha turk tili bila shuaro paydo bo‘ldilar. Va ul hazratning avlod va ahfodidin ham xushtab’ salotin zuhurg‘a keldi: shuaro Sakkokiy va Haydar Xorazmiy va Atoiy va Muqimiy va Yaqiniy va Amiriy va Gadoyideklar”35. Bas ma’lum bo‘ladiki, Haydar Xorazmiy o‘zbek adabiy tilini yuksaltiruvchi “xushtab’” shoirlardan biri bo‘lgan.
Haydar Xorazmiy Nizomiyning “Maxzanul-asror” asarini tarjima qilgani haqida so‘z yuritar ekan, o‘zini Qutb Xorazmiy kabi kamtar tutadi va ulug‘ shoirga hurmat bilan qarab shuni bayon etadi:
Tashna sifat bo‘ldum ayog‘ida past,
Jur’asidin qildi dimog‘imni mast (10-bet).
Haydar Xorazmiy noyob asarni tarjima qilar ekan, ozarbayjon xalqining dilini o‘zbek xalqi dili bilan payvand qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |