Askiyaning yaxlit san’at turi sifatidagi yashash sharti – bu uning erotik tabiatga egaligi. Unda mazmun mehnat
turlariga, kasbga, muomalaga doir so’z va atamalarga nihoyatda nozik, pardali tarzda jinsiy ma’noni jolash orqali
ochiladi. Aynan ana shu ko’chma ma’no tinglovchi hozirjavobligi tomoshabinda kulgi uyg’otadi. Zero hozirjavoblik
erotik-seksual urg’uga ega bo’lsagina, askiyaga aylanadi, aks holda u topib aytilgan hazildan nariga o’tmaydi. Ayni
paytda askiyada laqab ishlatish ham o’ziga xos o’rin egallaydi. Lekin laqab askiyada shaxsning jismoniy nuqsini
ochish, hajv uchun emas, balki zaminida mehr yotgan hazil tariqasidagi latifa so’z o’yinlari vositasida kulgi
qo’zg’otish uchun qo’llaniladigan usul hisoblanadi.
Askiya o’zbeklarda urug’chilik-qabilachilik davrida vujudga kelgan degan faraz bor. Zotan, darslikning tarixiy
qismida ko’rib o’tganimizdek, SHrayber-Froyd nazariyasiga binoan qadimgi odam jinsiy munosabatlarga doir
so’zlarni mehnat turlariga qo’llab, og’ir mehnatga huzurbaxshlik berishga intilgan. Askiyaning kelib chiqishi ham
ehtimol shundadir. Bu san’at turining eng ravnaq topgan davri ilmda XIV-XV asrlar deb tan olingan. O’sha davrda
mavlono Burhon lang, Said G’iyosiddin Sharfa, Mavlono Xalil Sahof, Mavlono Abdulvose’ munshiy kabi
askiyachilar bu boradagi eng kuchli san’atkorlar hisoblangan. Keyingi davrlarda ham askiya o’zbek xalqining to’y-
tomoshalari, tantanali marosimlarida o’z o’rniga ega nazokatli san’at sifatida taraqqiy topib bordi. Biroq sho’rolar
davrida u «qayta ishlandi», ya’ni uning erotik san’at turi sifatidagi xususiyati inkor etildi. Natijada askiya zo’raki kulgi
asosiga qurilgan jiddiy «xalq og’zaki ijodi janri»ga aylandi. M., biz iqtibos keltirgan «Askiya» kitobida o’sha
davrlarda yozib olingan va «Mushtum» jurlarida e’lon qilingan payrovlar, askiyaning kichik janrlari, askiyachilarning
mahoratiga qaramasdan, yoniningizda birov qitiqlab tursa ham, sizda kulgi qo’zg’otishi mushkul. Chunki mazmunan
sostialistik, shaklan milliy bo’lgan bu askiyalarda o’q tomir – nihoyatda nozik pardalangan erotik xususiyat yo’q.
Aynan ana shu xususiyat tufayli boshqa san’at turlariga (M., badiiy adabiyotga, teatrga v.b.) o’xshab bolalar askiyasi,
o’simirlar askiyasi, yoki yoshlar askiyasi degan tushuncha qo’llanilmaydi. Askiya faqat balog’atga etgan kishilar
uchun mo’ljallangan san’at turi. Lekin alohida ayollar askiyasi, erkaklar bilan ayollar yonma-yon ishtirok etgan
askiyalar mavjud. M., mohir askiyaboz Muhabbatxon Yo’ldosheva, Muhiddin Darvishov, Zaynobidin va Madaminjon
YUsupovlar, Abdulhay mahsum Qozoqov kabi erkak askiyabbular davrasida ulardan qolishmagan holda ishtirok etib
keladi.
Hozir Mustaqillikdan keyin askiya yana o’z asl qiyofasiga qaytdi. Haqiqiy askiyani keyingi paytlarda
askiyabozlar musobaqalarida, respublika miqyosida katta tantanalarda, teleekranda tinglab, tomosha qilyapmiz.
Bunday askiyalardagi kulgi o’ziga xos tanqidiy ruhga ega. U jamiyatimizning yanada ravnaq topishi, estetik didni
yuksaltirish uchun xizmat qilib kelayotgan san’at turi. Lekin ba’zi bir bizning mashhur «profesional»
qiziqchilarimizning azbaroiy odamlarni kuldiraman deb bachkanalikka, bepardalikka yo’l qo’yayotgan holatlari ham
uchrab turishi kishida afsus yug’otadi. Vaholanki askiya, bir suhbatda ulkan yozuvchimiz Abdulla Qahhor aytganidek,
usti bir qavat yupqa tuproq bilan yopilgan bir uyum go’ng ustida o’sgan atirguldek go’zal, uning rangidan, hididan
bahramand bo’lish lozim, tagidagi tuproqni ochib, go’ngni titish kerak emas. Aks holda askiyaning bor go’zalligiyu,
nozikligi, hayo pardasi yo’qoladi, u so’kish va so’kinishning madaniylashgan shakliga aylanadi-qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: