Nafosat tushunchasi va uning mohiyati. Nafosat bir tomondan real voqyelikni, ikkinchi tomondan
ilmiy tushunchani anglatadi. U real voqyelik sifatida inson hayotining barcha sohalarini nurlantirib
turuvchi qamrovli ma’naviy hodisa, tushuncha sifatida esa estetika faniga oid yuzlab, ehtimol, minglab
atamalarni o’z ichiga olgan eng yirik istiloh, ovro’pacha ta’rifda - metakategoriya. Boshqacha qilib
aytadigan bo’lsak, nafosatning «hududi» nihoyatda keng: u obyektiv voqyelik sifatida narsa-xodisalarning
estetik xususiyatlarni anglatsa, subyektiv voqyelik tarzida insonning ana shu estetik xususiyatlarini
anglash va idrok etish borasidagi botiniy faoliyatidir.
Shu o’rinda estetik xususiyatlar o’zi nima, ularning mavjudlik shartlari nimalar bilan belgilanadi,
degan masalaga to’xtalib o’tish joiz.
Odatda go’zallik, ulug’vorlik, fojiaviylik, kulgililik singari istilohlar haqida gap ketganida, biz ularni
estetikaning mezoniy tushunchalari yoki asosiy kategoriyalari deymiz. Chunki ular estetika fanining
mezonlarini belgilab beradigan istilohlar, fan salmog’ini o’lchaydigan o’lchov tushunchalar vazifasini
bajaradi, ya’ni ular yuqorida aytilganidek, o’zlari voqyelik bo’lmagani holda estetik voqyelikning
mohiyati, tuzilmasi shakli v.h. to’g’risida fikrlash uchun maxsus kalit bo’lib xizmat qiladilar. Deylik,
go’zallik tushunchasi tabiat, jamiyat yoki san’atda mavjud bo’lgan estetik obyektning go’zalligini tadqiq
va talqin etish, sharxlash uchun zarur; lekin u narsa-hodisaning obyektiv reallikdagi estetik xususiyatini
sharxlar ekan, ayni paytda shu xususiyat to’g’risidagi ilmiy talqin mezonlarini belgilab berish vazifasini
ham o’taydi. Ana shu obyektiv reallikdagi estetik xususiyatlar (go’zallik, ulug’vorlik, fojiaviylik,
mo’jizaviylik va boshqalar) nafosatni tashkil etadi. Bu hususiyatlar ham san’at, ham tabiat, ham jamiyat
olamidagi obyektlarda mavjud bo’ladi. Bularning bari bizni o’rab turgan estetik muhit bo’lmish nafosatni
tashkil etadi. Biroq, bu-nafosatning bir tomoni, uni shartli ravishda tashqi nafosat yoki obyektdagi nafosat
deyishimiz mumkin. Nafosatning ikkinchi tomoni ham borki, o’zini ichki nafosat yoki subyektdagi
nafosat tarzida namoyon qiladi. Ana shu ikkinchi jihat estetik jarayonni vujudga keltirish xususiyatiga ega
bo’lgan falsafiy hodisa-voqyelikni estetik anglash bilan belgilanadi.
Aytganlardan shunday qisqacha xulosa chiqarish mumkin: nafosat - - o’z ichiga ham tabiatdagi, ham
jamiyatdagi, ham shaxs hayotidagi estetik jihatlarni o’zida mujassam qiladigan estetik munosabat obyekti
sifatida estetik xususiyatlarni, estetik faoliyatini va estetik anglashni qamrab oladigan, yashash sharti
subyektiv xilma-xillik bilan belgilanadigan murakkab, maqsadni emas, balki serqirra maqsadga
muvofiqlikni birinchi o’ringa qo’yadigan hissiy-intellektual borliq, inson hayotining insoniy mazmunini
ta’minlaydigan ma’naviy-ijtimoiy hodisa.
Do'stlaringiz bilan baham: |