Ulug’vorlik. Estetik tafakkur tarixida ulug’vorlikning nazariy asoslarga bag’ishlangan
tadqiqotlar talaygina. Jumladan, ingliz nafosatshunosi E.Byork go’zallikni ulug’vorlik bilan
qiyoslar ekan, ularni bir-biriga qarama-qarshi tushunchalar sifatida tadqiq etadi. Olmon mumtoz
nafosatshunosi I.Kant esa go’zallik va ulug’vorlikni uyg’unlikda rivojlanuvchi tushunchalar deb
hisoblaydi. Ulardan farqli o’laroq, Hyegel, ulug’vorlikni go’zallikning bir ko’rinishi,
ulug’vorlik–zohiriy go’zallikning botiniy go’zallikka aylanishi, deb tushuntiradi. Shiller
ulug’vorlik tushunchasini dramatiklashtirib, qayg’u va qo’rquvni yengish insonni qanchalik
ulug’lashi, unga chiroy baxsh etishini ta’kidlab o’tadi. Bu borada u «axloqiy xavfsizlik»
tushunchasini kiritadi, qo’rquv va dahshatga qarshi borish uchun ham xavfdan xoli bo’lish
lozimligini uqtiradi. Shillerning «axloqiy xavfsizlik»ning zaminiy xususiyatini hayot va o’lim
masalalari bilan izohlashi ulug’vorlik muhokamasining favqulodda ahamiyatga ega bo’lgan
tushuncha ekanligidan dalolatdir. Zero, insonning ulug’vorligi uning gavdasining kattaligi bilan
emas, balki kichkina bo’lsa-da jasorat, mardlik, bunyodkorlik kabi ulug’ sifatlarni qoldirishi
bilan belgilanadi.
Ulug’vorlik tabiatda cheksiz osmon, purviqor tog’lar, yuksak cho’qqilar, moviy dengizlar,
ming yillik chinorlar, shuningdek, vulqon va chaqmoq singari tabiat hodisalarida namoyon
bo’ladi. Ular uzoqdan kishilarda hyech qanday hayajonli taassurot qoldirmaydi. Biroq, ularga
yaqinlashganimiz sari ruhiyatimizni hayajon, jo’shqinlik egallay boshlaydi, ularni butunligicha
ko’z bilan qamrab ololmaslik darajsiga yetganda esa bu hayajon yanada ortadi. Tabiatdagi
ulug’vorlik matematik va dinamik xususiyatga ega.
Ulug’vorlik jamiyatda umuminsoniy qadriyatlar, qahramonlik, jasorat, xalqparvarlik,
bunyodkorlik tushunchalari bilan uyg’unlashadi. Davlatda barqarorlik, jamiyatda adolat
ustuvorligi, shaxsning erkin va hurfikrlilik asosida faoliyat olib borishi ijtimoiy tizimning
ulug’vorligini aks ettiradi.
Ulug’vorlik san’atda o’zining har tomonlama ijodiy ifodasini topadi; san’atning barcha
turlari uchun ulug’vorlik asosiy mezon bo’lib hizmat qiladi. Badiiiy adabiyot va ifodali san’at
turlari ulug’vorlikni tasvirlashda xilma-xil vositalardan foydalanib hamda ulug’vorlik mavzusini
badiiy o’zlashtirib, qahramonlik eposlarini liro-epik dostonlarni, qahramonlik fojialarini,
mardonavor musiqa asarlarini (simfoniya, oratoriya)ni vujudga keltirdi.
Yuqoridagilardan xulosa qilsak, ulug’vorlik-insonning narsa hodislarga estetik va axloqiy
mezonlar bilan yondashishi va ulardan yuksak hayratlanish tuyg’usini hosil qiluvchi estetik
hissiyot majmuidir. Ulug’vorlikning ko’lami go’zallik ko’lami kabi cheksizdir. Ulug’vorlik
o’zida hajm, miqdor, ko’lam va buyuklikni mujassam etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |