Kulgililik. Kulgililik insonni atrofdagi voqyea-hodisalarga nisbatan munosabatining o’ziga
xos shakli bo’lib, dunyoga kulgili nigoh bilan qaraydigan yoqimli va xushnudlik xolatidir.
Bunday hodisalarni mavjud voqyelik va undagi beo’xshov tomonlar to’ldiradi. Aksariyat
tadqiqotchilar kulgililik kategoriyasining murakkabligi, tushunchalar tizimidagi paradokslarini
ko’rib, kulgililikni in’ikos ettirish juda ham qiyinligini ta’kidlaydilar. Kulgili xolat, kulgi
qo’zg’aydigan hodisalarning benihoyat ko’pligi kulgililikning tadqiqot doirasi va ko’lami
kengqamrovli ekanligidan dalolat beradi. U o’ta harakatchan, qo’nimsiz, o’zgaruvchan bo’lishi
natijasida kulgu - nima, qachon, qayerda, qanday sharoitda yuzaga keladi-yu, va aksincha kulgu
nima, qachon, qayerda, qanday sharoitda yakunlanadi degan savolga bir mazmunda javob topib
bo’lmaydi. Kulgililik mezoniy tushunchasi haqidagi nuqtai nazarlarning turlicha ekanligi ham
ana shunda. Bu qarashlarda kulgililik faqat narsa yoki hodisaning o’zi bilan bog’lanibgina
qolmay, balki uning ijtimoiy aloqadorligi, estetikaning boshqa mezoniy tushunchalari bilan uzviy
bog’liqligi haqida ham fikrlar bayon etiladi. Lekin shu bilan birga kulgililikning muayyan bir
tomonini bo’rttirib ifodalash, so’ngra buni kulgililikning mutloq qoidasiga aylantirish maqsadga
muvofiq emas. Kulgililik haqidagi mavjud barcha nazariyalar kulgililikning predmetini obyektiv
xususiyat sifatida yoki shaxsning subyektiv imkoniyatlari natijasi yohud subyekt va obyekt
o’zaro aloqadorligining natijasi sifatida ko’rib chiqishadi. Mazkur uchta metodologik yondoshuv
kulgililikdagi ko’pma’nolikning yuzaga kelishiga sabab bo’ladi.
Estetik tafakkur tarixida kulgililik bir qadar keng o’rganilgan. Jumladan, Aflotun ojiz va
layoqatsizlarni kulgili odamlar, deydi. Nodonlik esa insonni kulgili qiladi. Biroq, kulgililikning
mohiyati, uning kelib chiqishi sabablari haqida Aflotun biror-bir fikrni aytgan emas. Vaholagki,
quldorlik tuzumi zodagonlaridan bo’lgan Aflotun uchun kulgililikning demokratik mohiyati
begona edi. Arastu fikricha, kulgi ayrim xatoliklar hamda kishilarga ozor yetkazmaydigan va
zarar keltirmaydigan xunuklikni keltirib chiqaradi. Insondagi serjaxllik, suskashlik,
qizg’onchiqlik, subutsizlik, izzattalablik, shuhratparrastlik kabi illatlar kulgililik uchun obyekt
bo’ladi. Arastu fikricha, kulgi-axloq hududlarini bezarar buzishdir. Uning estetikasida kulgi inkor
etilib, komediyaning xarakteri nazariy jihatdan asoslanadi. Arastuning fikriga ko’ra, har qanday
ozod inson hazil bilan ro’baro’ kelishi mumkin. Bu xolatda kulgi insonning shaxsiy ehtiyojini
qondiradi. Qiziqchi esa-boshqalarning ermagi, ovunchog’idir.
O’rta asrlarga kelib kulgililikka insonning Xudoga bo’lgan e’tiqodini susaytiruvchi vosita
sifatida qaraldi, «Islom dini kulgini inkor etadi»-,degan fikrlar ham yuzaga keldi. Aslida esa
Islom dinining muqaddas manba’larida kulgi va kulgilik ulug’lanadi. Jumladan, hadislarda
«Kulduruvchi ham, yig’latuvchi ham Olloh taolodir!»-deyiladi. Bundan tashqarii qiyomat kunida
ummatlarning ahvoli, ularning sirot ko’prigidan o’tishiga doir «Sirot-jahannam ko’prigi
xususida» deb nomlangan hadisi sharifda Abu Xurayra rivoyat qilishicha, yuzi jahannam
otashiga qaratilgan bir bandning «Yo rabb, meni jahannamning tutuni zaharlab, alangasi
kuydirayotir, yuzimni o’tdin o’zga tomong’a qaratg’il, meni baxtiqaro banda qilib qo’ymag’il»-
deb iltijo qilaverganidan Olloh taolo kulib yuborgani, Ollox taoloning kulgani uni jannatga kirish
uchun izn berilganligining alomati ekanligi ko’rsatib o’tiladi. Shundan so’ng «Ul jannatga
kirgach, falon narsalarni ham tilayvergil, deyilg’aydir, ul tilag’aydir. So’ng Yana falon va falon
narsalarni ham tilaverg’il, deb aytilg’aydir, ul jamiki tilaklarini aytib tugatmaguncha, tilak
qilaverg’aydir. Shundan so’ng Ollox taoloning o’zi: «Mana bu ham senga, anavi ham senga!»-
deb ne’matlar ato etg’aydir»: bu odam eng keyin jannatga kirgan jannat ahlidan bo’lishi
ta’kidlanadi. Demak kulish Xudodan, kuldirish esa faqatgina bandasiga nasib etgan tuyg’udir
Mumtozchilik (klassisizm) estetikasi komediyaga «bebosh omma», mas’haraboz va
jozibador malay sifatida munosabat bildiradi. Ma’rifatparvarlik estetikasi esa kulgililikni estetik
ideallarga qarama-qarshi yo’llar orqali ochib berishga, kulgililik kundalik ikir-chikirlar emas,
balki oliy darajadagi tuyg’u sifatida e’tirof etiladi. Lessingning fikriga ko’ra, kulgi kasallikni
davolamaydi, lekin u sog’lom organizmni yanada mustahkamlaydi.
Kishilik jamiyati fojia va kulgining haqiqiy hukumdori hisoblanadi. Inson kulishga va
kuldirishga qodir bo’lgan yagona mohiyatdir. Kulgililik voqyelikning obyektiv ijtimoiy qadriyati
hisoblanishi barobarida tabiat bilan qisman aloqa bog’laydi. Bu aloqa to’g’ridan-to’g’ri emas,
balki bilvosita amalga oshadi. Ayniqsa, hayvonlarning tabiiy xususiyati insoniy hatti-harakatlar
bilan yaqinlashadi va ular estetik baho obyektiga aylanadi. Masalan, tulkiga xos ayyorlik, quvlik,
chaqqonlik inson faoliyatida kulgililik prizmasidan o’tib, estetik baxo oladi.
Kulgililik boshqa nafosatli hodisalar singari faqat obyektiv tomonga ega bo’lmay, subyektiv
tomonlarni ham o’zida birlashtiradi. Kulgililikning subyektiv tomoni-keng ma’nodagi hazil
(yumor) tuyg’usidir. (Molyer hazil tuyg’usini insonni hayvondan ajratib turadigan xususiyati deb
atagan edi.) Hazil - insonlararo munosabatlarni tabiiy va erkin idrok etishi, turli beo’xshov
ziddiyatlarni anglagan xolda ularga nisbatan oqilona kulgi bilan javob berish qobiliyatidir. Hazil
tuyg’usi juda murakkab aqliy tuyg’u bo’lib, unda shaxs o’zining butun borlig’i bilan namoyon
bo’ladi, uda insonning his-tuyg’usi, aqliy madaniyati, orzu-umidlari va tabiati aks etadi. Shuning
uchun ham insonning nima uchun kulayotganligiga qarab, uning qanday illat va qanday fazilatga
ega ekanligini bilish mumkin bo’ladi.
Qo’rquv bilan kulgi bir-biriga o’ta qarama-qarshi tushunchalar bo’lib, agar inson yaramas va
hunuk hodisalar ustidan kulishga o’rganib olsa, u bu illatlardan qo’rqishni tark etadi va ular bilan
kurashga bel bog’laydi. Kulgi o’z tabiati jihatidan demokratik mazmunga ega bo’lib, barcha
odamlarni bir-biriga qovushtirib baravarlashtiradi, chunki kulishayotgan odamlar o’zaro
tenglashadilar. Kulgi eskilik bilan kurashning omilkor vositasigina bo’lib qolmay, balki
insonning kuch-qudrati va ozodligi timsoli hamdir. Kulgi beqiyos rango-ranglik, xilma-xil
qirralarga ega bo’lib, mayin, rag’batlantiruvchi, hushfe’l hazil tuyg’usidan tortib, to ayovsiz
achchiq istehzogacha bo’lgan keng doirada amal qiladi.
Kulgililik xilma-xil ko’rinishlarga boyligi bilan san’atning me’morchilik turidan boshqa
barcha san’at turlarida namoyon bo’ladi. Biroq, u o’zining eng to’la bo’lgan estetik ifodasini
komediyada topadi. Komediya o’z mavzuini jamiyatdagi va insondagi beo’xshovliklar,
nomutanosiblikdan oladi. Kulgililikning namoyon bo’lish shakllarining xilma-xilligi ularning
san’atda rang-barang tarzda aks etilishini yuzaga keltiradi. Komediya bilan kulgi bir-biridan
ajramaydigan egiz tushunchalardir. Kulgi komediyada tasvirlanayotgan voqyea-hodisalar
mohiyatini ochib berishning hal qiluvchi vositasi, tasvirlanayotgan obyektga nisbatan estetik
baholashning va muallif munosabati ifodasining asosiy shakli bo’lib xizmat qiladi. Komediya
san’atida kulgini asosiy estetik vosita qilib ishga solish uning ijtimoiy ahamiyatini
pasaytirmaydi, chunki kulgi dunyoning barkamol emasligini ta’kidlab qolmasdan, balki uni
qayta qurib yangilashni ham ko’zda tutadi.
Komediya asarlarining buyuk ijodkorlari nafosatli baholarining aniqligi va to’g’riligi bilan
ajralib turadilar. Ular hyech mahal achchiq, istehzoli kulgini faqat mayin hazil va muruvvatli
tabassumga loyiq hodisalarga nisbatan ishlatmaganlar va aksincha, ayovsiz, keskin qoralanishi
lozim bo’lgan hodisalarni tasvirlayotganlarida mayin hazil va muruvvatli tabassumdan butunlay
yuz o’girganlar.
Kulgining badiiy shakllari orasida satira alohida o’ringa ega. Umumnazariy ma’noda satira
voqyelikni badiiy tasvirlash turi bo’lib, unda hayotning salbiy hodisalari ustidan kulish-bunday
hodisalar asosida yuksak insonning orzulariga zid ekanligini bo’rttirib ko’rsatish maqsadi yotadi.
Satira har xil ko’rinishlarda namoyon bo’lishi mumkin. Unga lirika ham, epos ham, drama ham
begona emas. Satira markazida doim hayotning salbiy voqyea-hodisalari joylashgan bo’lib,
butun fosh qilish kuchi ularga qarshi qaratilgan bo’ladi. Shuning uchun komediya san’atiga xos
tanqidiylik, yo’nalganlik satirada eng to’la va eng aniq ifoda topadi. Satirani asosan kulgi fosh
etib qo’yadi, lekin kulgi bu jarayonda qahr-g’azabdan ajralmagan holda namoyon bo’ladi.
Badiiy adabiyotda satira eng hajmli komediya turlaridan sanaladi. Atoqli yozuvchilar Gogol,
Chexov, Saltikov-Shchedrin, Bulgakov, A.Qahhor, Sh.Boshbekovlarning ijodida mazkur janr
umumbashariy muammolarni ko’tarish darajasiga chiqadi va bu bilan millat, xalq, ma’naviyat
fojeasiga yaqinlashadi. Satira badiiy umumlashtirishning alohida turi sifatida mumkin qadar
keng mushohada etiladi. Shu boisdan satira obyekti bo’lgan kimsalar gohida yirik ramziy
umumlashmalar darajasiga ko’tariladi. Zero, sudho’r, ziqna, qizg’onchiq odamlarni
ko’rganimizda «Qori ishkamba» nomini bejiz tilga olmaymiz. Chunki bu bilan o’sha tegishli
odamning «Qori ishkamba»ga o’xshagan xislatlari borligiga ishora qilib, uni satirik jihatdan
umumlashtirishga uringan bo’lamiz.
Kulgi-insoniy voqyelik. Inson o’zining aqli yordamida kuladi. U, albatta, o’zining
ahmoqligidan ham kulishi mumkin, biroq bu kulgi telbaning mazmunsiz kulgisi hisoblanadi.
Kulgidagi lazzatning manbaida masxara, istehzo kabi obyektlarning ustidan afzallik tuyg’usi
yotadi. Kulgi - biror-bir bema’nilik bilan to’qnashuv natijasida yuzaga keluvchi yoqimsiz
tuyg’ulardan halos bo’lishdir. Kulgililik botinining zohirga o’tishi, vosita va maqsadining
nomuvofiqligidir. Kulgililik tabiatan insonparvarlikka borib taqaladi.U inson huquqlari hamda
tajavuzkor (reaksion) kuchlarga qarshi kurashishdagi qadimiy qurol, hisoblanadi. Kulgi
ulug’lantiradi va hotirjam qiladi; unda ko’tarinkilik va sokinlik singari kuchli dushman yo’q.
Og’ir vaziyatlarda hazil, askiya, mutoyiba, xushchaqchaqlik, quvnoq suhbat, hozirjavoblik inson
ruxini yuksaltiradi. Inson boshqa insonda kulgini mutloqo bir-biriga o’xshamaydigan ikkita
uslub orqali paydo qiladi: bexosdan, ya’ni o’zining noqulay hatti-harakati tufayli; to’la
onglangan xolatda, ya’ni o’zining zukkoligi va gapga chechanligi bilan.
Zukkolikning yumorga asoslanishi shundaki, u holatning tanqidiga to’g’ri yondoshadi, uning
kamchiliklarini ko’ra oladi, xolatni kulgi bilan amalda tushunarli xolda ko’rsatib bera oladi.
Zukkolik kulgilili xolatlarda qochirim, kinoya, luqma yordamida vaziyatni o’nglashi va undan
chiqib keta olishi mumkin. Mazkur jihatlarning umumlashmasi quyidagi to’rtta asosni yuzaga
keltiradi:
1. Kosa tagidagi nim kosa gaplar. Bunda biron narsa haqida gapiriladi-yu, ammo mazmun
boshqa ma’noga qaratilgan bo’ladi. Byurokratiyaning sarsongarchiliklaridan bezor bo’lgan
shoirning qo’yidagi misrasi fikrimizga misol bo’ladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |