Estetik ideal. Ideal deganda, biz odatda muayyan bir inson shaxsi yoki ijtimoiy-tarixiy hodisaning
boshqalar tomonidan yuksak namuna, oliy maqsad hamda komillik tarzida qabul qilinishini nazarda
tutamiz. U tasavvurdagi shaxs yoki jamiyatni real shaxslar va mavjud jamiyatdan yuqori qo’yish, ya’ni
ideallashtirish bilan bog’liq. Masalan, O’zbekistonni kelajagi buyuk davlat sifatida tasavvur etishimiz
uning hozirgi reallikdan baland, namunaviy bo’lishi lozimligini anglatadi. Ayni paytda ana shu yuksak
namunaviylik har bir o’zini tanigan odam uchun oliy ijtimoiy maqsaddir. Yoki Navoiy shaxsini olib
ko’raylik, u komil inson sifatida biz uchun ideal hisoblanadi. Bularni biz ijtimoiy ideallar sirasiga
kiritamiz. Shuningdek, har bir inson o’zi intiladigan subyektiv ideallar ham mavjud bo’ladi, o’z idealini
belgilab olmagan inson shaxs hisoblanmaydi. Zero har bir odam ko’rib turganidan yorug’roq, musafforoq,
yuksakroq narsaga intilishi shart, aks holda uning hayoti ma’nosiz kechadi, uning mavjudligi faqat
biologik jonzodligi bilan chegaralanib qoladi.
Idealning murakkab tomoni shundaki, u qadriyat bilan bog’liq. Qadriyat idealning obyektdagi
in’ikosi tarzida namoyon bo’ladi. Hyegel so’zlari bilan aytganda: «Ideal mavjud bo’lishi uchun tashqi
shakl o’z-o’zicha qalbga mos kelishi lozim». Ya’ni ideal jonli subyektning qalbiga mos keladigan
namunaviy shakldir, unda inson o’z g’oyalarining hissiy-intellektual ko’rinishini ma’naviy qadriyat
sifatida idrok etadi. Bordiyu mazkur g’oyalar o’ta mafkuraviylashtirilsa yuqorida aytganimizdek, ideal
o’rnida aksil ideal paydo bo’ladi. Ijtimoiy-axloqiy idealning o’zgaruvchanlik xususiyati ko’pincha ana
shu bilan bog’liq. Bu hodisa tarixiy jarayonlar, zamon, jamiyat talablaridan kelib chiqib, qadriyatlarning
qayta baholanishi natijasida ruy beradi. Lekin diniy ideal o’zgarmaslik tabiatiga ega. Masalan,
musulmonlar uchun Muhammad alayxissalom, nasroniylar uchun Iso alayhissalom, buddhaviylik
dinidagilar uchun Buddha ideal hisoblanadi va har qanday sharoitda ham ular idealligicha qolaveradi.
Mana, biz ma’lum ma’noda ijtimoiy ideal haqida tushunchaga ega bo’ldik. Endi estetik ideal nimada,
uning ahamiyati nima degan savollarga javob topishga harakat qilamiz.
Avvalo shuni aytish kerakki, estetik ideal inson, shaxs va jamiyatning estetik tajribasidan vujudga
keladi. Inson dunyoni ana shu tajriba vositasida estetik idrok etadi. Shu sababli estetik ideal go’zallik,
ulug’vorlik mo’jizaviylik va boshqa. estetik xususiyatlarni belgilovchi mezon sifatida yuzaga chiqadi.
Inson ana shu idealga mos keladigan go’zallik yoki ulug’vorlikni tan oladi, mos kelmaydiganlarini esa
aksil estetik hodisa sifatida inkor etadi.
Estetik ideal o’ziga mos go’zallik, ulug’vorlikni yoki mo’jizaviylikni ko’proq san’atdan topadi. Shu
tufayli u doimo erkinlikni talab qiladi. Avvalo san’at asari orqali san’atkor voqyelikni o’z ideali
prizmasidan o’tkazib tasvirlaydi, boshqacharoq aytganda, o’z ideallarini san’at vositasida
moddiylashtiradi: binoga, haykalga, romanga, spektaklga, rasmga, badiiy asarga va boshqa ma’naviy
hodisalarga aylantiradi: san’atkor erkin harakat qiladi. Biz esa o’z ideallarimizni ulardagi obrazlar orqali
tanlaymiz, ularni o’zimiz uchun ma’lum muddatga yoki bir umrga namuna qilib belgilaymiz, bu holatdagi
xatti-harakatimiz ham erkinlik orqali ro’y beradi. Ya’ni, san’at har bir insonni individual o’ziga xosligini
hisobga olgan holda, uning o’z estetik idealini obrazlar vositasida shakllantiradi. Estetik idealning ana shu
shakllanish jarayoni murakkab; uzoq muddatni, hissiy-intellektual qudratni, tanlov imkonini beradigan
muayyan shart-sharoitni, erkin jamiyatni taqazo etadi; ana o’shanda shaxs uchun to’g’ri ruhiy yo’lanma
vujudga keladi.
Qisqacha qilib aytganda, estetik idealning shakllanishida go’zallik, ulug’vorlik, hayoliylik,
mo’jizaviylik, uyg’unlik singari xususiyatlar asos vazifasini o’taydi. Ayni paytda u fojiaviylik va
kulgililik tushunchalarida ham o’zini namoyon etadi, xunuklik va tubanlik kabi hodisalarni baholashda
ishtirok qiladi.
Shunday qilib, biz imkon qadar ichki nafosat-botiniy estetik faoliyat tarixi xususida to’xtalib o’tdik.
San’at asarining yaratilishi, umuman badiiy ijod jarayoni, ya’ni tashqi-zohiriy estetik faoliyat to’g’risida
keyingi boblarda ma’lumot beramiz.
Har bir fan o’z maqomiga ko’ra muayyan tadqiqot faoliyat sohasi bo’lib, bu faoliyat tabiat,
jamiyat va tafakkur haqida yangi bilimlar hosil qilishga qonun va kategoriyalar asosida olamni
yangidan idrok etishga qaratilgan bo’ladi. Ma’lumki, dialektikaning biror-bir kategoriyasini
voqyelikdan ayri holda tasavvur etib bo’lmaydi. Chunki, bu kategoriyalar (yaxlitlik, qism,
zaruriyat, tasodif, mohiyat, sifat va h.k) insonni o’rab turgan olamda sodir bo’ladigan voqyea-
hodisalar haqida aniq xulosalar chiqarishga, ularni to’g’ri tahlil etishga ko’mak beradi. Estetika
ham falsafiy fan (uni bugungi kunda nafosat falsafasi ham deb atalmoqda) sifatida o’zining
qonun va kategoriyalariga ega. Estetika kategoriyalari (go’zallik, hunuklik, ulug’vorlik, tubanlik,
fojiaviylik, kulgililik va h.k.) inson va tabiat, inson va jamiyat, inson va ijtimoiy borliq bilan
doimo hamkorlikda vujudga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |