amlakatning to‘lov balansi mamlakatning harid qobiliyatini ifoda etuvchi
ko‘rsatkich bo‘lib, mamlakatning ma’lum bir vaqt davomidagi barcha tushumlari va chetga qilgan barcha xarajatlari unda o‘z aksini topadi. To‘lov balansning asosiy moddalari joriy operatsiyalar va kapital harakati bilan bog’liq operatsiyalar hisoblanadi hamda ular makroiqtisodiy modellarda ham qo‘llaniladi.
To‘lov balansning asosiy moddalari bir-birlari bilan o‘zaro bog’langan, ya’ni birinchisining taqchilligi kapitalning sof oqib kelishi bilan moliyalashtiriladi. Bu ikki bo‘lim aslida bir-birlarini baravarlashtirib turishi lozim, ammo haqiqatda doimo taqchillik yoki ortiqchalik hollari mavjud. Mamlakatlarning Markaziy banklari rasmiy valyuta rezervlari yordamida to‘lov balansni tartibga soladi, ya’ni uning qoldig'ini nolga keltiradi.
To‘lov balansi taqchilligi Markaziy bank rasmiy zahiralarini qisqartirish
hisobiga moliyalashtirilishi mumkin. Bunday vaziyatda ichki bozorda chet el valyutasi taklifi oshadi. To‘lov balansining ijobiy qoldig’i Markaziy bankning rasmiy valyuta zahiralari miqdorining ortishiga olib keladi. Bunda Markaziy bank valyuta zaxiralarini to‘ldirish uchun chet el valyutasini sotib olishi natijasida ichki bozorda milliy valyuta taklifi nisbatan oshadi, uning almashinuv kursi kamayadi, bu hol esa iqtisodiyotga, investitsiyalar hajmi va iqtisodiy o‘sishga rag’batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.
Jahon foiz stavkalarining oshishi kapital harakati hisobi bo‘yicha taqchillikka, joriy operatsiyalar hisobi bo‘yicha musbat qoldiqqa erishishga olib keladi. Jahon foiz stavkalarining pasayishi esa joriy operatsiyalar hisobi bo‘yicha taqchillikka, aksincha kapital harakati hisobi bo‘yicha musbat qoldiqqa erishishga olib keladi.