Sinov ekskursiyasini o‘tkazish va ekskursiya mavzusini
tasdiqlash tartibi
Ekskursiyaning uslubiy ishlanmalari va asosiy matni ijobiy baholanib, «gid portfeli», marshrut sxemasi taxlanganidan so‘ng sinov ekskursiyasi kuni belgilanadi. Sinov ekskursiyasini odatda ijodiy guruh rahbari o‘tkazadi. Sinov ekskursiyasida turfirma rahbarlari, ijodiy guruh a’zolari, to‘garak a’zolari, soha mutaxassislari taklif etiladi. Sinov ekskursiyasi jonli bahs-munozara tarzida o‘tkazilib, ushbu jarayonda kamchiliklar aniqlanadi. Sinov ekskursiyasi ishtirokchilari avvaldan uning asosiy matni, texnologik xaritasi, marshrut sxemasi, «gid portfeli» tarkibi, adabiyotlar ro‘yxati bilan tanishib chiqqan bo‘lishi kerak.
Agar ekskursiyaning asosiy matni, texnologik xaritasi, narxi va foydalilik darajasi ijobiy baholansa, unda ekskursiya muassasasi rahbari yangi ekskursiya mavzusi va uni o‘tkazishga ruxsat olgan gidlar ro‘yxatini tasdiqlash bo‘yicha buyruq chiqaradi. Mavzuni mustaqil tayyorlagan boshqa gidlar keyinchalik mustaqil sinov ekskursiyasini o‘tkazishadi. Ish stajidan qat’iy nazar gid uchun yangi bo‘lgan mavzuda ekskursiya o‘tkazishdan oldin uning qo‘lida individual matn bo‘lishi shart va shundagina rahbariyat buyruq chiqaradi.
Yangi mavzu bo‘yicha ekskursiya tayyorlash murakkab jarayon bo‘lib, unga bir nechta hujjatlar zarur bo‘ladi:
6.2-jadval
Har bir ekskursiya mavzusi uchun zaruriy hujjatlar ro‘yxati
T/r
|
Hujjatning nomi
|
Hujjatning mazmuni
|
1
|
Mavzu bo‘yicha adabiyotlar ro‘yxati
|
Mazkur ekskursiya mavzusini tayyorlash uchun foydalanilgan kitoblar, maqolalar, broshyuralar, davriy nashrlar ro‘yxati beriladi.
|
2
|
Marshrutga kiritilgan ob’ektlar kartochkasi
|
Ekskursiya ob’ektini tavsiflovchi ma’lumotlar bo‘lib, unda ob’ekt nomi, joylashuvi, qisqacha ta’rifi, muallifi va barpo etilgan yili beriladi.
|
3
|
Ekskursiyaning asosiy matni
|
Mavzuni yorituvchi saralangan va manbalarga tayanib tayyorlangan matn. Matn mazmuni mavzuostilar va asosiy savollarni yoritib beradi, tashkiliy qism, xulosa, mantiqiy o‘tishlarga asos bo‘ladi.
|
4
|
Gidning individual matni
|
Uslubiy ishlanmaga mos keladigan aniq bir gid tomonidan tayyorlangan matn.
|
5
|
Marshrut sxemasi
|
Ekskursiya guruhi harakatlanadigan yo‘l alohida varaqda ko‘rsatiladi. Marshrutning boshlanishi va oxirgi nuqtasi, ko‘rsatiladigan ob’ekt to‘xtash joylari belgilangan bo‘ladi.
|
6
|
«Gid portfeli»
|
Chizmalar, namunalar, hujjatlar, rasmlar, xaritalar, reproduksiyalar va fotosuratlar jamlangan papka.
|
7
|
Mavzuning texnologik xaritasi
|
Ekskursiyani o‘tkazish bo‘yicha tavsiyanomalar, ob’ektlarni ko‘rsatish va hikoya qilish usullari beriladi. Ob’ektlarni, ko‘rgazmali vositalarni ko‘rsatish ketma-ketligi aniqlanadi.
|
8
|
Ekskursiya materiallari
|
Referatlar, jadvallar, raqamli ma’lumotlar, hujjatlar nusxasi, adabiyotlardan sitatalar beriladi.
|
9
|
Mavzu bo‘yicha ekskursiya o‘tkazadigan gidlar ro‘yxati
|
Ushbu ro‘yxatda maxsus buyruq bilan tasdiqlangan gidlar kiritiladi.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |