Ekskursiyani olib borish texnikasini aniqlash. Ekskursiyani olib borish texnikasi ekskursiya jarayonining barcha tashkiliy masalalarini o‘z ichiga oladi. Masalan, avtobusli ekskursiya mualliflari ekskursantlar qachon va qayerda ob’ektni ko‘rishga tushadilar, ob’ektlar oralig‘ida qanday harakatlanadilar, «gid portfeli»dagi ko‘rgazmali vositalarni qanday va qachon namoyish etilishini obdon o‘ylab ko‘rib, zaruriy ma’lumotlarni texnologik xaritaning «tashkiliy ko‘rsatmalar» grafasida yozadilar (avtobusni qayerda to‘xtatish, ob’ektni oynadan kuzatish maqsadida qayerda sekinroq haydash, salonda tartib saqlash va sh.k ).
Tanaffuslardan foydalanish, vaqtni unumli sarflash (mavzuostilarni yoritishda, savol javobda), «gid portfeli»dagi vositalarni ko‘rsatish texnikasi, diniy ob’ektlarga kirish tartibi, ob’ektni ko‘rsatishda gidning o‘rni, avtobus harakatida ob’ektni ko‘rsatish va shu kabi muhim masalalarda tavsiyalar ishlab chiqish muhimdir.
6.2. Ekskursiya xizmatining texnologik xaritasini tuzish
Texnologik xarita- bu mazkur ekskursiyani muvafaqqiyatli o‘tkazish, ob’ektlarni samarali ko‘rsatish, ekskursiyani olib borish uslubiyati va texnikasini to‘g‘ri tanlashni ko‘rsatib beruvchi, gidning harakatlarini tartibga soluvchi hujjat bo‘lib, quyidagi talablarga javob berishi kerak:
Gidga mavzuni yoritish yo‘llarini ko‘rsatishi;
Ob’ektlarni ko‘rsatish va hikoya qilishning samarali usullarini ko‘rsatishi;
Ekskursiyaning tashkiliy masalalari bo‘yicha aniq tavsiyalar berishi;
Ob’ektlarni ko‘rsatish va hikoyaning bir-biriga uyg‘unligini ta’minlashi;
Ma’lum ekskursantlar guruhi qiziqishini inobatga olishi kerak.
Texnologik xarita har bir ekskursiya mavzusiga alohida tuziladi. Texnologik xarita variantlarida ekskursantlarning yoshi, kasbi va boshqa qiziqishlari, ekskursiyani olib borishning o‘ziga xos uslubiyati ham o‘z aksini topadi. Texnologik xarita quyidagicha rasmiylashtiriladi: titul varog‘ida: ekskursiya muassasasining nomi, ekskursiya mavzusi, turi, marshrut davomiyligi, masofasi ekskursantlarning tarkibi, tuzuvchilar f.i.sh., ekskursiya tasdiqlangan sanasi yoziladi. Keyingi sahifada ekskursiyaning maqsadi va vazifalari, ob’ektlar va to‘xtash joylari ko‘rsatilgan marshrut sxemasi kiritiladi.
Texnologik xarita 3 bo‘limdan iborat: kirish, asosiy qism va xulosa. Kirish va xulosa qismi grafalarga kiritilmaydi. Masalan, «Samarqand-Sharq gavhari» mavzusidagi ekskursiyani tayyorlashda uslubiy ishlanmaning kirish qismida gidga quyidagi tavsiyalarni berish mumkin: eng avvalo guruh bilan tanishib olish, o‘zini va haydovchini tanishtirish keyin esa avtobusda ekskursantlarning o‘zini tutish qoidalari va maxsus ajratilgan vaqtdagina savol-javob qilish va taassurotlar almashish mumkinligini aytish kerak.
Axborot qismida ekskursiyaning nomi, marshruti, ekskursiya davomiyligi haqida ma’lumot beriladi. Bu qism ekskursantlarning mavzuga qiziqishini uyg‘otadigan darajada yorqin va his-hayajonli bo‘lishi kerak. Uni quyidagicha boshlash mumkin: «Samarqandni shoirlar, tarixchilar «Islom olamining bebaho marvaridi», «Sharq Rimi», «Yer yuzining sayqali» deb atashadi. Samarqand 2500 yildan ziyod boy tarixga egadir. Samarqand Zarafshon daryosi vodiysida geografik qulay joylashganligi sababli «Buyuk ipak yo‘li»ning muhim chorrahasi hisoblangan».
Ekskursiya guruhi to‘planadigan joy buyurtmachi bilan kelishilgan holda belgilanadi, ekskursiyaning boshlanish joyi esa texnologik xaritadan aniqlanadi.
6.1-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |